Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi rais, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudi rais va sudyalardan iborat bo‘ladi.
Tuman (shahar) ma’muriy sudi rais va sudyadan iborat bo‘ladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudi qonun bilan uning vakolatlari doirasiga berilgan fuqarolik ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi qonun bilan uning vakolatlari doirasiga kiritilgan jinoyat ishlarini va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish haqidagi, murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash haqidagi, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi yoxud mahkumni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.
Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni va korporativ nizolarni, shuningdek qonun bilan uning vakolatlari doirasiga berilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Tuman (shahar) ma’muriy sudi davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shuningdek ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar bo‘yicha ma’muriy nizolarni hamda qonun bilan uning vakolatlari doirasiga berilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) ma’muriy sudining raisi:
sud majlislarida raislik qiladi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi hamda ularni qabul qilish, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish ishlarini tashkil etadi;
sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etadi;
bir oyda kamida bir marta joylarda sudyalarning aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etadi, shuningdek jamoatchilikni sudning faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib boradi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudining, tuman (shahar) ma’muriy sudining raisi yo‘qligida uning vakolatlari sudyalarning tegishli malaka hay’ati qaroriga ko‘ra sudyalardan birining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |