Aholi geografiyasi va demografiya. Andijon viloyatining eng muhim geografik jihati bu yerda aholining zich joylashuvidir. Aholi soni keyingi ¼ asr mobaynida 1,5 marta ko‘paygan. Bu esa aholi zichligining yanada ko‘tarilishiga olib kelgan. Hozirgi vaqtda qishloq tumanlarining aholisi Bo‘z tumanidan 64,0 ming kishidan SHahrixon tumanidagi 265,1 ming kishigacha farq qiladi (tafovut 4.14 ga barobar). SHahrixon tumani o‘zining demografik salohiyati bo‘yicha mamlakatimizning bu boradagi eng yirik hududlari qatoriga kiradi.
Aholi dinamikasi nuqtai nazaridan ko‘rilayotgan davrda SHahrixon, Asaka, Bo‘z, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida o‘sish ancha yuqori bo‘lgan. SHuningdek, bu o‘sish Marhamat tumanida ham yuqoriroq. Ayni vaqtda demografik o‘sish ko‘rsatkichi Baliqchi, Paxtaobod va Oltinko‘l tumanlarida birmuncha past. Xo‘jaobod tumanidagi aholi sonining 1989 yilga nisbatan kamayishi uning tarkibidan Buloqboshi tumanini ajralib chiqishi sababli yuz bergan.
Viloyat bo‘yicha aholi zichligi 1 kv kmga 652 kishi - bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun MDH mamlakatlari bo‘yicha ham eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Asaka tumani esa, Asaka shahri tumanga bo‘ysinuvchi maqomga tushirilganidan so‘ng (2010 y.) O‘zbekistonda aholi zichligi bo‘yicha eng oldingi o‘ringa chiqib oldi – 1 kv.km.ga 1113 kishi. SHaxrixonda zichlik 914 kishi – bu ham respublikamizda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. SHu bilan birga zichlik Oltinko‘l, Buloqboshi, Izboskan tumanlarida ham yuqori, faqat yangi o‘zlashtirilgan cho‘l hududlarda - Ulug‘nor va Bo‘zda u nisbatan past. Biroq ularning ko‘rsatkichlari ham mamlakat o‘rtacha darajasidan 2-3 marta ziyod.
Ko‘rinib turibdiki, viloyat hududida antropogen bosim, demografik yuk nihoyatda yuqori. Bunday demografik vaziyat qator muammolarni, jumladan, milliy xalq an’analaridan kelib chiqqan holda uy-joy bilan ta’minlanish, fermer xo‘jaliklarini optimallashtirish kabi sohalarda muayyan qiyinchiliklarga olib keladi.
Tahlillar ko‘rsatishicha, viloyatda aholining o‘sish sur’ati mamlakatimizning ba’zi mintaqalari, masalan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax kabi viloyatlariga qaraganda, so‘nggi yillarda biroz past. SHunga qaramasdan viloyataholisining soni bir yilda o‘rtacha 60 ming kishidanga ortib bormoqda. Boshqa hududlarda bo‘lganidek, bu yerda ham aholi sonining o‘sishi to‘liq tabiiy ko‘payish asosida bo‘lmoqda. 2013 yilda har 1000 kishiga nisbatan tug‘ilish 23,0, o‘lim 5,1 promilleni, tabiiy ko‘payish 17,9 ‰ yoki 1,79 foizni tashkil qilgan. Bu borada eng so‘nggi yillarda tug‘ilish va tabiiy ko‘payish ko‘rsatkichlarining yuqorilab borishi kuzatilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |