Jamiyatni boshqaruv organlari
Jamiyatning oliy boshqaruv organi ishtirokchilar umumiy yig‘ilishi bo‘lib, unda barcha ishtirokchilar qatnashish huquqiga egadir. Jamiyatning har bir ishtirokchisi ustav fondidagi ulushiga mutanosib ravishda umumiy yig‘ilishda ovozlar soniga ega bo‘ladi (ayrim holatlar bundan mustasno, masalan kummulyativ ovoz berishda). 0,01% ulushi ishtirokchiga bir ovoz beradi deb aniqlash qulay bo‘lishi mumkin. Bu holda, yuqorida ko‘rilgan misol uchun ovozlar soni quyidagicha bo‘lishi mumkin: Akramov M.V.da - (16,10% x 1 ovoz : 0,01%) 1610 ovoz, Ergashev B.D. - (40,07% x 1 ovoz : 0,01%) 4007 ovoz va Tarasov V.I. -(43,83% x 1 ovoz : 0,01%) 4383 ovoz.
Eng muhim masalalar belgilangan kattalikda (yig‘ilishda qatnashuvchi aksiyadorlar ovozining 3/4 qismi ko‘pchiligi bilan) ko‘pchilik ovoz bilan hal qilinadigan AJdan farqli ravishda, MChJda eng muhim masalalar yig‘ilishda qatnashuvchilarninggina emas, balki barcha ishtirokchilarning bir ovozdan ma’qullashi bilan hal qilinadi. Ya’ni gap yig‘ilishda qatnashayotgan ishtirokchilar haqida emas, aynan barcha ishtirokchilar haqida ketayapti. Ishtirokchilar umumiy yig‘ilishi kun tartibini shaklantirish tartibi ham ancha erkin tusga ega. Umumiy yig‘ilish navbatdagimi yoki navbatdan tashqarimi, kun tartibini kim shakllantirishidan qat’iy nazar – jamiyatning har qanday ishtirokchisi yig‘ilishdan 15 kun oldin kun tartibiga qo‘shimcha masalalar kiritishga haqli bo‘lib, ular kun tartibiga kiritilishi shart (umumiy yig‘ilish vakolatiga kirmagan masalalar bundan istisno).
Yagona ishtirokchisi bo‘lgan jamiyatlarda umumiy yig‘ilish vakolatiga kirgan masalalar yagona ishtirokchi tomonidan shaxsan qabul qilinadi va yozma shaklda rasmiylashtiriladi. Jamiyat ustavida Kuzatuv kengashi tashkil qilinishi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin, ammo bu shart emas. Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik yakkaboshchilik ijroiya organi (direktor) yoki kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direktsiya) tomonidan amalga oshiriladi. Ijroiya organi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi hamda umumiy yig‘ilishga va tashkil qilinishi jamiyat ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa kuzatuv kengashiga hisobot beradi. Jamiyat ustavida taftish komissiyasining tashkil qilinishi (taftishchining saylanishi) nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Ishtirokchilarining soni 15 kishidan oshiq bo‘lgan jamiyatlarda taftish komissiyasining tashkil qilinishi (taftishchining saylanishi) majburiydir. Moliya hisobotlarining to‘g‘riligini, buxgalterlik hisobi yuritilishining tartibi o‘rnatilgan talablarga muvofiq kelishini tekshirish uchun umumiy yig‘ilish qaroriga binoan qonunchilikda belgilangan tartibda auditorlik tashkiloti jalb qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |