2. Yuridik xizmatning huquqiy holati.
Tadbirkorlik sohasida faoliyat ko`rsatayotgan yuridik xizmatning xukuqiy maqomi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 martdagi 118-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalardagi yuridik xizmat to`g`risidagi Nizom” va boshqa bir qator qonunlar va me`yoriy hujjatlarda belgilab qo`yilgan.
Shuningdek, yuridik xizmatning huquqiy maqomi tegishli tarmoq va korxonalar faoliyatining o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ichki nizomlar, yuridik xizmat xodimlarining mansab yo`riqnomalari va boshqa huquqiy hujjatlar bilan ham belgilanishi mumkin.
Nizomga muvofiq oliy yuridik ma`lumotga ega bo`lgan shaxs boshqaruv organlarida va mulkchilik shaklidan qat`i nazar korxonalarda yuriskonsult bo`lib ishlashi mumkin. Vazirlik, davlat qo`mitasi, idora va respublikaning boshqa boshqaruv organi yuridik bo`linmasining boshlig`i yoki yuriskonsult lavozimini egallash uchun kamida 5 yillik yuriskonsult ish stajiga ega bo`lish zarur.
Davlat boshqaruv organlari va korxonalar, yosh mutaxassislar va homilador ayollardan tashqari, barcha yuridik xizmat xodimlarini 5 yilda bir marta O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalariga qayta tayyorlash va attestatsiyadan o`tkazish uchun yuborishga majburdirlar.
Respublikamizda ilgari amalda bo`lgan nizomlardan farqli o`laroq 1993 yilgi Nizomda yuridik xizmatning asosiy vazifalari alohida ko`zda tutilmagan. Biroq, xozirgi zamon talablaridan kelib chiqib korxonalar yuridik xizmatining majburiyatlari yanada aniqroq bayon qilingan.
Yuridik xizmat xodimlari O`zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga muvofiq ushbu Nizomda ko`zda tutilgan vazifalarni bajarmaganliklari uchun intizomiy va moddiy javobgardirlar. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi organlari davlat boshqaruv organlari, korxonalarning yuridik xizmat xodimlarini o`tkaziladigan tekshirishlar natijalari bo`yicha ular o`z xizmat vazifalarini bajarmaganliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortish haqida taqdimnoma kiritishga haqlidirlar.
Yuridik xizmat huquqlari va majburiyatlari mustaqil va ularga turli xildagi toifalar sifatida qarab bo`lmaydi. Agar fuqaro davlat tomonidan berilgan u yoki bu huquqdan foydalanish – foydalanmaslikni o`zi hal qilsa, yuridik xizmatga berilgan huquq esa uning davlat oldidagi bajarilishi zarur bo`lgan vazifasi ham hisoblanadi. Masalan, yuridik xizmat o`z korxonasida qonunchilikka amal qilishni tekshirish huquqiga ega bo`libgina qolmay, balki bunday tekshirishlarni amalga oshirishi ham lozimdir. Shu bilan birga yuridik xizmat huquqi korxona ma`muriyati yoki bo`linmasi uchun majburiyat hisoblanadi. Masalan, yuridik xizmatning normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun boshqa bo`linmalar va xizmatlar xodimlarini jalb qilish huquqi bir vaqtning o`zida tegishli bo`linma va xizmatlar rahbarlarining zarur xodimlarni ajratish majburiyati hamdir.
Shuningdek, Nizomning 7 bandida ko`zda tutilgan korxonaning yuridik xizmatni bir maromda ishlashi uchun sharoitlar yaratish majburiyatiga yuridik xizmatning ushbu sharoitni yaratishni talab qilish huquqi sifatida qarash mumkin.
Yuridik xizmat xodimlariga huquqiy ishlarga taalluqli bo`lmagan boshqa ishlarning yuklatilishiga yo`l qo`yilmaydi.
Yuridik xizmatga yuklatilgan vazifalarni bajarishga va unga berilgan huquqlardan foydalanishga mansabdor shaxslar tomonidan qarshilik ko`rsatilishi oqibatida qonunchilikning buzilishiga yo`l qo`yilsa, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetsa, bunday mansabdor shaxslar O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning organlari taqdimnomasi bo`yicha yuridik javobgarlikka tortiladilar.
Shunday qilib, yuridik xizmatning huquqlari, majburiyatlari va mas`uliyatini qonun hujjatlari bilan belgilab berilishi uning huquqiy davlatni shakllantirish va bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o`tish sharoitlarida qonuniylikni ta`minlash borasidagi faoliyatini takomillashtirishda, obro`-e`tiborini va ahamiyatini oshirishda muhim rol o`ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |