To`palangdaryo va Qoratog`daryoning qo`shilishidan hosil bo`ladi. To`palangdaryo Qoratog`daryoga nisbatan ikki marta ortiqroq sersuvdir, uning tog`lardan chiqish yeridagi o`rtacha ko`p yillik suv sarfi 52m3/sek, Qoratog`daryoniki esa 23m3/sek dan iborat. O`z navbatida bu daryolarga bir necha irmoqlar kelib qo`shiladi, chunonchi To`palangdaryoga o`zining Sharg`un irmog`I bilan Dashnabod (Obizarang) daryosi, Qoratog`daryoga esa Oqjarsoy bilan Shirkent daryolari kelib qo`shiladi. Surxondaryoga o`ng tomondan ikkita yirik irmoq – Sangardak va Xo`jayipok daryolari kelib quyiladi. Xo`jayipokdan janubda faqat asosan sel vaqtida suv oqadigan bir qancha soy va jarliklar bor, holos ulardan eng yiriklari Boysunsoy, Oqqopchig`oy va Toshko`prik soylaridir. To`palangdaryo, Qoratog`daryo va Surxondaryoning barcha irmoqlarining suvlari tog`lardan chiqishlari bilan sertarmoq kanallar orqali sug`orishga olinadi,natijada ular o`z suvlarini bosh daryoga sellar o`tish vaqtida yetib boradi yoki quyi oqimlarida o`zanlariga sizib chiqqan grunt suvlarini olib borib quyadi holos. Shunday qilib, bu irmoqlarni mustaqil daryolar deb hisoblash to`g`riroq bo`ladi.
Surxondaryo havzasining tog`li qismi 8230km2 maydonga ega, unda hosil bo`ladigan oqimning umumiy miqdori o`rta hisobda 120m3/sek yoki yiliga 3,78mlrd.m3 ni tashkil etadi. Demak Surxondaryo havzasi tog`li oblastining o`rtacha oqim moduli 14,6 l/sek.km2 ga teng, yani Kofirnihon havzasi tog`li oblastining oqim modulidan (23,5 l/sek.km2) ancha kam.
To`palangdaryo. Uning uzunligi 112km, suv yig`ish havzasi maydoni 2200km2.Hisor tog` tizmasidagi balandligi 4688 m bo`lgan tog` tizmasidan boshlanadi. Boshlanish qismida u Qorasuv bir oz keyinroq esa Tamshush nomi bilan oqadi. G``ova degan kichkina irmoq kelib qo`shilgach, daryo To`palangdaryo nomini oladi. Zarchup qishlog`igacha, yani tog`lardan chiqish joyiga qadar To`palangdaryo ayrim joylarda tangidan oqadi. Shatrut irmog`ining quyilish yeriga qadar vodiyning eni 100-200m, undan quyida esa 60-80 m, faqat irmoqlar kelib quyilish joylarida vodiy 200m gacha kengaygan. Vodiyning yon bag`irlari tik, baland daryo o`zani ancha turg`un, u kamdan-kam joylardagina tarmoqlashgan; faqat tog` etaklariga yaqin kelgandagina u ikkita-uchta tarmoqqa ajralib, uzunligi 300m, eni 50m keladigan orolcha hosil qilgan.
Hisor tizmasi etaklaridan boshlab To`palangdaryo kengligi 2-5 km bo`lgan vodiyda oqadi, biroq Xonim qishlog`idan o`tgandan so`ng vodiy yana torayadi. Tog` etaklaridan boshlab daryo qayir paydo bo`ladi; qayirning eni dastlab 50-400m orasida bo`lsa, daryo tekislikka chiqqandan so`ng deyarli 2km ga yetadi, biroq daryo etagiga kelganda yana 100-200m ga tushib qoladi.
Tog`lardan chiqqandan so`ng, ayniqsa daryoning quyilish qismida daryo o`zani bir necha tarmoqlarga ajralib ketadi, u o`z qiyofasini o`zgartirib yuradi.
To`palangdaryo suv yig`ilish maydonining o`rtacha balandligi 2546m; 4000m dan baland joylar unda atigi 3,1% ni,3500m dan baland joylar esa 15,4% ni tashkil etadi. Suv yig`ilish maydoni uncha baland bo`lmaganligidan To`palangdaryoning suvi asosiy mavsumiy qorlarning erishidan hasil bo`ladi, uning to`yinishida abadiy qor va ayniqsa muzliklar juda kam ishtirok etadi. Shunday qilib, To`palangdaryo qor-muzlik suvlaridan to`yinadigan daryolar qatoriga kiradi va shu tipdagi daryolar uchun hos bo`lgan rejimga ega: daryoda suv fevral oxirlarida ko`paya boshlab, to iyunning oxirlariga qadar ko`paya boradi may-iyun oylarida suv eng ko`p oqadi, iyun oyidan boshlab esa suv kamaya boshlaydi; sentabrning ikkinchi-uchinchi o`n kunliklariga borganda to`lin suv davri tamom bo`ladi, biroq suvning asta-sekin kamayib borishi yanvar oyining oxirlariga qadar davom etadi.
To`palangdaryo Surxondaryo havzasidagi eng sersuv daryodir, uning yillik oqimi Surxondaryo havzasining tog`li qismida hosil bo`ladigan oqimning taxminan 44% tashkil etadi. Tog`lardan chiqish joyida (Zarcho`p qishlog`i yonida) To`palangdaryoning o`rtacha oqim moduli 23,6 l/sek.km2 ga teng, uning o`rtacha yillik suv sarfi 33,4m3/sek dan (1957) 71,1 m3/sek gacha (1934) o`zgarib turadi. Eng katta maksimal suv sarfi 470m3/sek ni (yanvar 1941 yil) eng kichik o`rtacha oylik suv sarfi 5,71m3/sek ni (yanvar 1947 yil) eng minimal suv sarfi esa 5,48m3/sek ni (11/XII 1946 yil) tashkil etgan.
To`palangdaryoning suvi ancha loyqa uning o`rtacha loyqaligi Zarcho`p qishlog`i yonida 0,305 kg/m3 ga teng, oqiziqlar miqdori esa 15,6kg/sek yoni yiliga 491 ming tonna. Demak bu daryoning har 1km2 suv yig`ilish maydoni yuzasidan o`rtacha hisobda har yili 224 tonna oqiziq yuvib ketiladi.
To`palangdaryoning eng yirik irmog`i-
Do'stlaringiz bilan baham: |