MAS’ULIYATI CHEKLANGAN JAMIYAT Siz nomidan keyin MCHJ degan qisqartma yoziladigan korxonalar to‘g‘risida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Masalan, «Coca-Cola Ichimligi» nomidan keyin MCHJ (inglizcha LTD – limited) qisqartmasi mavjud bo‘lib, bu «mas’uliyati cheklangan jamiyat» degan ma’noni anglatadi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) – a’zolari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha faqat o‘zlari qo‘shgan ulush doirasida javobgar bo‘ladigan jamiyat. U bir yoki bir necha jismoniy yoxud yuridik shaxslarning kelishuviga ko‘ra tashkil etilib, yuridik shaxs hisoblanadi.
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
MAS’ULIYATI CHEKLANGAN JAMIYATNING AFZALLIKLARI Mas’uliyati cheklangan jamiyat yakka tartibdagi tadbirkor yoki xususiy korxonadan farqli o‘laroq, ishtirokchilarning ulushini qo‘shish orqali, qisqa muddat ichida katta hajmdagi mablag‘larni jamlash imkoniga ega. Agar xususiy korxonada faqat jismoniy shaxs ta’sischi bo‘la olsa, mas’uliyati cheklangan jamiyatda jismoniy va yuridik shaxslar ta’sischi bo‘lishi mumkin.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchilarining javobgarligi ularning ulushi doirasida cheklanadi. Ishtirokchilar korxona faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart emas. Jamiyatning joriy faoliyatini ta’sischilari tomonidan saylangan yoki tayinlangan direktor boshqaradi.
MAS’ULIYATI CHEKLANGAN JAMIYATNING KAMCHILIKLARI Mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchilari sonining qonunan cheklab qo‘yilishi uning ustav fondini yangi a’zolar hisobiga kengaytirishga to‘sqinlik qiladi. Mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchilari o‘z ulushini erkin sota olmaydi yoki boshqalarga taqdim eta olmaydi. Natijada jamiyat tarkibidan chiqishda ulushning bir qismini yo‘qotishga to‘g‘ri keladi. Bu esa ularning qiziqishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Muhim boshqaruv qarorlarini qabul qilishda barcha ishtirokchilarning roziligini olish sharti mazkur jarayonning cho‘zilib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu boradagi fikrlarning mos kelmasligi noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi riskini vujudga keltiradi.