Korporativ nizo tushunchasi, nizolar sabablari va qatnashchilari
Har qanday nizoning mohiyatini tomonlar o‘rtasida kelishuvning yo‘qligi sifatida ta’riflash mumkin. Korporativ munosabatlar sub’ektlari o‘rtasida manfaatlar muvozanatining yo‘qligi korporativ nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Korporativ nizolar deganda jamiyat aksiyadorlari o‘ratasida, jamiyat aksiyadorlari va menejerlari o‘rtasida, investorlar (potenstial aksiyadorlar) va jamiyat o‘rtasida vujudga keladigan, quyidagi oqibatlardan biriga olib keladigan kelishmovchiliklar va tortishuvlar tushuniladi:
amaldagi qonunchilik me’yorlari, jamiyat nizomi yoki ichki hujjatlari, aksiyadorlar yoki ularning guruhlari huquqlarining buzilishi;
jamiyat va uning boshqaruv organlariga qabul qilingan qarorlar bo‘yicha da’volar;
amaldagi boshqaruv organlari vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatish;
aksiyadorlar tarkibida jiddiy o‘zgarishlar.
Korporatsiyalar faoliyatining o‘ziga xosliklari tufayli nizolar vujudga kelishi uchun quyidagi sabablarni ko‘rsatish mumkin.
Aksiyadorlik mulkida ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar kapitallarning murakkab tarzda chigallashib ketishi va mos ravishda, manfaatdor tomonlar doirasining doimiy bo‘lmasligini nazarda tutadi.
Mulkni boshqaruvdan ajratish (qaror qabul qilish va riskni qabul qilish funktsiyalarining taqsimlanishi) va nazorat funktsiyasining riskni qabul qilmaydigan va boshqaruvda ishtirok etmaydigan shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan alohida bir funktsiyaga ajratilishi korporatsiya faoliyati natijalaridan manfaatdor turli shaxslar o‘tasida manfaatlar mojarosining yuzaga kelishini belgilab berdi.
Zamonaviy iqtisodiyotda korporativ munosabatlar sub’ektlari o‘rtasida vujudga kelayotgan jiddiy qarama-qarshiliklar va ixtiloflar mamlakatda ishlab chiqarishning rivojlanishiga investistiyalar oqimining kirib kelishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Barcha nizolar xilma-xilligini quyidagi to‘rt turga ajratish mumkin:
1. Yirik (majoritar) va mayda (minoritar) aksiyadorlar munosabatlari nizosi.
2. Ichki aksiyadorlar (insayder) va tashqi aksiyadorlar (autsayder) nizosi.
3. Menejment (aksiyalarsiz yoki aksiyalar kichik paketiga ega) va aksiyadorlar nizosi.
4. Chetdan «nodo‘stona qo‘shib olish tashabbuskorlari» tarafdorlari va aksiyadorlar nizosi.
Ko‘rib chiqilgan korporativ nizolar turlari ichida quyidagi xillarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
1. Qonunchilik me’yorlarining buzilishi korporativ huquq me’yorlari va jarayonlarini tasodifan buzish bilan bog‘liq bo‘lib, aksiyadorlar tomonidan ularning manfaatlariga tajovuz sifatida qabul qilinadi.
2. Qo‘shib olish – aksiyadorlar guruhining (chetdan investorning) korxona ustidan nazorat o‘rnatish jarayonida yuzaga keladigan nizolar.
3. Dividendlar bo‘yicha nizolar – yirik va mayda aksiyadorlar o‘tasida korxona foydasidan foydalanish borasida yuzaga keladigan nizolar.
4. Menejerlar bilan nizolar – aksiyadorlik jamiyatining menejerlari va aksiyadorlar o‘rtasida kompaniyani boshqarish samaradorligi va menejerlar harakatlari vijdonanligi bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar.
5. Raqobat – aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy holati va raqobatbardoshligiga putur etkazishga yo‘naltirilgan nizolar.
6. Korporativ shantaj - minoritar aksiyadorlar ishtirokidagi, aksiyadorlik jamiyati yoki uning yirik aksiyadorlarini minoritariylardan ularga tegishli aksiyalar paketini bozor qiymatidan qimmat narxja sotib olish yoki nizoni to‘xtatish uchun voz kechish muzdi to‘lashga undashga yo‘naltirilgan nizolar.
Do'stlaringiz bilan baham: |