18-modda. Sug‘urtalovchilarni qayta tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari
Sug‘urtalovchilarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish shaklida qayta tashkil etish maxsus vakolatli davlat organining ruxsatnomasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Sug‘urtalovchi qayta tashkil etishga ruxsatnoma olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga tegishli ariza bilan birga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatalarida shunday vakolat berilgan sug‘urtalovchi boshqaruv organining qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarori;
tuzilayotgan sug‘urtalovchining balansi va faoliyatining taxminiy moliyaviy natijalari; qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shartnomasining loyihasi (qo‘shib yuborish yoki qo‘shib
olish shaklida qayta tashkil etilayotganda).
Sug‘urtalovchilarni qayta tashkil etishni o‘tkazish uchun berilgan ariza zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organi quyidagi hollarda sug‘urtalovchilarni qayta tashkil etishga ruxsatnoma berishni rad qilishga haqli, agar:
sug‘urtalovchini qayta tashkil etish natijasida yangitdan tashkil qilinadigan sug‘urtalovchilarning moliyaviy barqarorligiga doir talablar buzilishi mumkin bo‘lsa;
sug‘urtalovchilarning qayta tashkil etilishi sug‘urta bozorida raqobatning cheklanishiga yoki bartaraf etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;
sug‘urtalovchilarni qayta tashkil etishga ruxsatnoma berilishi so‘rab taqdim qilingan hujjatlarda ishonchsiz ma’lumotlar bo‘lsa yohud bu hujjatlar qonun hujjatlariga nomuvofiq bo‘lsa;
sug‘urtalovchilarni qayta tashkil etish qonun hujjatlariga zid bo‘lsa.
Qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida qayta tashkil etilganda sug‘urtalovchi (sug‘urtalovchilar) litsenziyasining amal qilishi tugatiladi. Qayta tashkil etish natijasida yangitdan tuzilgan sug‘urtalovchilarga litsenziyalarni berish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida qayta tashkil etilayotgan davri uchun hamda yangitdan tuzilgan sug‘urtalovchilar litsenziya olgunga qadar bo‘lgan davrda ular yangi sug‘urta shartnomalarini tuzishga, amaldagi sug‘urta shartnomalarini uzaytirishga haqli emaslar, ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmlariga olingan, huquqiy vorislik tartibida o‘zlariga o‘tgan majburiyatlarni bajarish hollari bundan mustasnodir.
Qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilayotganda o‘ziga boshqa sug‘urtalovchi qo‘shilayotgan sug‘urtalovchi, agar qo‘shib olish natijasida litsenziyaning shartlari o‘zgarmasa, amaldagi litsenziyani saqlab qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |