Soliq huquqining manbalari. Soliq huquqi normalari ko‘p sonli huquqiy hujjatlarda (manbalarda) mustahkamlangan. Respublikamizda mulkchilikning xilma-xil shakllarini vujudga keltirish va ularga teng shart-sharoitlar yaratib berish, korxona, muassasa va tashkilotlar o‘rtasida raqobatni avj oldirish, boshqarishning oldingi (ma’muriy-buyruqbozlik) uslubidan butunlay voz kechish, iqtisodiy omil va vositalarni keng joriy etish – bozor munosabatlarining tub negizini tashkil etdi. Ushbu jarayonda soliq tizimini tartibga soluvchi bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, uning asosini - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 8 dekabrda bo‘lib o‘tgan o‘n ikkinchi chaqiriq o‘n birinchi sessiyasida qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – soliq huquqining asosiy manbasi sifatida, soliq tizimining boshlang‘ich huquqiy asoslarini va asosiy prinsiplarini belgilab bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |