2.3. Statistik kuzatishni tayyorlash uslubiyati
Turmushimizda, kundalik hayotimizda u yoki bu masalani yechishni ko‘zlab qiladigan har bir xatti-harakatimizdan oldin nima uchun?, nima?, kim?,qanday qilib?, qancha? va qaerda? degan savollarga duch kelamiz va ularga javob axtaramiz. Bunday savol statistik kuzatishlarni tashkil etishda ham tug‘iladi va o‘z yechimini kutadi.
Statistik kuzatishda nima uchun? degan savolga kuzatish maqsadi va vazifalari, nima? degan savolga esa kuzatish obyekti, uning birligi va dasturi, statistik formulyarlar va ularni tuzish uchun yo‘riqnomalar javob beradi. Kim? kuzatish subyekti, qachon? deganda kuzatish vaqti, qaerda? deganda kuzatish joyi, qanday qilib? deganda kuzatish usullari va turlari, qancha? deganda kuzatish belgilarining miqdoriy ifodalanishi nazarda tutiladi. Bular statistik kuzatishning dasturiy-uslubiy va tashkiliy unsurlarini tashkil etadi (2.3-tarh).
2.3-tarh. Statistik kuzatishning dasturiy va tashkiliy masalalari.
Kuzatish maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri – kerakli ma’lumotlarni kam xarajatlar bilan to‘plash imkoniyatini tug‘diradi.
Kuzatish maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri belgilash tekshirishni to‘g‘ri va aniq tashkil etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki maqsad va vazifalariga qarab barcha dasturiy-uslubiy va tashkiliy masalalar yechiladi. Maqsad va vazifalarni mujmal belgilash kuzatish jarayonida keraksiz ma’lumotlar to‘planishiga, zarurlarini esa tushib qolishiga olib keladi. Pirovard natijada ortiqcha mehnat va mablag‘lar sarflanadi.
Kuzatish obyekti - bu ma’lumotlari to‘planishi lozim bo‘lgan korxona va boshqa ho‘jalik yurituvchi seb’ektlar to‘plamidir.
Kuzatish obyekti - bu o‘rganilayotgan hodisalar va jarayonlar, ya’ni korxonalar va tashkilotlar, ho‘jaliklar, kishilar, oilalar, uy ho‘jaliklari, va hokazolarni ularning faoliyati jihatidan qaralgan to‘plami. Ularning muhim belgilari haqida ma’lumotlar to‘planadi va ular asosida to‘plamni ta’riflaydigan umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Kuzatish obyektining aniq miqyosini, ko‘lamini belgilayotganda vaqt, fazo, moddiy tuzilish va o‘lchov birligi jihatidan o‘lchamlarini aniqlash lozim. Bu jarayon kuzatish obyektini chegaralash deb ataladi. Buning uchun uni aniqlovchi belgilar: me’yorlar to‘plami belgilanadi.
Senz – bu kuzatish obyektini aniqlovchi me’yor, belgilar to‘plamidir.
Kuzatish obyektini chegaralash maqsadida senzlardan foydalaniladi. Senz so‘zi ikki ma’noga ega bo‘lib, birinchi holda ro‘yxatlarni anglatadi, masalan, AQShdagi agromelirativ senzlar, ikkinchi holda esa belgi me’yorni bildiradi. Kuzatish obyektini belgilashda bu tushuncha ikkinchi ma’noda qo‘llanadi.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 31.08.2003 yil Farmoniga binoan, 1 yanvar 2004 yildan boshlab kichik tadbirkorlik kategoriyasi uchun quyidagi senz belgilangan:
Mikrofirmalar – o‘rtacha yillik xodimlar soni quyidagi chegaradan oshiq bo‘lmagan yuridik shaxs:
ishlab chiqarish tarmoqlarida – 20 kishi;
xizmat sohasi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida – 10 kishi;
ulgurji, chakana savdo va umumiy ovqatlanishda – 5 kishi.
Kichik korxona – o‘rtacha yillik xodimlar soni mikrofirmalarga belgilangan chegaradan ortiq ammo quyidagi songacha bo‘lgan yuridik shaxs:
engil va oziq-ovqat, metalga ishlov berish va asbobsizlik, yog‘ochga ishlov berish, mebel sanoati va qurilish materiallari sanoati – 100 kishi;
mashinasizlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlov berish, qurilish va boshqa sanoat ishlab chiqarish sohasida – 50 kishi;
fan, ilm-fanga xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa xizmatlar sohasi (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab-chiqarish sohalarida – 25 kishi.
Dehqon xo‘jaligi – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan va ega bo‘lmagan oilaviy kichik tovar xo‘jaligi bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish bilan oila a’zolari ishtirokida muddatsiz foydalanish uchun biriktirilgan tomorqa yerda shug‘ullanadi. Fermer xo‘jaligi – yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan mustaqil ho‘jalik yurituvchi shaxs bo‘lib, fermer xo‘jaligi a’zolarining birlashgan faoliyatiga asoslanadi va tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini uzoq muddatga ijaraga berilgan yerda olib boradi.
Kuzatish subyekti - bu o‘rganilayotgan hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qayd qiluvchi va to‘plovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Kuzatish obyekti bilan bir qatorda uning subyekti mavjud. Kuzatish subyekti deb o‘rganilayotgan hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qayd qiladigan va to‘playdigan yuridik yoki jismoniy shaxslar yuritiladi. Masalan, mikroiqtisodiy statistikada kuzatish subyekti - bu har bir korxona, tashkilot, muassasa va uy xo‘jaligidir. Ular ho‘jalik yurituvchi subyekt sifatida o‘z faoliyatlariga tegishli ma’lumotlarni qayd qiladi. Makroiqtisodiy statistikada esa statistika tashkilotlari kuzatish subyektidir. Maxsus statistik tekshirish va ro‘yxatlarda ular boshlang‘ich ma’lumotlarni qayd qiladi va to‘playdi. Hisobotda esa boshlang‘ich ma’lumotlarni qayd qilish va korxona miqyosida umumlashtirib taqdim etish bilan ho‘jalik yurituvchi subyektlar shug‘ullansa, ularni qabul qilish va umumlashtirish statistika tashkilotlarining vazifasi hisoblanadi. Bu holda ho‘jalik yurituvchi subyektlar, ya’ni korxonalar, firmalar, tashkilotlar va muassasalar hisobot birliklari deb ataladi.
Kuzatish birligi - bu kuzatish obyektining mustaqil bo‘linmas tarkibiy qismi (birligi) bo‘lib, uning muhim belgilari haqida ma’lumotlar olinadi.
Kuzatish birligi deganda, kuzatilayotgan obyektning mustaqil bo‘linmas tarkibiy unsuri, birligi tushuniladi. Kuzatish jarayonida uning muhim belgilari haqida ma’lumotlar olinadi. Masalan, sanoat faoliyati tekshirilayotganda har bir korxona va firma, qishloq xo‘jaligini o‘rganilayotganda har bir shirkat xo‘jaligi, dehqon va fermer xo‘jaligi kuzatish birligi hisoblanadi.
Ayrim hodisalarni tekshirishda kuzatish birligi bilan birga hisob birligi ham belgilanadi. Masalan, chorva ro‘yxatida har bir mol turi haqida, asbob-uskunalar ro‘yxatida esa har bir mashina, stanok va boshqa asbob-uskunalar haqida batafsil ma’lumotlar to‘planadi. Bu holda ho‘jalik, korxona kuzatish birligi bo‘lsa, uning qayd qilinadigan har bir belgisi hisob birligidir.
Kuzatish dasturi - bu kuzatish jarayonida ma’lumotlari to‘planishi lozim bo‘lgan kuzatish va hisob birligining asosiy belgilaridir.
Kuzatish dasturi (programmasi) deb o‘rganilayotgan hodisa, obyekt haqida ma’lumot to‘planadigan belgilar majmui yuritiladi. Boshqacharoq aytganda, kuzatish dasturi kuzatish jarayonida javoblar olinishi lozim bo‘lgan savollar to‘plamidan iborat. U qanchalik to‘g‘ri tuzilsa, tekshirish natijalari shunchalik yaxshi chiqadi.
Dastur tekshirishda ko‘zlangan maqsad va vazifalarga muvofiq tuziladi. Bu ishni amalga oshirayotganda quyidagilarga e’tibor berish kerak: birinchidan dastur eng muhim o‘zgaruvchan belgilarni o‘z ichiga olishi lozim. Masalan, talabalar o‘zlashtirishini o‘rganmoqchi bo‘lsak, u holda dasturda u talabami yoki yo‘q, mahmadonami yoki yo‘q, kitob o‘qiydimi yoki yo‘q degan savollarni yozish noo‘rin bo‘lardi; ikkinchidan, dasturda shunday savollarni (belgilarni) aks ettirish kerakki, ular yordamida kuzatilayotgan hodisani chuqurroq o‘rganish va olingan ma’lumotlarni tekshirish imkoniyatlari yaratilsin. Uchinchidan, dasturdagi savollar (belgi nomi) aniq va qisqa, hammaga tushunarli qilib ifodalanishi kerak; to‘rtinchidan, kuzatish dasturini tuzish ishiga keng jamoatchilik, ilmiy xodimlar va yirik mutaxassislar jalb qilinishi lozim, uni maxsus kengashlarda va matbuotda har tomonlama muhokama qilish ayni muddao.
Kuzatish dasturi 3 qismdan tashkil topadi: asosiy savollar (belgilar), nazorat savollari (belgilari) va manzilgoh qismi (uni ma’lumot beruvchi subyektni tavsiflovchi alomatlar yoki qisqacha tanishtiruvchi belgilar ham deb yuritiladi). Quyidagi 2.4-tarhda dasturning tuzilishi va asosiy belgilari tasvirlangan.
2.4-tarh. Kuzatish dasturining tuzilishi va belgilari
Dasturning asosiy qismida ko‘zlanadigan belgilar o‘rganilayotgan obyektning mohiyati, ichki bog‘lanishlari va rivojlanishi qonuniyatlarini har taraflama oydinlashtiradigan barqaror axborotlar olishni ta’minlashi lozim.
Kuzatish dasturining ikkinchi qismi masalasiga kelsak, tekshirish savollarini (belgilari) ko‘zlashdan maqsad asosiy ma’lumotlarni nazorat qilish, ular ishonchli, to‘liq va to‘g‘ri bo‘lib chiqishini ta’minlashdan iborat.
Har qanday kuzatish dasturi manzilgoh qismiga ega. Unda ma’lumot beruvchi subyektlarni tanituvchi belgilar aks ettiriladi. Masalan, hisobot shaklida ma’lumotlar to‘planayotganda tanituv belgilar bo‘lib korxona (tashkilot) nomi va manzilgohi, davlat statistikasi registridagi shifri, turli tasniflagichlarda ko‘zlangan sinflarga (guruhlarga) mansubligi, qaysi vazirlik, konsern, uyushma tasarrufidaligi, asosiy faoliyat turi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakli xizmat qiladi.
Yo‘riqnoma (instruksiya) deb kuzatish dasturida ko‘zlangan belgilarni bir xil talqin etish va tushunishni ta’minlaydigan ko‘rsatmalar majmuasiga aytiladi.
Yo‘riqnoma kuzatish dasturida ko‘zlangan belgilarni bir xil tashkil etish va tushunishni ta’minlash maqsadida tuziladi. Unda kuzatish maqsadi va vazifalari, uning obyekti va birligi, ma’lumotni qaerdan va kimdan olish, kuzatish muddati, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, ma’lumotlar tegishli bo‘lgan davr (hisobot davri) ko‘rsatkichlarni hisoblash tartibi va shunga o‘xshash kuzatilayotgan obyekt bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan masalalar yoritiladi. Yo‘riqnomalar odatda ko‘p mutaxassislar ishtirokida puxta tuziladi.
Statistik formulyar - kuzatish ma’lumotlari qayd qilinadigan hujjat.
Yo‘riqnoma har bir statistik formulyar uchun alohida tuziladi. Kuzatish ma’lumotlari qayd qilinadigan hujjat statistik formulyar deb ataladi. U har xil nom bilan yuritiladi, jumladan hisobot formasi, ro‘yxatga olish varaqasi, so‘rovnoma (anketa), tabel, nakladnoy, yo‘l varaqasi va hokazolar.
Statistik formulyar ikki xil bo‘ladi:
yakka predmetli formulyar.
ko‘p predmetli formulyar.
Kuzatish joyi - bu kuzatish birligi joylashgan makon.
Kuzatish joyi deganda makon yoki boshqa so‘z bilan aytganda o‘rganilayotgan hodisa ro‘y berayotgan joy tushuniladi.
Hisobotda, asbob-uskunalar ro‘yxatida va boshqa iqtisodiy resurslarni har xil shakl va usullarda kuzatishda korxona, tashkilot va muassasa joylashgan joy kuzatish joyi hisoblanadi.
Statistik kuzatish vaqti - bu kuzatish tenglashtirilgan fursat (payt) va o‘tkaziladigan muddat.
Umuman keng ma’noda qaralganda, kuzatish vaqti hodisani o‘rganish davridir, ya’ni uni tekshirish boshlangandan, to ma’lumotlarni olish nihoyasiga yetguncha o‘tgan vaqt oralig‘i (davr)dir. Bu holda u ma’lumotlar tegishli bo‘lgan vaqtni ham, ularni to‘plash vaqtini ham o‘z ichiga oladi. Statistik kuzatish tor mazmunga ega bo‘lib, faqat ma’lumotlarni to‘plash jarayonini anglatgani uchun, uning vaqti deganda mazkur ishni (ma’lumotlar to‘plash)ni bajarish uchun belgilangan vaqt oralig‘i tushuniladi. U hodisani o‘rganish, ro‘yobga chiqish davrini, ya’ni u haqidagi ma’lumotlar tegishli bo‘lgan vaqt oralig‘ini o‘z ichiga olmaydi. Hisobotda bu vaqt oralig‘i hisobot davri deb ataladi. Hisobot davri uning birinchi kuni 00 soatdan boshlab to oxirgi kuni 2400 soatgacha o‘tgan vaqt uzunligi bilan o‘lchanadi. Kuzatish muddati esa hisobotni taqdim etish uchun belgilangan vaqt oralig‘i hisoblanadi.
Hodisalar holatini, mavjud sonini aniqlashda kuzatish vaqti qilib vaqt oralig‘ini belgilab bo‘lmaydi, chunki uning davomida hodisa holatida, demak mavjud sonida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu holda suratga olish jarayonida qo‘llaniladigan usuldan foydalanish kerak. Ma’lumki, surat fotoapparat obyektivi ochilish onida (paytida) foto obyekt (masalan, biror kimsa) ega bo‘lgan qiyofani aks ettiradi. Hodisalar holati ustidan statistik kuzatish tashkil etish uchun ham shunday qayd qilish paytini belgilash lozim. Bu esa muayyan fursatda mavjud bo‘lgan hodisalar soni va tuzilishini aniqlash imkonini beradi.
Hodisani hisobga olish, qayd qilish tenglashtirilgan bunday payt keskin fursat (kritik moment) deb ataladi. Aholi ro‘yxatida va boshqa tez harakatchan hodisalar ro‘yxatida hamda ularning joriy hisobi asosida mavjud soni aniqlanayotganda keskin fursat belgilanadi. 1989 yil aholi ro‘yxatida keskin fursat qilib 11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi 2400 soat belgilangan edi. Aynan shu fursatda yashash joyida mavjud bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olindi, ya’ni 12 yanvar 00 soatgacha tug‘ilgan bolalar ro‘yxatga olingan, undan keyin tug‘ilganlar esa ro‘yxatga olinmagan, shu vaqtgacha o‘lgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tmagan, keyin o‘lganlar esa mavjud aholi sifatida ro‘yxatga olingan. Ro‘yxatda kuzatish vaqti – bu ro‘yxatga olish ishi davom etadigan vaqt oralig‘idir. 1989 yil aholi ro‘yxatida 12 yanvardan boshlab 20 yanvargacha bo‘lgan muddatdan iborat.
Kuzatishni o‘tkazish bir qator tayyorgarlik va tashkiliy ishlarni bajarish bilan bog‘liqdir. Birinchidan, kuzatiladigan birliklarning taxminiy ro‘yxati tuziladi va kuzatish joylari belgilanadi. Masalan, aholini ro‘yxatga olish uchun dastavval aholi yashaydigan punktlar, shaharlarda esa bundan tashqari uy daftari tartibga solinadi. Bular ro‘yxat o‘tkazilayotganda kuzatish birliklarini tushirib qoldirmaslik va ro‘yxat o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar miqdorini va kadrlar sonini aniqlash uchun kerak. Ikkinchidan, kuzatish formulyarlari, blanklar, varaqalar, ularni tuzish yo‘riqnomalari tayyorlanadi va joylarga yetarli miqdorda tarqatiladi. Uchinchidan, kuzatiladigan makon hududi uchastkalar (qismlar)ga bo‘linadi, kerakli kadrlar soni va aniq shaxslar belgilanadi. To‘rtinchidan, kuzatishga jalb qilingan mas’ul shaxslar bilan maxsus mashg‘ulotlar olib boriladi.
2.4. Statistik kuzatish turlari
Qanday qilib? degan savol statistik kuzatish usullari va turlarini aniq belgilashni talab qiladi. Hodisalarni qayd qilish vaqti, boshlang‘ich ma’lumotlarni olish usuli, kuzatish birliklarini o‘z ichiga qamrab olishi va tashkiliy jihatdan statistik kuzatish quyidagi turlarga bo‘linadi (2.5- tarh).
Tashkiliy va moliyalashtirish jihatidan statistik kuzatishlarni to‘rtta turga bo‘lish mumkin: 1) statistik hisobot; 2) maxsus doimiy tekshirishlar; 3) ro‘yxatlar; 4) biznes tekshirishlar. Ular keyingi ma’ruzada yoritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |