So’z yasash (Morfemika)
So’zlar ko’pincha tarkibiy jihatdan turli qismlardan iborat bo’ladi: Mustaqil-lik-ning yigirma yil-lik bayram-I nishon-la-n-di. Ko’riniyaptiki, gap tarkibidagi so’lar atash ma’nosini yoki Grammatik ma’noni ifodalaydigan qismlarga bo’lindi. Bu qismlar morfemalar deb ataladi, shu morfemalarni o’rganadigan tilshunoslik bo’limi esa morfemika deb yuritiladi. Morfemalar ikki guruhga bo’linadi:
1. Asos (yetakchi) morfema.
2. Qo’shimcha (ko’makchi) morfema.
So’zning tub (atash) ma’nosini bildirib, mustaqil qo’llana oladigan qism asos deb ataladi: gulzor, bog’bon, chizg’ich, paxtakor. Asos so’zdagi ma’noli qismlarning yetakchisi bo’lib, u boshqa ma’noli qismlarga bo’linmaydi. Asos so’z tarkibida doim qatnashadi.
Asosga qo’shilib, turli ma’nolarni ifodalaydigan yoki so’zlarni bog’lash uchun xizmat qiladigan qism qo’shimcha deyiladi: tokzor, qizcha, yozgi, kattaroq, ishla, keldi, birinchi, ishni. Qo’shimchalar so’z tarkibida qatnashmasligi ham mumkin, ularni ayrimlari qo’llanmaydi, doim asosga qo’shilib keladi.
Qo’shimchalar vazifasi va so’zga qo’shilib anglatadigan ma’nosiga ko’ra ikki turga bo’linadi:
So’z yasovchi qo’shimchalar asosga qo’shilib, yangi ma’noli so’z hosil qiladigan qo’shimchalardir: o’t-o’tloq, arra-arrala, kuch-kuchli, hosil-serhosil. So’z yasovchin qo’shimchalar unumli (-li, -la, -chi, -ser, -dosh, -kor) va unumsiz (-vul, -ag’on, -chil, -in, -a) bo’lishi mumkin.
Shakl yasovchi qo’shimchalar asosga qo’shilib, ma’noni bir oz o’zgartiradigan yoki so’zlarni o’zaro bog’lashga xizmat qiladigan qo’shimchalardir.
Bu qo’shimchalar bajaradigan vazifasi hamda ma’nolariga ko’ra ikki guruhga bo’linadi:
lug’aviy shakl yasovchi qo’shimchalar asosga qo’shilib, unga ko’plik, kichraytirish, erkalash, chegaralash, kamlik, oshirish, kuchaytirish, gumon, taxmin, kabi ma’nolarni ifodalaydigan qo’shimchalardir: uycha, kitoblar, kattaroq, ozgina, yurib, onajon, bura, oqarinqira, chayqa, tepkila.
sintaktik shakl yasovchi qo’shimchalar so’zlarni bir-biriga bog’laydigan qo’shimchalardir: Bularga kelishik (kitobni o’qidi, uyga ketdi, daftarning varag’i) , egalik (maktabimiz hovlisi, mening ukam, talabalar uyi), shaxs-son (biz keldik, men bordim, sen kelding) qo’shimchalariga kiradi. Bu qo’shimchalar yana sintaktik munosabat shakllari ham deyiladi.
O’zbek tiilda qo’shimchalarning asosga qo’shilish tartibi, odatda, quyidagicha: asos + so’z yasovchi qo’shimcha + lug’aviy shakl yasovchi qo’shimcha + sintaktik shakl yasovchi qo’shimcha: kitob+xon+lar+ning.
Do'stlaringiz bilan baham: |