Korporativ ijtimoiy mas’uliyatning mohiyati
Oxirgi yillarda butun dunyo bo‘ylab davlat, fuqarolik institutlari va xususiy kompaniyalar o‘rtasidagi munosabatlarda ro‘y bergan o‘zgarishlar ijtimoiy hamkorlikning yangi shakllari paydo bo‘lishiga olib keldi. Shunday shakllardan biri ixtiyoriy ravishdagi o‘zaro munosabatlar tizimiga asoslanuvchi – korporativ ijtimoiy mas’uliyatdir. Hozirda biznes muhitida ―korporativ ijtimoiy mas’uliyat tushunchasi faol qo‘llanilmoqda, biznes hamjamiyatlari korporativ ijtimoiy mas’uliyat strategiyalarini ishlab chiqmoqdalar va tashkilot tuzilmasida korporativ ijtimoiy mas’uliyatni amalga oshirish bo‘limlarini tashkil etmoqdalar. Yevropa mamlakatlarida esa butun bir ilmiy tekshirish institutlari bu xodisani o‘rganish bilan shug‘ullanmoqda.
Korporativ ijtimoiy mas’uliyat – bu kompaniyaning izchil iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy chora-tadbirlari tizimi bo‘lib, manfaatdor tomonlarning doimiy o‘zaro harakati asosida amalga oshiriladi va nomoliyaviy tavakkalchilikni pasaytirishga, kompaniyaning imidj va ishbilarmonlik nufuzini oshirishga, shuningdek korxonaning barqaror rivojlanishi va daromadliligini ta‘minlaydigan kapitalizatsiya va raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgandir.
Umuman, ijtimoiy mas’uliyat konsepsiyasining asosiy g‘oyalari va uni ijtimoiy mas’uliyatli hatti-harakat orqali amalga oshirish yondashuvlari XX asr o‘rtalarida AQSHda paydo bo‘ldi va o‘z rivojlanishi davrida 3 bosqichni bosib o‘tdi.
Birinchi bosqich (XX asrning 60-70 yillari) filantropiya va xayriyaning gullab-yashnashi bilan tavsiflanadi. O‘sha davrda ishbilarmonlik faoliyati va ijtimoiy faollik ayri holda amalga oshirilgan. Ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarni hal etish uchun yordam korxona rahbarining shaxsiy xayrixohligi asosida asosan moddiy yordam ko‘rinishida ajratilgan.
Ikkinchi bosqich (XX asrning 70-80 yillari) strategik filantropiyaning paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Bu davrga kelib biznes ijtimoiy masalalarni hal etishni korporatsiyaning strategik maqsadlari bilan bog‘lay boshladi.
Uchinchi bosqich (XX asrning 80-yillari oxiri) ijtimoiy investitsiyalarni amalga oshirish amaliyotining rivojlanishi bilan harakterlanadi. Ma‘lum bir ijtimoiy muammolarni hal etish uchun tijorat, notijorat va davlat sektorlari o‘z urinishlarini birlashtira boshlaydilar.
1979-yilda amerikalik olim A. Keroll tomonidan korporativ ijtimoiy mas’uliyatning o‘ziga xos talqini taklif etildi. Unga ko‘ra, korporativ ijtimoiy mas’uliyat ko‘p pog‘onali mas’uliyat bo‘lib, uni piramida ko‘rinishida aks ettirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. A.Keroll piramidasi quyidagi rasmda aks ettirilgan.
Korporativ ijtimoiy mas’uliyat – bu kompaniyalarning PR-tadbirlari asosida yotuvchi yangi urf bo‘lgan konsepsiya emas, balki har bir muvaffaqiyatli kompaniyaning zaruriy tarkibi bo‘lib, bozorda yuqori ulushga ega bo‘lish va uni saqlash maqsadlarini o‘zida aks ettiradi. Korporativ ijtimoiy mas’uliyat – bu jamiyat rivojlanishiga biznesning ixtiyoriy qo‘shgan hissasi bo‘lib, personalning ijtimoiy himoyasiga va kasbiy rivojlanishiga, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat, ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga, atrof-muhitni himoyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy investitsiyalar vositasida amalga oshiriladi. Bu sohadagi faoliyat tizimli harakterga ega bo‘lib quyidagi yo‘nalishlarda ijro etiladi:
Korporativ ijtimoiy mas’uliyatni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmi.
Do'stlaringiz bilan baham: |