O’simliklardagi gidraturaning ahamiyati. O‘simliklar evolyutsiya davomida o‘zining yashash joyiga xos bo‘lgan suv bilan ta’minlanish sharoitiga moslashgan bo‘lishi kerak. Yashash joyida namlnk qancha kam bo‘lsa, o‘simliklarning suv tanqisligiga moslashuvi shuncha murakkab bo‘ladi. O‘simliklar o‘z tanasini tuzilishi uchun transpiratsiya tufayli o‘zidan chiqaradigan suvga qaraganda kam suv talab qiladi. Suvning asosiy roli sitoplazmani ma’lum gidratura holatida, suv bilan to‘la ta’minlangan holatda saqlab turishdan iborat. Gidratura haqidagi tushuncha birinchi marta 1931 yilda G. Valter tomonidan kiritilgan. Agar suv erkin holatda (masalan, suv bug‘lari bilan to‘yingan havodagi suv yoki distillangan suv) bo‘lsa, u vaqtda gidratura eng yuqori darajada (100% gacha) bo‘ladi. Havodagi suv bug‘lari kamayganda yoki hujayra eritmasidagi osmotik aktiv moddalar konsentratsiyasi ortganda gidratura pasayadi. Hujayra shirasining potensial osmotik bosimi hujayra ichidagi suvning holatini harakterlaydi. Hujayra sirtidagi gidratura esa hujayraning suv potensialiga aynan mos keladi (Larxer, 1978).
Tuban o‘simliklarning suv bilan ta’minlanishi fiziologik va evolyutsion-morfologik planda ancha past pog‘onada turadi. Ular hujayralarining gidraturasi amalda tashqi muhit gidraturasidan farq qilmaydi va ana shu muhitning o‘zgaruvchan namligiga butunlay bog‘liq bo‘ladi. Bunday o‘simliklar «poykilogidrik» o‘simliklar deb ataladi.
Yuksak o‘simliklar, ayniqsa, yopiq urug‘lilar evolyutsiya protsessida gidraturaning yuqori darajadagi ahamiyatidan foydalanish, o‘z hujayrasi sitoplazmasini muhitning quruq sharoitida suv bilan ta’minlash qobiliyatini orttirgan. Shuning uchun ular «g‘oliblar» deb hisoblanadi. Yuksak o‘simliklarda, ayniqsa gulli o‘simliklarda hujayra shirasining sitoplazma gidraturasi bilan tashqi muhit gidraturasining nisbatini aktiv tartibga solib turuvchi osmotik bosimi sitoplazma darajasi hisoblanadi. Shuning uchun ularni «gomoyogidrik», ya’ni mustaqil namlanuvnilar deb atash qabul qilingan. Bunday o‘simliklar sitoplazmasining gidraturasi uning suvga to‘yinish darajasiga bog‘liq, ya’ni hujayra shirasi vokuolining gidraturasiga teng bo‘ladi.
Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerakki atmosfera ma’lum darajada quruq bo‘lgan sharoitda o‘simliklar doim, birinchi navbatda, transpiratsiya protsessi tufayli suv yo‘qotib turadi, uning o‘rnini tuproqdan suv shimib to‘ldirib boradi. Ayniqsa fotosintez protsessi boradigan kunduzgi soatlarda suv ko‘p yo‘qotiladi. Shunga ko‘ra, bu protsesslar bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lib transpiratsiya protsessi to‘xtaganda, barglardagi og‘izchalar bekilib qolib, fotosintez protsessi ham o‘z-o‘zidan to‘xtaydi. O‘simliklarning qiyin sharoitdagi suv tanqisligiga moslashuvi gidratura xolati ma’lum darajada saqlab turilgandagina, buning ustiga o‘simliklar nafas olish vaqtida sarflanganidan ko‘proq moddalar ishlab chiqargandagina foydali bo‘lishi mumkin. Demak, gidratura chegarasi hujayra shirasi osmotik bosimining optimal (muayyan tur uchun tipik bo‘lgan) va maksimal darajasi bilan belgilanadi bu esa so‘rish kuchining tegishli qiymatlarini ifodalaydi. Hujayra shirasi osmotik bosimining (so‘rish kuchining) maksimal va optimal darajalari orasidagi amplituda qancha katta va keng bo‘lsa, o‘simliklarning muhit sharoitiga moslashish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.
Lekin osmotik bosimning barqarorligi, ya’ni o‘simliklarning mazkur yashash joyi sharoitida o‘z gidraturasini ma’lum darajada uzoq vaqt saqlab turish xususiyati ham katta ahamiyatga ega. Bu esa bir necha yo‘l bilan amalga oshadi. Chunonchi, tuproqning chuqur namli qavatiga yetadigan darajada ildiz sistemasi hosil qilishi yoki transpiratsiya protsessidagi suv sarfini kamaytirish yoki bo‘lmasa kaktus va umuman sukkulentlardagi kabi, o‘simliklar to‘qimasida suv zapasi hosil bo‘lishi va boshqalar. Shunga ko‘ra, osmotik bosimning optimal va maksimal darajalari o‘rtasidagi amplituda kichik va diapazoni tor bo‘lgan o‘simlik turlari stenogidriklar deb ataladi. Agar mazkur turning optimal va maksimal osmotik bosimi orasidagi diapazon keng bo‘lsa, u holda bu tur o‘simlik evrigidrik o‘simlik deb ataladi. Osmotik bosimini (so‘ruvchi kuchini) ma’lum darajada saqlab turish uchun katta imkoniyatga ega bo‘lgan, boshqacha aytganda, birmuncha doimiy osmotik bosimli o‘simliklar gidrostabil (izogidrik) o‘simliklar deb, osmotik bosimni ma’lum darajada saqlab turish uchun kam imkoniyatga ega bo‘lgan, ya’ni o‘zgaruvchan osmotik bosimli o‘simliklar gidrolabil (anizogidrik) o‘simliklar deb ataladi. Gidrolabil turlar, odatda, bir vaqtda ham evrigidrpklardir. Keltirilgan «suv balansi sistemasi» Щtoker tomonidan ashщlangan (1956).
Do'stlaringiz bilan baham: |