Statistik grafiklar va ularning ahamiyati. Grafik – bu statistik ma`lumotlarni ta`sirchan va jozibali qilib tasvirlaydigan geometrik shakldir.
Statistik ma`lumotlarni keng omma uchun tushunarli, ta`sirchan, diqqatga sazovor va lo`nda qilib bayon etish juda muhimdir. Grafik usuli ana shu maqsad uchun xizmat qilib, amalda keng qo`llanadi.
Statistikada grafiklar deganda ijtimoiy hayot haqidagi ma`lumotlarni shartli olingan me`yorda tuziluvchi har xil geometrik shakl va chiziqlar, predmetlarning tasvirlari (suratlari) hamda geografik xaritalarda nishonlangan shartli belgilar yordamida tasvirlash tushuniladi. Ular kishining diqqatini o`ziga tez jalb etish bilan birga ma`lumotlarni esda yaxshiroq saqlash, to`laroq va chuqurroq tasavvur qilishga imkon beradi. SHuning uchun grafiklar iqtisoliy, madaniy va umuman ijtimoiy taraqqiyotning barcha soarida erishilayotgan yutuqlarimizni ommalashtirishda muhim qurol vazifasini o`taydi.
Statistik ma`lumotlarni grafiklarda tasvirlash natijasida ularni soddalashtirish, oydinlashtirish, umumlashtirish, yakunlashtirish va pirovardida tasavvurimizni boyitish kabi muhim fazilatlarga ega bo`lamiz.
Diagramma deganda statistik ma`lumolar geometrik shakllar yordamida tasvirlash tushuniladi. Agar ma`lumotlar shartli belgilarni geografik kartalarga tushirish yo`li bilan tasvirlansa, bunday grafiklar kartogrammalar deb ataladi. Kartodiagrammalar diagramma va kartogrammalarning aralashmasidan tashkiltopadi. Bu holda geografik kartalar hodisalarning hududiy taqsimlanishiga qarab konturlarga (bo`laklarga) bo`linadi va ularda ma`lumotlarni tasvirlovchi diagrammalar keltiriladi. Kartogramma va kartodiagrammalar hodisalarning makonda (territorial) joylanishini tasvirlashda qo`llanadi.
Grafiklarning asosiy turi diagrammalardir. Ularni tuzayotganda ko`pincha yassi geometrik shakllar va chiziqlardan foydalaniladi.
Masshtab deb sonlar bilan ifodalangan ko`rsatkichlarni tekislikdagi tasviriy nisbatlarga aylantiruvchi shartli me`yorga aytiladi. U o`rganilayotgan hodisaning qanday miqdori tekislikdagi chiziqning bitta birligiga teng deb shartli ravishda qabul qilinganlgini bildiradi.
Shkala deganda shunday chiziq tushuniladiki, uning ayrim nuqtalari tasivrlanayotgan hodisaning ma`lum miqdorlariga teng bo`ladi va, demak, shu miqdor deb o`qilishi mumkin. u uchta elementdan iboratdir.
1) shkala tayanchi deb ataluvchi chizik;
2) chiziqlar bilan nishonlanib ma`lum tartibda shkala tayanchiga joylashgan nuqtalar;
3) shu nuqtalarga taalluqli sonlarni belgilovchi raqamlar.