4. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash tartibi va to‘lash muddatlari
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilar tomonidan, dehqon xo‘jaliklari (yuridik shaxs tashkil etadigan va tashkil etmaydigan)dan tashqari, tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha amalda olingan soliqqa tortiladigan suv hajmidan kelib chiqib hisoblanadi.
Dehqon xo‘jaliklari (yuridik shaxs tashkil etadigan va yuridik shaxs tashkil etmaydigan) uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq davlat soliq xizmati organlari tomonidan umuman xo‘jalik bo‘yicha o‘tgan yilda 1 ga sug‘oriladigan yerga sarflangan suv hajmidan kelib chiqib hisoblanadi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha hisob-kitob:
1) yuridik shaxslar (dehqon xo‘jaliklari, mikrofirmalar va kichik korxonalardan tashqari) tomonidan soliq qonunchiligiga muvofiq shakl (15-ilovadagi shakl bo‘yicha) bo‘yicha soliqni to‘lash uchun belgilangan muddatda;
2) mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan - birinchi chorak, yarim yillik, 9 oy yakunlari bo‘yicha hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmasdan soliq qonunchiligiga muvofiq shakl bo‘yicha oyma-oy taqsimlangan holda, yil yakunlari bo‘yicha esa - yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda;
3) tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) tomonidan soliq qonunchiligiga muvofiq shakl bo‘yicha (15-ilovadagi shakl bo‘yicha) soliqni to‘lash uchun belgilangan muddatda davlat soliq xizmati organlariga o‘sib boruvchi yakun bilan taqdim etiladi.
Dehqon xo‘jaliklariga (yuridik shaxs tashkil etadigan va yuridik shaxs tashkil etmaydigan) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash to‘g‘risida to‘lov xabarnomalari davlat soliq xizmati organlari tomonidan joriy yilning 1 mayidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Suvni markazlashtirilgan vodoprovod tarmog‘idan oladigan yuridik shaxslar "Suvoqava" tizimi korxonalari bilan solishtirish jarayonida olingan suv hajmini aniqlashtirish chog‘ida suv hajmidagi farqni solishtirish amalga oshirilgan davr uchun hisob-kitoblarda aks ettiradilar.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq quyidagi muddatlarda to‘lanadi:
1. Yuridik shaxslar tomonidan (qishloq xo‘jaligi korxonalari va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) - har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunigacha;
2. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tomonidan (dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) - har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunigacha.
3. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning umumiy summasi chorakda eng kam ish haqining ellik baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan yuridik shaxslar soliqni chorakda bir marta, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay to‘laydilar. Bunda, mikrofirmalar va kichik korxonalar hisob-kitoblarni soliq qonunchiligiga muvofiq shaklda taqdim etadilar.
Soliq to‘lovchilar (qishloq xo‘jalik korxonalaridan tashqari) joriy yilning 15 yanvariga qadar suvdan foydalanish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga soliqni belgilangan limitdan kelib chiqib yoki suv yetkazib berish shartnomasiga ko‘ra har oyda yoki har chorakda to‘lashlari to‘g‘risida bildiruvnoma yuboradilar.
4. Yagona yer solig‘ini to‘lashga o‘tmagan qishloq xo‘jalik korxonalari va dehqon xo‘jaliklari (yuridik shaxs tashkil etadigan va yuridik shaxs tashkil etmaydigan) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni yilda bir marta - hisobot yilining 15 dekabriga qadar to‘laydilar.
Yagona yer solig‘ini to‘lashga o‘tmagan qishloq xo‘jalik korxonalari boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydalangan suv hajmini olingan suvning umumiy hajmidan chiqarib tashlaydilar, bunda 1 gektar sug‘oriladigan yerni sug‘orishga suv sarfining umuman xo‘jalik bo‘yicha o‘rtacha miqdoridan kelib chiqiladi. Soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha soliq summalari to‘langan taqdirda, soliqlar, yig‘imlarning boshqa turlari bo‘yicha qarz mavjud bo‘lmasa, ushbu summalar soliq to‘lovchiga uning yozma arizasi bo‘yicha o‘ttiz kun ichida qaytariladi yoki bo‘lg‘usi to‘lovlar hisobi o‘tkaziladi.
Suv yer osti va yuzadagi manbalardan kelib tushadigan suv tarmog‘idagi suvdan foydalanilganda soliq manbalar bo‘yicha belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblanadi. Shahar va tumanlarning davlat soliq xizmati organlari suv yetkazib beruvchi korxonalardan vodoprovod tarmog‘iga yuzadagi va yer osti manbalaridan kelib tushadigan suv hajmlari nisbati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olishlari va mazkur ma'lumotlarni soliq to‘lovchilarga yetkazishlari kerak.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan binolar bir qismi, ayrim xonalar boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga topshirilganida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni "Suvoqava" tizimi korxonalari yoki suv xo‘jaligi organlari yoxud boshqa korxonalar bilan suv yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzgan ijaraga beruvchilar to‘laydilar.
Bino (xona)ni ijaraga olgan va o‘zlari suv yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzgan yuridik shaxslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni mustaqil ravishda to‘laydilar. Amaldagi korxonalar va tashkilotlar hududida ta'mirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajaradigan yuridik shaxslar ushbu ishlarni bajarish jarayonida foydalaniladigan suv uchun soliq to‘lamaydilar. Ta'mirlash-qurilish va boshqa ishlarni bajarish chog‘ida foydalaniladigan suv hajmi uchun soliqni ular uchun ushbu ishlar bajariladigan korxona va tashkilotlar to‘laydilar. Yangi qurilish maydonchasida qurilish ishlarini bajarish chog‘ida qurilish paytida foydalaniladigan suv hajmi uchun soliqni qurilish tashkiloti to‘laydi.
Mulkchilik va bo‘ysunish shaklidan qat'i nazar issiq suv va bug‘ uzatuvchi korxonalar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni ular tomonidan yuzadagi va yer osti manbalaridan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun ishlatilgan suv resurslari hajmi uchun to‘laydilar.
Yuridik shaxslarning byudjet bilan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha hisob-kitoblarining buxgalteriya hisobi byudjetga to‘lovlar bo‘yicha (turlar bo‘yicha) qarzlarni hisobga olish hisobvarag‘ida yuritiladi.
1. Hisoblab yozilgan soliq summasi quyidagicha aks ettiriladi: davr xarajatlarini hisobga olish hisobvarag‘i debeti; byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga olish hisobvarag‘i krediti.
2. Byudjetga o‘tkazilgan soliq summalari quyidagicha aks ettiriladi: byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga olish hisobvarag‘i debeti; pul mablag‘larini hisobga olish hisobvarag‘i krediti.
Soliq to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari ustidan davlat soliq xizmatining yuqori organlari yoki sudga shikoyat qilish huquqiga egalar.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning to‘g‘ri hisoblash va to‘lanishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |