3.3. Sportchining musobaqada ishtirok etish taktik rejasini
tuzishning mazmuni hamda usuliyati
Musobaqa kurashini olib borishning barcha vosita, usul va shakllari taktik rejada bayon etiladi.
Taktik reja – alohida sportchilar yoki jamoaning asosiy faoliyatlari dasturidir. U musobaqalarga tayyorgarlik ko’rish jarayonida tuziladi va musobaqalar boshlanishi oldidan uzil-kesil aniqlashtiriladi.
Taktik reja quyidagi bo’limlarni o’z ichiga oladi:
1. Bu musobaqalarda sportchi yoki jamoa oldiga qo’yiladigan asosiy vazifa.
2. Taktik kurashning umumiy shakli – faol, passiv, kombinatsiyalangan.
3. Musobaqa rejimini hisobga olib, kuchlarni butun musobaqalar o’tadigan davrga taqsimlash.
4. Kuchlarni har bir chiqish jarayonida taqsimlash (masofani bosib o’tish tezligi grafigi, o’yin, jang sur'ati, badan qizdirish mashqlarining davomiyligi va xususiyatlari).
5. Taktik kurashda vazifalar hamda vaziyatning o’zgarishlar ehtimoli bilan bog’liq holda bevosita musobaqa jarayonida taktikaning bir ko’rinishidan boshqasiga o’tish mumkinligi.
6. O’z maqsadlari (harakatlari) ni niqoblash yo’llari
7. Raqiblar to’g’risida ma'lumotlar, ular tayyorgarligidagi kuchli va zaif jihatlar.
8. Musobaqa o’tkaziladigan joylar, ob-havo, bo’lajak musobaqalardagi hakamlik va tomoshabinlar to’g’risida ma'lumotlar.
Taktik rejaning asosiy bo’limlari: a) bosh vazifa; b) taktik kurashning umumiy shakli (hujumkor, faol mudofaaga asoslangan, himoyalanuvchi) va uning mazkur musobaqalar sharoitiga muvofiq varianti. Bundan tashqari, sport o’yinlarida o’yin tizimini kombinatsiyalar, o’yinchilarning o’zaro harakatlardagi priyomlarini ko’zda tutish kerak. Boshqa sport turlarida guruhli taktika va alohida kombinatsiyalar, priyomlarni qo’llash imkoniyatiga ham e'tibor berish lozim; v) yuklama va dam olishning xususiyatlari, davomiyligi, shiddatli – musobaqa rejimini hisobga olib, kuchlarni taqsimlash; g) har bir alohida chiqish jarayonida kuchlarni taqsimlash (tezlik grafigi, shartli grafik, o’yin sur'ati, badan qizdirishning davomiyligi va xususiyatlari); d) taktik kurashning vazifalari hamda vaziyatidagi ehtimoliy o’zgarishlar bilan bog’liq holda musobaqalar jarayonida bir taktikadan (yoki tizimdan) boshqa taktikaga (tizimga) o’tish mumkinligi; e) o’z niyatlarini niqoblash yo’llari va usullari; j) raqib to’g’risidagi ma'lumotlar, uning tayyorgarligidagi (jismoniy, taktik, texnik va irodaviy) kuchli hamda zaif jihatlar, hujum (alohida va guruhli) va qarshilik ko’rsatishning (faol mudofaaga hamda himoyaga asoslangan) tegishli priyomlari; z) musobaqa o’tkaziladigan joylar, ob-havo, hakamlik, tomoshabinlar va h.k. to’g’risida ma'lumotlar.
Sport o’yinlarida jamoa o’yinining umumiy taktik rejasidan tashqari alohida har bir o’yinchi uchun ham taktik reja tuzilishi mumkin. Bunday rejaning asosida yakkama-yakka kurashayotgan juftlama kuchlari nisbatining tahlili bo’lishi mumkin (hujum va himoya).
O’tkaziladigan bellashuv rejasi sportchi va murabbiy bilan hamkorlikda tuziladi, chunki sportchining taktik mahoratini o’stirishda murabbiyning roli katta, u musobaqalarning taktik rejasini tuzishda faol ishtirok etishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |