Hujjat 20.11.2020 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
SPORT MAKTABLARI FAOLIYATINI HAMDA SPORT MAKTABLARI TRENYERLARI VA MUTAXASSISLARI MEHNATINI MODDIY
RAG‘BATLANTIRISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Bolalar va yoshlarning maktabdan tashqari sport ta’limi tizimini yanada takomillashtirish, sport zaxirasi va yuksak mahoratli
sportchilar tayyorlash, trenyerlar va mutaxassislar mehnatini ularning tarbiyalanuvchilari yuqori sport natijalarga erishganligi uchun
rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qarori
bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar sporti obyektlaridan
foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2010-yil 5-maydagi PQ-1332-son qaroriga muvofiq
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasidagi sport maktablari asosiy faoliyati bolalar, o‘smirlar va yoshlarni jismoniy tarbiya va
sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etishga, sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv-mashq
jarayonini samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasalari hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar
Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, jamoat tashkilotlari va sport
federatsiyalarining respublikaning har bir tumanida (shahrida) tegishli moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan, sport turlari bo‘yicha yuqori
malakali trenyerlar va mutaxassislar bilan butlangan kamida bitta sport maktabi faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash haqidagi takliflari
ma’qullansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar
Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi quyidagilarni ta’minlasinlar:
2010-yil 1-noyabrgacha, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan Davlat budjetidan
moliyalashtiriladigan maktabdan tashqari barcha tipdagi sport-ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini va tegishli trener kadrlar
bilan butlanganligini xatlovdan o‘tkazish;
sportchilar tayyorlashni yanada samarali tashkil etishni ta’minlash maqsadida 2010-yil 1-dekabrgacha sport obyektlari va
maktablarini qayta tashkil etish yo‘li bilan sport maktablari tarmog‘ini maqbullashtirish va faoliyatini tartibga solish;
sport maktablarini sport bo‘yicha tayyorgarlikning zamonaviy metodikalari va texnologiyalarini egallagan malakali trener kadrlar
va mutaxassislar bilan bosqichma-bosqich butlash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi 2010-yil 15-dekabrgacha O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasalari faoliyatini tartibga solish va samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan
ishlar to‘g‘risidagi hisobotni;
sport maktablari, birinchi navbatda, zarur moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lmagan qishloq tumanlaridagi sport maktablari uchun
sport obyektlari va inshootlar qurish, ularni rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashni keyingi yillarda Bolalar sportini
rivojlantirish jamg‘armasining manzilli dasturlariga kiritishga doir takliflarni kiritsinlar.
5. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari to‘g‘risidagi nizom
1-ilovaga muvofiq;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — O‘R QHT,
2016-y., 43-son, 499-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari xodimlari
mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, Nizom 2011-yil 1-
yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-oktabrdagi 355-sonli qarori tahririda — O‘R QHT,
2016-y., 43-son, 499-modda)
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish
vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, belgilangan tartibda, ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda sport maktablarining namunaviy shtatlarini hamda Sport
maktablarining o‘quvchi-sportchilari, trenyerlari va boshqa mutaxassislarini moddiy ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
sport-ta’lim muassasalari xodimlarining malaka tavsiflarini va ularga qo‘yiladigan lavozim talablarini, shuningdek Sport-ta’lim
muassasalarining trener-o‘qituvchilari va instruktor-metodistlariga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
sport-ta’lim muassasalarida sportchilar tayyorlash o‘quv dasturlarining namunaviy rejasini tasdiqlasinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari va o‘quv yurtlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni muvofiqlashtirish
to‘g‘risida” 1996-yil 19-fevraldagi 65-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya
vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, belgilangan tartibda, bir oy muddatda idoraviy normativ-
huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga
yuklansin.