TIZIMLARNING BO‘LINMASLIGIGA MISOL: LANGUST KO‘ZLARI
Er yuzidagi barcha jonzotlar turlicha ko‘zlarga ega. Bizga umurtqalilarga xos bo‘lgan ko‘zning faqat “kamerali” turi ma’lum. Bunday tuzilishdagi ko‘z nurning sinishi tamoyili asosida ishlaydi. Yorug‘lik nuri tashqaridan ko‘zning old qismida joylashgan linza (xrustalik) da sinadi va buning natijasida ko‘zning orqa devorida jilvalanadi. Biroq ba’zi jonli mavjudotlarning ko‘zlari mutlaqo boshqacha shakldagi qurilishga ega. Masalan, langust — dengiz qisqichbaqasining ko‘zlari nurning sinishi tamoyili asosida emas, balki uning akslanishi tamoyiliga muvofiq ishlaydi.
Langust ko‘zlarining birinchi qiziq xususiyati shundaki, ularning yuzasi bo‘ylab juda ko‘p sonli kvadratchalar joylashgan. Bu kvadratchalar, rasmda ko‘rib turganimizdek, qat’iy tartib bilan joylashtirilgan. Amerikalik biolog Xartlayn “Science” (“Fan”) jurnalidagi o‘zining maqolalaridan birida shunday yozadi:
“Dengiz qisqichbaqasi menga shu paytgacha ko‘rgan boshqa jonli mavjudotlardan farqli ravishda to‘g‘ri to‘rtburchakni kamroq eslatadi. Ammo uning ko‘zlari mikroskop ostida xuddi mukammal chizmaga o‘xshaydi”.2
Langust ko‘zlarini qoplagan bu bir tekis kvadratchalar aslida kvadrat linzalarning old qismidir. Bunday konstruktsiyani asalari uyalari bilan qiyoslash mumkin. Uyalarga qarasangiz, ular sizga olti burchakli yuzalardan tashkil topgandek tuyuladi. Ammo bu olti burchakli yuzalar ichkariga qarab botib ketadigan olti burchakli prizmalarning tashqi qismi xolos. Langust ko‘zlarining farqi shuki, unda burchaklar oltita emas, balki to‘rtta.
Dengiz qisqichbaqasi (langust) ko‘zlarining yuzasi tekis kvadratchalardan tashkil topgan. Bu tep-tekis kvadratlarning har biri aslida kvadrat prizmaning bir chetidir. Har bir kvadrat prizmaning ichki qismi esa ko‘zgu tamoyiliga asosan qurilgan. Ko‘zguli qism nurni kuchaytirib aks ettiradi. Nur ko‘zning orqa tarafida joylashgan setchatka (ko‘zning yorug‘likni sezuvchi hujayralarga ega bo‘lgan ichki yuzasi — tarj.) ga juda aniq tushib turadi. Ko‘zni o‘rab turgan prizmalar shunday burchak ostida joylashtirilganki, natijada yorug‘lik nuri bitta nuqtaga tushadi.
Qizig‘i shundaki, kvadrat prizmalardagi ichki yuzalarning har biri ko‘zgu tamoyili asosida qurilgan va bu ko‘zgular yorug‘lik nurini juda kuchli akslantiradi. G‘oyaning eng buyuk jihati ko‘zgulardan akslangan nurni ko‘zning ort qismida joylashgan setchatka (ko‘zning yorug‘likni sezuvchi hujayralarga ega bo‘lgan ichki yuzasi — tarj.) ga aniq yo‘naltirishda namoyon bo‘ladi. Ko‘z ichidagi prizmalar shunday burchak ostida joylashganki, ularning hammasi nurni bexatolik bilan bitta yagona nuqtaga yo‘naltiradi.
Albatta, bunday tuzilish naqadar ajoyib ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Kameralarning bir tekis kvadrat shaklidagi ichki qismlari ko‘zgu xususiyatiga ega bo‘lgan teri bilan qoplangan. Bundan tashqari, ushbu kameralarning har biri yorug‘lik nurini bitta nuqtaga tushirishi uchun juda aniq geometrik hisob-kitoblar asosida yaratilgan.
Angliyaning Sasseks universiteti xodimi Maykl Lend — langust ko‘zlari qurilishini batafsil tadqiq qilgan birinchi olim. Lend bu jonzotning ko‘zlarida hayratlanarli bir g‘oya ro‘yobga chiqqan.3
Shunisi aniqki, evolyutsiya nazariyasi nuqtai nazaridan ko‘zning bunday tuzilishi ko‘plab savollar uyg‘otadi. Avvalo, ko‘zlar tizimlarning bo‘linmasligi xususiyatiga ega. Agar ko‘zlarning old qismida kvadrat kameralar bo‘lmaganida, yoki bu kameralar nurni aks ettirish xossasiga ega bo‘lmaganida, yoki agar ko‘zlarning orqa qismida setchatka joylashmaganida, ular o‘z vazifasini bajara olmasdi. Shu sababli, langust ko‘zlari bosqichma-bosqich rivojlanib borgan, deyish mumkin emas. Bunday ajib g‘oya tasodifan ro‘yobga chiqqan, deb o‘ylash ham mutlaqo mantiqsizdir. Shu qadar mukammal tizimga ega bo‘lgan langust ko‘zlari yaratilganligi shubhasizdir.
Langust ko‘zlari qurilishining evolyutsiya nazariyasi qoiunlariga shubha bilan qarashga asos bo‘luvchi boshqa xususiyatlari ham bor. Agar jonli mavjudotlardan yana qaysi birining ko‘zlari shunday aniqlik bilan tuzilganini aniqlashga harakat qilib ko‘rsak, oldimizda qiziq manzara hosil bo‘ladi. Yorug‘lik nurini akslantirish tamoyiliga asoslangan ko‘z tuzilishi faqatgina qisqichbaqasimonlar sinfidagi bo‘g‘imoyoqlilar turidagi dengiz jonzotlariga xos. Bu turga har xil qisqichbaqalar kiradi.
Qisqichbaqasimonlar sinfidagi boshqa jonzotlarda nurning sinishi tamoyili asosida tuzilgan ko‘zlar kuzatiladi va ular nurni akslantiruvchi ko‘z tuzilishidan umuman boshqacha. Bu turdagilar ko‘zlarining ichida ko‘plab chuqurchalar bo‘ladi. Biroq, bu chuqurchalar oltiburchakli yoki dumaloq shaklda bo‘lib, qisqichbaqa ko‘zlaridagi kvadratchalardan mutlaqo farq qiladi. Yanayam ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu chuqurchalar ichida ham linzalar bor. Ammo ular nurni akslantirmaydi, balki sindiradi. Linzalar nurni sindirgan holda setchatkaga uzatib beradi.
Qisqichbaqasimonlar sinfidagi aksariyat jonzotlarning ko‘zlari aynan nurni sindiruvchi linzalar asosida ishlaydi. Bu jonzotlarning ikkitasidagina — qisqichbaqa va krevetkada ko‘zlar ko‘zgu shaklida qurilgan. Ammo, evolyutsiya nazariyasi tarafdorlarining fikricha, barcha jonli organizmlar, shu jumladan, qisqichbaqasimonlar ham bitta jonzotdan tarqagan bo‘lishi kerak edi. Agar biz bu ta’kidni qabul qilsak, nurni akslantirish tamoyiliga asoslangan ko‘zlar nurni sindirish yo‘li bilan ishlovchi linzalar asosidagi ko‘zlardan kelib chiqqan, degan taxminni ham qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Biroq bunday transformatsiyaning imkoni yo‘q. Chunki ko‘zlarning har ikkala konstruktsiyasi o‘z tizimi doirasida mukammal ishlayapti va hech qanday “oraliq pog‘ona” ularni yaxshilay olmaydi. Qisqichbaqasimon jonzot ko‘zidagi linza asta-sekin yo‘qolib, uning o‘rnida ko‘zguli yuza hosil bo‘lishi natijasida u avvalgi ko‘rish qobiliyatidan ham ajraladi va oqibatda, tabiiy tanlanish jarayonida yo‘q bo‘lib ketadi. (Darvinning evolyutsiya nazariyasiga ko‘ra, har bir jonli mavjudot yuz minglab yillar davomida boshqa bir jonzotning yanada rivojlanishi natijasida kelib chiqqan. Xususan, odam maymunning asta-sekin taraqqiy etishi oqibatida paydo bo‘lgan. Darvin nazariyasida bu rivojlanishlarning hammasi tasodifiy bo‘lgani aytiladi. Ana shu million-million yillar mobaynida turli sabablar tufayli rivojlanolmay qolgan jonzotlar qirilib ketgan. Masalan, evolyutsiya nazariyasiga ko‘ra, dinozavrlar Yer sayyorasining sovib ketishi natijasida yo‘q bo‘lib ketgan. Bu “tabiiy tanlanish jarayoni” deb ataladi. — tarj.)
Shubhasiz, ko‘zlarning bir-biridan farq qiluvchi har ikki konstruktsiyasi ikki xil reja asosida yaratilgan. Ko‘zlar geometriya nuqtai nazaridan shu qadar aniqki, bularning barchasini tasodifga yo‘yish butunlay bema’nilikdir. Mo‘jizaviy san’at ifodasi bo‘lgan boshqa barcha jonzotlar singari langust ko‘zlari ham bizga Yaratuvchining naqadar mukammal va cheksiz ijodkorlik qudratiga ega ekanligidan dalolat beradi. Bu Buyuk Allohning cheksiz bilimi, aqli va qudratining namoyon bo‘lishidir. Hayvonot dunyosining qaysi bir qismiga murojaat qilmaylik, biz ana shunday mo‘jizalarga duch kelaveramiz.
Rus tilidan Botirjon G‘ofurov tarjimasi. Kitobdagi Qur’oni Karim oyatlarini bayon etishda Alouddin Mansur tarjimasidan foydalanildi.
___________________________
1 Charles Darwin, The Origin of Species: A Facsimile of the First Edition, Harvard University Press, 1964, s. 189
2 B.K. Hartline, «Lobster-Eye X-ray Telescope Envisioned,» Science, say 207, s. 47
3 Machael F. Land, «Superposition Images Are Formed byReflection in Eyes of Some Oceanic Decapod Crustacea», Nature, say 263, s. 764-765
Do'stlaringiz bilan baham: |