38-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari:
tegishli sudlov hay’ati ishini tashkil etadi;
tegishli sudlov hay’ati majlislarida raislik qiladi;
sud rayosatiga tegishli sudlov hay’ati faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar taqdim etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari yo‘qligida uning vakolatlari ushbu sud raisi tomonidan tegishli sud raisining boshqa o‘rinbosari zimmasiga yuklatilishi mumkin.
4-bob. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi. Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi
39-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining tarkibi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi rais, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Tarkibi olti sudyadan ortiq tumanlararo, tuman, shahar sudida sud raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
Bir tarkibli tumanlararo, tuman, shahar sudi sud raisidan iborat bo‘ladi.
40-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudining vakolatlari
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudi qonun bilan o‘zining vakolatlariga kiritilgan fuqarolik ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudi jinoyat ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish haqidagi, murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash haqidagi, amnistiya aktiga asosan mahkumni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni va qonun bilan o‘zining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni va korporativ nizolarni, shuningdek qonun bilan o‘zining vakolatlari doirasiga kiritilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |