Birinchi bosqich (50-yillarning oxiri - 70-yillarning o‘rtalari). Bu davr YeIH davlatlari hayotida “oltin asr” hisoblanadi. Unda bojxona ittifoqi belgilangan muddatidan oldin tashkil etildi, yagona agrar bozori yaratildi. YeIHga uchta yangi davlat - Buyuk Britaniya, Daniya va Irlandiya a’zo bo‘lib kirdi. YeIH yoki “Umumiy bozor”ni tashkil qilishning maqsadlari quyidagilardan iborat edi:
- ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdoda asta-sekin barcha to‘siqlarni olib tashlash;
- uchinchi davlatlar bilan savdoda bir xil boj tariflarini o‘rnatish;
- “insonlar, ishchi kuchi, kapital va xizmatlar” ning erkin harakatlanishiga qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlash;
- transport va qishloq xo‘jaligi sohasida umumiy siyosat ishlab chiqish va amalga oshirish;
- valyuta ittifoqi tuzish;
- soliq tizimini unifikatsiya qilish;
- qonunchilikni yaqinlashtirish;
- iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish tamoyillarini ishlab chiqish.
Bularni amalga oshirish maqsadida boshqaruv strukturasi majmui - YeIH Vazirlar Kengashi, Yevropa Hamjamiyati komissiyasi, Yevropa Kengashi, Yevropa Sudi, Yevropa parlamenti tashkil qilindi.
YeIHning birinchi galdagi vazifasi sifatida a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, kapital, xizmatlar va ishchi kuchining umumiy bozorini tashkil qilish vazifasini qo‘yildi. Buning uchun Bojxona ittifoqi tuzildi. Aynan Bojxona itgifoki YeIHning asosi hisoblanadi. Bojxona ittifoqi doirasida quyidagilar amalga oshirildi:
- ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdoda to‘siqlar olib tashlandi;
- uchinchi davlatlarga nisbatan bir xil bojxona tariflari o‘rnatildi;
- kapital, kreditlar, pul ko‘chirmalarining erkin harakatlanishiga sharoit yaratildi;
- ishchi kuchi migratsiyasi erkinligi va turar joy tanlash erkinligi ta’minlandi.
Bu choralar YeIHga a’zo davlatlari o‘rtasida sanoat integratsiyasining tezlashishiga imkon berdi. Ayni bir paytda a’zo davlatlarda kompensatsion yig‘imlar va qishloq xo‘jaligi fondi orqali moliyalashtirish yordamida, umumiy proteksionizm siyosatini qo‘llash yo‘li bilan agrar sohaning integratsiyalashuvini amalga oshirishga harakat qilindi. YeI doirasidagi agrar siyosat YeIga a’zo davlatlarning asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun bir xil minimal narx o‘rnatishni kafolatlaydigan yagona narxlar tizimiga asoslanadi. Umumiy bozorning shakllanishi YeIH davlatlarining milliy monopoliyalarini transmilliy korporatsiyalarga aylanish jarayonini tezlashtirdi, hamkor davlatlar iqtisodiyotiga kirishga imkon yaratdi. YeIHni rivojlanishi Hamjamiyatga a’zo-davlatlarning yopiq milliy xo‘jalikdan tashqi bozorga yuzlangan ochiq tipdagi iqtisodiyotga intensiv ravishda o‘tishini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |