gidrotsikl (suv mototsikli) — ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan, suv yuzasi bo‘yicha sirpanish yo‘li bilan harakat qilishga mo‘ljallangan tez yurar maxsus suv transporti vositasi;
suzish joyi — kema turi va modelini inobatga olib kemalarda suzishga ruxsat etilgan suv havzasi hududi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan kichik hajmli kemalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
asosiy dvigatellar quvvati 55 kVtdan (75 ot kuchi) va yo‘lovchi sig‘imi 12 kishidan ortiq bo‘lmagan o‘ziyurar kemalar;
quvvati va dvigateli sonidan qat’i nazar, osma motorli kemalar;
gidrotsikllar (suv mototsikllari);
yuk ko‘tarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq bo‘lmagan o‘zi yurmas boshqa suzuvchi obyektlar;
shishiriladigan motorsiz, eshkakli qayiqlar.
Kichik hajmli kemalar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasida (bundan buyon Inspeksiya deb yuritiladi) belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, motorli kemalar va eshkakli qayiqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobi va kema biletiga tegishli yozuvlar kiritilishi lozim.
Inspeksiya tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan va texnik ko‘rikdan o‘tmagan kichik hajmli kemadan foydalanish taqiqlanadi.
Suv havzalarining alohida qismlarida kichik hajmli kemalardan foydalanish cheklanishi mumkin. Bunda, aholi kamida 10 kun oldin telekommunikatsiya vositalari va ommaviy axborot vositalari orqali ogohlantiriladi.
Kichik hajmli kema haydovchilari hamda kemalarni saqlash va foydalanishga mas’ul bo‘lgan shaxslar mazkur Qoidalarda qayd etilgan kemalarning xavfsiz suzishiga, suvda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, xavfsizligi, baxtsiz hodisalardan muhofazalanishi hamda tabiiy atrof muhitning ifloslanishini oldini olishga mas’uldir.
Suv havzalarida kichik hajmli kemalardan foydalangan holda musobaqalar, ekskursiyalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Inspeksiyaga ma’lum qilinadi hamda Inspeksiya tomonidan qutqaruv guruhi jalb etiladi.
Suv havzalarida o‘tkaziladigan mashg‘ulot, musobaqa yoki boshqa tadbirlarda kemalarning xavfsiz suzishlari va ishtirokchilarning xavfsizligini ta’minlash tadbir tashkilotchilari va Inspeksiya zimmasiga yuklatiladi.
Mazkur Qoidalar talablarining kichik hajmli kema mulkdorlari, haydovchilari va kema saqlanadigan inshootlar (bazalar) tomonidan bajarilishini nazorat qilish Inspeksiya zimmasiga yuklatiladi.
Kichik hajmli kemalardan suv havzalarida foydalanishga ro‘yxatga olish raqami bortga yozilgan va barcha yo‘lovchilarni sig‘dirish, yuk ko‘tarish, motorlar soni va quvvati, mumkin bo‘lgan yelkanlar maydoni, suzish joyi, kema suzishi mumkin bo‘lgan to‘lqin balandligi, suvga botish chegarasi, suv usti borti, qutqaruv va o‘t o‘chirgich, xabar berish chiroqlari, navigatsiya vositalari bilan jihozlash shartlarga rioya qilgan holda texnik ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng ruxsat beriladi.
Kichik hajmli kemalarni suvga tushirish Inspeksiya tomonidan suv akvatoriyasida belgilab berilgan joydan amalga oshiriladi.
. Motorli kichik hajmli kemalarni boshqarishga kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.
Kichik hajmli kemalar tomonidan suv havzalaridan foydalanishga suv havzalarida navigatsiya ochilgandan yopilgunga qadar bo‘lgan vaqt davomida, sel va suv toshqini mavsumi o‘tgandan so‘ng ruxsat etiladi.
Kichik hajmli kemalarga ularning to‘xtash joylari, portlar, aholi turar joylari chegaralarida 30 km. soatgacha tezlikda, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylarida 10 km. soatdan ortiq bo‘lmagan tezlikda harakat qilishga ruxsat etiladi.
Gidrotsikl (suv mototsikli)dan foydalanish faqat kunning yorug‘ vaqtlarida, ko‘rinish 10 kabeltdan (1 kabelt 185,2 metrga teng uzunlik o‘lchovi) kam bo‘lmagan, to‘lqinlanish 2 balldan yuqori bo‘lmaganda (katta to‘lqinning balandligi 0,75 metr) hamda ular turadigan bazalarda zarur bo‘lganda suv mototsikliga yordam beradigan navbatchi qayiq bo‘lganda ruxsat etiladi.
Gidrotsikl (suv mototsikli)da suzish maxsus belgilangan hududlarda, cho‘milish joylarida esa cho‘milish hududini belgilovchi maxsus chegaradan 150 metrdan uzoq bo‘lgan masofada ruxsat etiladi. Cho‘milish zonasiga kirish taqiqlanadi.
O‘ziyurar kichik hajmli kemalarni (motorli qayiqlar, katerlar, suv mototsikllari (gidrotsikllar) va boshqalarni) boshqarishni o‘zga shaxsga topshirish, faqatgina mazkur shaxs kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lgandagina ruxsat beriladi.
Kichik hajmli kema bortining ichki tomonida va yon taxtalarida, yo‘lovchilar sig‘imi (yuk ko‘tarishi) to‘g‘risidagi yozuvlar bo‘lishi shart.
Kichik hajmli kemalardan foydalanish vaqtida kema biletida ko‘rsatilgan ta’minotlarga ko‘ra kema bortida eshkaklar to‘plami, eshkak quloqlari, qutqaruv va o‘t o‘chirgichlar bo‘lishi shart.
Kichik hajmli kemalardan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan, texnik ko‘rikdan o‘tmagan, bort raqamlari bo‘lmagan, qutqaruv vositalariga ega bo‘lmagan, ruxsatsiz jihozlangan kemalarni boshqarish;
yuk olish me’yorlarini buzgan holda yo‘lovchi sig‘dirish, belgilangan suv chegara hududlarini va suzish qoidalarini buzgan holda, alkogolli ichimliklar, narkotik moddalar iste’mol qilib mast holatda kemani boshqarish, kema boshqaruvini kemani boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki mast holatda bo‘lgan shaxs berish;
manevrlash, bort chiroqlari va belgilarini ishlatish, tovushli signallarni buzish, gidrotexnika inshootlari, texnik vositalar, qayiqlarning yo‘l belgilari va navigatsiya (kema qatnovi) belgilariga shikast yetkazish, vaqtinchalik yoki doimiy suzish uchun yopilgan hududlarga ruxsatsiz kirish yoki taqiqlangan joylarda atayin to‘xtash,
plyajlar havzalarida, boshqa cho‘milish joylari va aholi ommaviy dam oladigan joylarida harakat qilish, plyajlar chegaralari va odamlar cho‘miladigan joylar chegaralarida cho‘miluvchilarga suv mototsikllarida 150 metr masofagacha yaqinlashish;
kichik hajmli kemalarda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qutqaruv jiletlarisiz va katta odamlar kuzatuvisiz olib yurish;
suzuvchi navigatsiya belgilari, yuk va yo‘lovchi tushirish joylari, ko‘priklar tagida to‘xtash, manevr qilish, daryo floti transportlarining bevosita yaqinida to‘xtash, boshqa suv kemalariga xalaqit berish;
kema biletida tegishli yozuvlari bo‘lmagan eshkakli qayiqlarga motor o‘rnatish;
brakonyerlik va boshqa noqonuniy maqsadlarda kemalardan foydalanish;
harakat vaqtida bir kemadan boshqasiga o‘tish, kema bortiga o‘tirish, kemani silkitish va cho‘milganda, harakat vaqtida palubasiz kemalarda odamlarning joy almashishiga yo‘l qo‘yish (avariya-qutqaruv va qidiruv ishlarini olib borayotgan ekipaj a’zolaridan tashqari);
yoqilg‘i quyishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik;
bortdan tashqariga chiqindilarni, axlatlarni va boshqalarni tashlash, neft mahsulotlarini to‘kish;
avariya-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan chegaralar, suvdan o‘tish joylari va zemsnaryadlar ishlayotgan joylar hamda ko‘priklar, kanallar va shlyuzlarga yaqin joylarda kemalarni quvib o‘tish;
tuman paytida va boshqa mo‘ljalni olish qiyin bo‘lgan noqulay ob-havo sharoitlarida harakat qilish.
Quyidagi nosozliklarda kichik hajmli kemalardan foydalanish taqiqlanadi:
kema korpusida joylashuvidan qat’i nazar, teshiklar bo‘lganda;
germetiklik holati buzilganda;
konstruksiyada ko‘rsatilgan rulni biriktirish qurilmalari bo‘lmaganda, qismlarining ishdan chiqishi yoki uning ishonchli ishlashi ta’minlanmaganda;
yoqilg‘i sizib chiqqanda, dvigatelda titrash mavjud bo‘lganda, tutun o‘chirgich bo‘lmaganda yoki uning nosozligida, dvigatelni masofadan turib boshqarish tizimi shikastlanganda, revers-reduktori ishonchli ishlamaganida, motorni ishga tushirish reverslari nosoz bo‘lganda;
kemadagi jihozlar va qutqaruv vositalari kema biletida ko‘rsatilgan jihozlarga va qutqaruv vositalariga mos kelmaganda;
2.Rasm Favqulotda vaziyatda birinchi yordam ko’rsatish
Kichik hajmli kemalar haydovchilari Inspeksiyaning mansabdor shaxslarining talabi bo‘yicha quyidagilarni taqdim etishlari shart:
motorli kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani;
kichik hajmli kemaning har yillik texnik ko‘rikdan o‘tganligi va suzishga yaroqliligini tasdiqlovchi kema biletini.
Kichik hajmli kema haydovchilarining majburiyatlari:
xavfsiz suzish, odamlarning hayoti va xavfsizligiga, inson sog‘lig‘ini saqlashga hamda baxtsiz hodisalar va tabiiy atrof-muhitni ifloslanishining oldini olgan holda mazkur Qoidalar talablariga rioya qilish;
suv havzasiga chiqishidan avval kemaning mazkur Qoidalar talablari asosida sozligini, qutqaruv asbob-anjomlari va boshqa vositalar bilan ta’minlanganligini tekshirish hamda ularni suzish jarayonida texnik holatini kuzatib borish;
yo‘lovchilarni kemaga chiqarishda va tushirishda, ularni shaxsan ko‘rikdan o‘tkazish, suzish jarayonida mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishini va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash;
kichik hajmli kemaga va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirmagan holda, xavfga uchragan yoki qurbon bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha shaxslarga yordam ko‘rsatish;
suvda jabrlanganlarga birinchi yordam berish va qutqaruv xizmatini chaqirtirish;
kichik hajmli kemadagi avariyali holat bo‘yicha va baxtsiz hodisaga uchragan fuqarolar to‘g‘risida Inspeksiyaga xabar berish;
hududlarda kema toifasiga qarab suzishni amalga oshirishi, suzish sharoitlarini bilishi, suzish hududida navigatsiya va gidrometeorologik sharoitlarni bilish;
kichik hajmli kemada suzish jarayonida kema egasi va boshqa shaxslarni qutqaruv jiletlarida bo‘lishini ta’minlash;
suv havzalarida kemalarni xavfsiz suzishi, suvda odamlarning xavfsizligini va tartibni saqlash bo‘yicha Inspeksiya mansabdor shaxslarining talablarini bajarish;
Inspeksiya mansabdor shaxslarining talablariga asosan shaxsini tasdiqlovchi, kemani boshqarishga ruxsat beruvchi hujjatlarni va kema biletini taqdim etishi hamda ular talabiga asosan kemani to‘xtatish;
kichik hajmli kemalar turadigan bazalar (inshootlar)dan foydalanish talablarini bajarish;
kichik hajmli kemalar boshqa kemalar bilan to‘qnashganda, kemadagi fuqarolarga yordam ko‘rsatishi, vaziyat to‘g‘risida Inspeksiyaga xabar qilish;
cho‘kkan kemalar to‘g‘risidagi xabarni, cho‘kkan joyi, vaqti va sabablari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni zudlik bilan Inspeksiyaga va kema mulkdoriga yetkazish;
kichik hajmli kemalardagi fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarishi.
Kichik hajmli kemalar haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
kichik hajmli kemani boshqaruv huquqini beruvchi hujjatsiz boshqarish;
kichik hajmli kemalarni alkogolli ichimliklar, narkotik moddalar iste’mol qilib mast holatda boshqarish;
kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga (kichik hajmli motorli kemalarni boshqarishga o‘rgatish yoki kemani boshqarish uchun amaliy imtihon topshirish holatlaridan tashqari) va mast holatdagi shaxslarga kema boshqaruvini berish;
kema biletida qayd etilgan shartlar buzilgan, tegishli anjomlar to‘plami yetishmagan va texnik nosoz bo‘lgan kichik hajmli kemalarni boshqarish;
kemada ruxsat etilgan odamlar soni va yuk ko‘tarish me’yorini buzish;
yo‘lovchilarni kemalarga chiqarishda va ularni tushirishda kemalarda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash qoidalarini buzish;
harakat vaqtida bir kemadan boshqasiga o‘tish, kema bortiga o‘tirish, kemani silkitish;
kema quvvatidan oshib ketadigan dvigatel (yoki dvigatellarni) o‘rnatish;
tuman paytida va boshqa noqulay meteorologik sharoitlarda kemalarni boshqarish;
boshqa kemalar harakatiga xalaqit berish;
kichik hajmli kemalarda qorong‘i vaqtda signal uchun mo‘ljallangan chiroqlarsiz chiqish;
kichik hajmli kemalarda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni xavfsizlik jiletlarisiz tashish va cho‘milishni bilmaydigan yosh bolalarni kuzatuvchisiz olib yurish (har bir bolaga bittadan);
cho‘milish uchun mo‘ljallangan akvatoriyalarga kirishda plyajda belgilangan chegaralarga 150 metrga yaqinlashish (avariya qutqaruv ishlarida qo‘llaniladigan kemalar, qutqaruv va qidiruv ishlarida qo‘llaniladigan kemalardan tashqari);
kemani suzish belgilariga bog‘lab qo‘yish;
kichik hajmli kemalarni boshqa kemalar o‘tish joyida, ko‘prik atrofida yoki ko‘prik ostida to‘xtatish — langar (yakor) tashlash;
kema biletiga tegishli yozuvlar kiritilmagan holda o‘zboshimchalik bilan eshkakli kemalarga motor o‘rnatish;
kemadan brakonyerlik maqsadida va boshqa qonunga zid bo‘lgan maqsadlarda foydalanish;
yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilmagan holda yoqilg‘i quyish;
bortdan axlat, chiqindi va boshqa predmetlar yoki neft mahsulotlarini to‘kish;
kema yo‘llarida ko‘rish chegaralangan paytda kemadan foydalanish va xavfli yuklarni tashish;
kichik hajmli kemalar harakatlanayotgan paytda odamlarni boshqa kemaga o‘tkazish va palubasiz kemalardan suvga sho‘ng‘ish;
kichik hajmli kemaga uning biletida ko‘rsatilmagan qo‘shimcha jihozlarni o‘rnatish.
Kemalar turadigan bazalar (inshootlar) sanitar qo‘riqlash zonasidan tashqarida, markazlashtirilgan xo‘jalik-iste’mol suv ta’minoti manbalari va sanitar zonalardan chetda, suv oqimi tez bo‘lmagan, to‘lqinlardan himoyalangan hududlarda joylashtiriladi.
Turish bazasi gidrotexnik inshootlardan 500 metrdan kam bo‘lmagan, rekreatsion zonadan 250 metr va yashash joylaridan 50 metrdan kam bo‘lmagan chegara masofasida joylashishi kerak.
Kichik hajmli kemalar turadigan baza (inshoot) aholi ommaviy dam olish maskanlari (plyaj), kichik hajmli kemalar suzishi taqiqlangan joylarni ko‘rsatuvchi navigatsion belgilar bilan jihozlangan bo‘lishi, ma’lumot beruvchi belgilar (taqiqlovchi, ogohlantiruvchi, yozuvli) bilan ta’minlanishi lozim. Tegishli belgilar kemalar turadigan baza (inshoot) egasi tomonidan o‘rnatiladi va qatnov davri boshlanishidan avval Inspeksiya tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Kema turadigan baza (inshoot) hududi yong‘in xavfsizligi, sanitar-epidemiologik va ekologik talablarga javob berishi lozim.
Kema turadigan baza(inshoot)da quyidagilar taqiqlanadi:
belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan kichik hajmli kemalarni kiritish va saqlash;
to‘xtash joyida kemalardan xavfsiz foydalanish talablarini, shart-sharoitlarini buzish;
belgilangan to‘xtash joyida kirish-chiqish tartibini buzish.
Kema turadigan baza (inshoot)da kichik hajmli kemalar qayd qilingan raqami bilan jurnalga kiritiladi va unda kema turi, egasi, uning manzili va telefon raqami, turish joyi, yil davomida harakatlanish uchun texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqti to‘g‘risida ma’lumotlar yuritiladi.
Kichik hajmli kema turadigan baza (inshoot)da kichik hajmli kemalarning kirish-chiqishi jurnalga tartib bilan yozilishi kerak, unda kema raqami, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, kema olingan vaqt, suzish yo‘nalishi va maqsadi, taxminiy qaytish vaqti va aniq qaytgan vaqti belgilanadi.
Kichik hajmli kemalarni quyidagi hollarda kema turadigan baza (inshoot)dan chiqishi taqiqlanadi:
haydovchida kichik hajmli motorli kemani boshqarish uchun boshqarish huquqini beruvchi hujjat va uning har yilgi texnik ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilmaganda;
bort raqami kema biletidagi raqam bilan to‘g‘ri kelmaganda;
kema haydovchisi uning mulkdori bo‘lmaganda kemani boshqarish huquqini beruvchi hujjat taqdim qilinmaganda;
kema ta’mirtalab bo‘lganda;
belgilangan qutqaruv anjomlari, yong‘inga qarshi va suv chiqarish vositalari yo‘q bo‘lganda;
yo‘lovchilar sig‘imi, yuk ko‘tarish, yuk va yo‘lovchilarni joylashtirish me’yorlarining buzilishi natijasida kemaning bir tomonga og‘ishi kuzatilganda;
kichik hajmli kemalarda yo‘lovchilardan tashqari portlovchi va yonuvchi moddalar bo‘lganda;
gidrometereologik holat suzish uchun xavf tug‘dirgan hollarda;
kemaning haydovchisi mast holatda bo‘lganda.
Do'stlaringiz bilan baham: |