“Sotmaydi yurtini biror otboqar,
Sotsa zerikkandan “ziyoli “ sotar!..”
Muhammad Yusuf she`ri.
Ikki kundan beri O`sh shahrining ko`chalarida muallaq
turib qolgan tumanning
mevasi o`laroq, uchunchi kuni, nihoyat qor yog`di. Ko`chada qolgan mashinalar
ustidagi qorlar, yalang`och daraxtlar, odamlarning og`zidan chiqayotgan hovurlar
qish kayfiyatini yanada yorqinlatayotgan edi.
Erkin uyidan chiqqan payt qor yog`ishi yana ham tezlashib, ko`chalarga
chiroyli
tus berayotgan edi. Garchi u qorda sayr qilishni yoqtirsa ham, ayni vaqtda
shoshilyotgani uchun tezroq “taxi”ga o`tirishi kerak edi. Aslini olganda u unchalik
ham kech qolmayotgandi, lekin, bugungi kun u uchun o`ta ahamiyatli bo`lgani uchun
ko`ngliga qorda sayr qilish sig`madi.
U egniga uzun qora palto, pastiga bo`lsa soddaroq qora
shim va oyoq kiyim kiyib
olgan edi. Bularning barchasi qora tusda bo`lib, uning oppoq yuziga xoldek yarashib
turgan edi. Erkin sutdek oppoq asfaltda omonatgina borayotgan yengil mashinalarga
birin-ketin qo`l ko`tara boshladi. Chamasi, ularning hech biri ortiqcha yo`lovchiga
muhtoj emas edi shekilli, uning qo`llari qizargancha, havoda muallaq turib, javobsiz
qolaverdi. U o`zini bosmaxonaga hayallayotgandek his qila boshlagan ham ediki,
oldiga havorang tusdagi “matiz” kelib to`xtadi. Erkin eshikni ochib:
- Assalamu alaykum, aka, markazga - dedi. Haydovchi unga
boshini qimirlatib
“ha” ishorasini qilgach asta mashinaga o`tirdi. Haydovchi qorachadan kelgan, soqoli
qirtichlangan, burun kataklari keng va semizgina bo`lgan bir soddanamo odam edi.
Egnidagi kiyimlari ko`rimsiz va ancha eskirgan bo`lsa-da, kishini e`tiborini
tortadigan darajada emasdi. U o`zidan ham ko`ra mashinasiga e`tibor qaratadigan
odamlar sirasiga kirsa kerak. deb o`yladi Erkin. Rostdan ham uning mashinasi juda
ozoda bo`lganligi uchun, unga o`tirgan kishi endigina mashinasini yuvdiribdi, deb
gumon qilishi mumkin edi. Mashinaning oynasiga tasbeh bog`lab qo`yilgan,
oynaning o`zi esa negadur tepaga qaratib qo`yilgan edi (Erkin orqadagi bolali
kelinchakni keyinroq payqadi).
Mana yo`lni yarmiga
yetishsa hamki, haydovchi “churq” etmasdi. “Odatda
haydovchilar sergap bo`lardi, bunisi “ichimdagini top” deydiganlardan ekan-ku” dedi
Erkin. U ayni vaqtda haydovchi gap boshlashini va u nimadur qilib suhbat mavzusini
o`zining “ijod”iga burishni xohlardi. Ha nima? Haydovchi kimni mashinasida olib
ketayotganini bilib qo`ysinda! Kimsan Erkin Boyqobilov! Bu shaharda ikkita iqtidorli
yosh shoir bo`lsa bittasi shu qahramonimiz. Agar u bitta bo`lsa ham, shu kishining
o`zlari edi.
Erkin endigina yigirmani qoralagan bo`lsa ham, (nazarida) ulkan natijalarga
erishgan edi. Garchi, she`rlarini tog`asining nashriyotidan boshqasi qabul qilmasa
ham, mahallada shoir degan nom chiqardi. Bu nom uni juda ulug`namo
qilib
yuborgan, endilikda uning she`rlari mahalla xotinlari-yu, choyxonani qarorgoh tutgan
kishilarning suhbatida bosh mavzuni egallagandek edi go`yo. U endilikda bu
mahalladagi kishilardan, yo`q, shu shahardagi kishilardan o`zini bir pog`ona balandda
deb o`ylardi.
Erkin nima qilib bo`lsa ham bu kishining oldida hurmat qozongisi,
yaxshi
taassurot qoldirgisi kelardi. U gapni nimadan boshlashni bilmay miyasi g`ovlab ketdi.
Yuragi siqilib, bu bezabon haydovchini ichida qarg`ashni boshladi. U oynadan
tashqariga qarab sassiz ketib borar, mashinaning ichi qabristondek jimjit edi. Shunda
bir fikr Erkinning miyasidan yalt etib o`tdi. Qovog`i solingan shoirning chehrasi
yorishdi. Yuzida g`olibona tabassum namoyon bo`ldi. U asta tomoq qirgancha gap
boshladi:
- Anchadan
beri haydovchilik qilasizmi, aka?
- Yigirma yildan beri.
- Ha-a-a-a, sezildi. Qish, yog`ingarchilik bo`lsa ham mashinangiz juda ozoda
ekan. Haydovchi maqtovdan erib javob berdi – Bu jonivorga yaxshiroq
qaramasangiz, bir pastda shalaxo`rdasi chiqib ketadi. Yangidek, yaltillatib minib urish
kerak-da mashinani.
Erkin mashinaga tushunmasdi, shu sabab zo`rga ulagan suhbat zanjiri uzulib
ketilishidan xavfsirab darhol gapni ilib ketdi.
- Ha bu gap bilan bo`lib, ismingizni ham so`ramabman aka.
- Karimjon ismim. Siznikichi?
U aynan shu “siznikichi?” degan savolni kutib turgan edi.
Berilgan savoldan u
xuddi tilla topgan gadoydek xursand bo`lib ketgan edi.
-Erkinjon. Bobom rahmatli qo`ygan. Erkin Vohidovdek shoir bo`lsin, deb niyat
qilgan bo`lsalar kerak. Mana hozir niyatini amalga oshirib yuribmiz.
- Shoirmisiz?
- Ha. Mana hozir ham nashriyotga ketyapman. Yangi she`rlarimni bostirish uchun
(u she`ridan bir ikki qator o`qib bermoqchi edi-ku, lekin negadir fikridan qaytdi).
Men asosan vatan haqida yozaman. Bilasizmi, men shahrimizdagi har bir daraxtni,
undan to`kilgan har bir barkni qog`ozga tushirgim keladi. Vatanga bo`lgan
muhabbatimni she`rlarim orqali ifoda etaman. “Адекватный” odam she`rlarimni
o`qib, hozirgi she`rlardan tubdan farq qilishini tushunadi.
U o`rni bo`lmasada amallab “адекватный” degan so`zni qistirib o`tib ketdi.
Suhbatdoshini oldida obro` orttirish uchun nodir terminlarni qo`llash uning odati edi.
Uzoq davom etgan nutqdan keyin Erkin so`zni haydovchiga berdi.
U juda
bolaxonador so`zlaganini his etar va ayni damda suhbatdoshining og`zidan
maqtovlarni qabul qilishga shay turar edi.
Haydovchi xotirjam gap boshladi – Men uka… unaqa gapga chechan odam
emasman. Vatan haqida she`r yozish tugul ikki og`iz gapirib ham berolmayman.
Mana yigirma yildan beri haydovchilik qilayotgan bo`lsam ham, lekin mashinamning
oynasidan biror marta axlat uloqtirmaganman.
Erkin xuddi “bo`ldimi” deganday unga bir pas tikilib turdi. Haydovchi hech nima
demagach, yana yo`lga qarab oldi.
Manzilga yetib kelgach Erkin pulni to`lab mashindan tushdi va haydovchini
she`riyatni tushunmaganlikda ayblab, tahririyatga kirib ketdi.