TIL SISTEMASINING IYERARXIK TUZILISHI
Tilning o‘zaro bog‘liq va bir-birini taqazo etuvchi bir qancha qatlamlardan
iborat ekanligi haqidagi qarash o‘zining uzoq tarixiga ega. Sistemaviy-struktur
tilshunoslikning shakllanishi va rivojlanishi til ichki tuzilishining o‘ziga xos
xususiyatini, til ichki birliklarining oddiydan murakkabga qarab bosqichma-
bosqich rivojlanib borishi, bunda quyi bosqich birligi o‘zidan yuqoriroq bosqich
birligida o‘z funksiyasini ko‘rsatishini ilmiy asoslab berdi. Xususan, til
tuzilishining an’anaviy tilshunoslikda 3 asosiy qism: fonetik, leksik va grammatik
qismlarga bo‘linishi va tilshunoslikning bu qismlarni o‘rganadigan 3ta bo‘limga
ajratilishi ushbu qatlamlarni bir butunlikda tushunishning yorqin namunasidir.
XX asrning 50-yillaridan boshlab tilshunoslikda lingvistik sath tushunchasi
maydonga keldi. Til mohiyatining 2 tomonlama ekanligi, tildagi shakliy va
mazmuniy tomonlarning har biri o‘z ichki tuzilishiga ega ekanligi, har qaysisi o‘z
uzvlaridan tashkil topgan ichki sistema ekanligi, ular o‘rtasidagi munosabat tilni
harakatga keltirishi haqidagi qarashlarning barcha tomonidan e’tirof etilishi
nafaqat «lingvistik sath» tushunchasining paydo bo‘lishiga, balki uning juda keng
ma’noda qo‘llana boshlashiga olib keldi.
Til birliklarini turli belgilar asosida birlashtirish mumkin. Tilni sathlarga
ajratishning asosiy belgisi lingvistik birliklarning iyerarxik – pog‘onaviylik
xususiyati bo‘lib, o‘zaro pog‘onaviy munosabatda bo‘lmagan nisbiy bir xil
birliklar munosabatini lingvistik sath deb tushunish mumkin.
Bir sath birliklarining boshqa sathdagi (o‘zidan katta yoki kichik) bo‘lgan
birliklar bilan pog‘onaviy munosabatda bo‘ladi. Bunda quyi sath birligi yuqori
sath birligidan tashkil topadi, ya’ni u yuqori sath birligi tarkibiga kirish
xususiyatiga ega. Odatda, til sathlari o‘rtasida quyidan yuqoriga bo‘lgan
munosabat e’tirof etiladi va shundan kelib chiqib, tilga yagona iyerarxik
shakllangan sistema deb, tilning ichki tuzilishiga nisbatan bunday yondashuv esa
kompozitsion konsepsiya deb qaraladi. Hodisalar pog‘onaviy munosabatida
gomogen va geterogen munosabatlar farqlanadi. Gomogen munosabatda
birliklarning bittasi boshqalari uchun namuna, etalon deb qabul qilinadi. Masalan,
qiyoslanayotgan 2 tovushdan mustaqil pozitsiyadagi tovush invariant, tobe
pozitsiyadagisi uning varianti hisoblanadi. Til ierarxiyasi esa geterogen, ya’ni
ko‘p tarmoqli tizimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |