Tayanch iboralar
Kirishish, musbat kirishish, manfiy kirishish, majburiy-kirishish, pardozlash, kengaytirish, bug‘lash, maxsus kirishtirish, suyuqlik konsentrasiyasi
Nazorat savollari
1. Tо‘qimachilik materiallarining kirishishi.
2. Tо‘qimachilik materiallarining kirishish sabablari.
3. Tо‘qimachilik materiallarining kirishishini aniqlash usullari.
II BOB. GAZLAMA, NOTO’QIMA MATOLAR ASSORTIMENTI VA QO’SHIMCHA MATERIYALLAR
2.1-§. Gazlamalar assortimenti
Gazlamalarning turlari assortiment so‘zi bilan belgilanadi. Assortiment - bu inglizcha so‘z bo‘lib, u “kompleks” yoki “to‘plam” ma’nosini bildiradi.
Turli ishlanishdagi va vazifadagi gazlamalarning biror bir jinsli belgisiga ko‘ra jamlanuviga assortiment deyiladi.
Ishlab chiqarish usuliga ko‘ra tikuvchilik materiallari to‘qima (gazlamalar), trikotaj, noto‘qima va boshqa materiallarga bo‘linadi. Shundan tikuvchilikda eng keng qo‘llaniluvchi gazlamalardir. Tikuv korxonalarida turli artikuldagi gazlamalar ishlatiladi.
Artikul - bu materialning shartli belgisi. Odatda u raqamlar majmuasi bo‘lib, belgilangan materialni tavsiflaydi. Har bir artikuldagi gazlama boshqa gazlamalardan o‘z ko‘rsatkichlari bilan farq qiladi. Demak, agar gazlamaning ko‘rsatkichlari o‘zgarsa, uning artikuli ham o‘zgaradi.
To‘quvchilik materiallari ikkita hujjatga asosan tasniflanadi: davlat standartlari va narxlar majmuasi bo‘yicha.
Gazlamalarning davlat standartlari bo‘yicha tasnifining asosiy belgisi qilib ularni ishlatilish maqsadi va tolali tarkibi nazarda tutilgan.
4.3-78 raqamli davlat standartida paxta tolali gazlamalarni ishlatilish maqsadiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:
1 - ichki kiyimlar uchun mo‘ljallangan gazlamalar.
2 - choyshab uchun mo‘ljallangan gazlamalar.
3-dasturxon va salfetkalar uchun mo‘ljallangan gazlamalar.
4 - sochiq va ro‘mollar uchun mo‘ljallangan gazlamalar.
5 - ko‘ylakbop gazlamalar.
6 - kostyumbop gazlamalar.
7 - paltobop gazlamalar.
8 - astarbop gazlamalar.
9 - qat uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
10 - javonsozlikda ishlatiladigan gazlamalar.
11 - ko‘rpa-to‘shaklar uchun ishlatiladigan gazlamalar va shuningdek zig‘ir tolali gazlamalar.
4.4-83 raqamli standarti bo‘yicha ularning ishlatilishi maqsadiga ko‘ra quyidagilar:
1 - oshxonalarda ishlatiluvchi gazlamalar.
2 - choyshab uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
3 - sochiqlar uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
4 - kiyimlar uchun ishlatiluvchi gazlamlar.
5 - javonsozlikda ishlatiluvchi gazlamalar.
6 - qat sifatida ishlatiluvchi gazlamalar (bortovkalar).
4.5-83 raqamli davlat standartida jun gazlamalarning standart tasnifi berilgan. Jun gazlamalarning tasnifi ularning ishlatilishi maqsadiga ko‘ra quyidagilar:
1 - ko‘ylakbop gazlamalar.
2 - kostyumbop gazlamalar.
3 - paltobop gazlamalar.
4 - ro‘mol, sharflar va dasturxonlar uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
5 - astarbop gazlamalar.
6 - jun ko‘rpalar.
4.6-85 raqamli standartiga ko‘ra ipak gazlamalari o‘z ishlatilish maqsadiga asosan quyidagilarga bo‘linadi:
1 - ayollar ko‘ylagi va kostyumlari uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
2 - ichki ko‘ylaklar uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
3 - erkaklar ko‘ylaklari uchun ishlatiluvchi gazlamalar.
4 - javonsozlikda ishlatiluvchi gazlamalar.
5 - astarbop gazlamalar.
6 - tukli gazlamalar.
Yuqorida keltirilgan guruhlarning ayrimlari o‘z navbatida guruhchalarga bo‘linadi. Masalan, paxta tolali kostyumbop gazlamalar guruhi kostyumlar, shimlar, yubkalar va sport kiyimlarini tikish uchun mo‘ljallangan gazlamalar guruhchalaridan iborat. Ipak tolali tukli gazlamalar guruhi ko‘ylakbop duxoba, poyabzalbop duxoba, kiyimbop baxmal va o‘yinchoqlar uchun mo‘ljallangan baxmal guruhchalariga bo‘linadi.
Gazlamalarning standart tasnifi ularning ishlatilish maqsadidan tashqari boshqa belgilariga ham asoslangan. Masalan, tolali tarkibiga nisbatan ip gazlamalari sof paxta tolasidan ishlab chiqarilgan; paxta tolasi bilan boshqa tolalar aralashmasidan ishlab chiqarilgan; tanda iplar paxta tolasidan olingan iplardan, arqog’i esa sun’iy iplardan ishlab chiqarilgan; paxta tolasidan olingan iplarni boshqa turdagi kompleks iplar bilan qo‘shib ishlab chiqarilgan gazlamalarga bo‘linadi.
Zig‘ir tolasidan olinuvchi gazlamalarning tolali tarkibi bo‘yicha sinflanishi quyidagicha bo‘ladi:
- sof zig‘ir tolali;
- zig‘ir tolali;
- yarim zig‘ir tolali.
Agar gazlamaning tarkibi 100 foiz zig‘ir tolasidan iborat bo‘lgan ipdan ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bunday gazlamalar sof zig‘ir tolali gazlamalar deb ataladi. Agar tarkibi 92 foizdan kam bo‘lmagan zig‘ir tolali ipdan ishlab chiqarilgan gazlama bo‘lsa, bunday gazlamalar zig‘ir tolali gazlama deyiladi. Tolali tarkibi 30 foizdan kam bo‘lmagan zig‘ir tola bilan boshqa tolalar bilan aralashmasidan olingan iplardan ishlab chiqarilgan gazlamalar yarim zig‘ir tolali gazlamalar deb ataladi. Zig‘ir va paxta tolalari aralashmasidan choyshabbop, sochiqbop, dasturxonlar uchun ishlab chiqarilgan gazlamalarda ularning miqdori 92 foizdan kam bo‘lmasigi lozim.
Jun gazlamalari tolali tarkibiga asosan sof jun gazlamalari va yarim jun gazlamalarga bo‘linadi. Sof junli gazlamalarning tarkibida 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan boshqa turdagi tolalar bo‘lishi mumkin. Bu tolalar gazlamaning tashqi ko‘rinishini bezatish uchun qo‘shiladi. YArim junli gazlamalarning tarkibidagi jun tolasi 20 foizdan kam bo‘lmasligi kerak.
Ipak gazlamalar o‘zining xom ashyosi tarkibiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:
1. Tabiiy ipakdan olingan gazlamalar.
2.Tabiiy ipak bilan boshqa tolalardan ishlab chiqarilgan iplardan olingan gazlamalar.
3. Sun’iy ipakdan olingan gazlamalar.
4.Sun’iy ipak bilan boshqa tolalardan ishlab chiqarilgan iplardan olingan gazlamalar.
5. Sintetik ipakdan olingan gazlamalar.
6. Sintetik ipak bilan boshqa tolalardan ishlab chiqarilgan iplardan olingan gazlamalar.
Standart tasnifida gazlamalarning ishlatilish maqsadi va tolali tarkibidan tashqari boshqa xossalar ham nazarda tutilgan. Gazlamalarning o‘rilishi (oddiy, mayda gulli, murakkab, yirik gulli), gazlamani ishlab chiqarishda ishlatilgan iplarning olinish usuli (kard yigirish usulida, qayta tarash usulida yoki apparat usulida ishlab chiqarilgan iplar), pardozlanish (oqartirilgan, sidirg‘a rangli, gul bosilgan) va hokazolarni aytish mumkin.
Gazlamalarning bunday batafsil tasniflanishi nihoyatda muhim, chunki u gazlamalarga qo‘yiladigan talablarni to‘g‘ri tanlashda yurdam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |