Umumiy soliq nazariyalari
Umumiy soliq nazariyalarining ilk kurinishlaridan biri soliqqa tortishning
almashinuv nazariyasi hisoblanadi. Bu nazariyaning mohiyati shundan iboratki,
fuqarolar tashqi kuchlar hujumidan himoyalanishni, davlatda tartib saqlashni va
boshqalarni davlatdan to’lagan soliqlari hisobiga sotib olishadi. Ushbu nazariya
faqatgina o’rta asrlar sharoitiga mos bo’lib, o’sha davrda boj va yig’imlarga harbiy va
huquqiy himoya sotib olinishi sifatida qaralib, go’yo qirol va fuqarolar o’rtasida
tuzilgan shartnoma sifatida qaralgan. Bu sharoitda almashinuv nazariyasi mavjud
munosabatlarning rasmiy aksi edi.
Almashinuv nazariyasining turli xil ko’rinishlari mavjud bulib, ulardan biri
ma’rifat davrida paydo bo’lgan atomistik nazariyadir. Uning namoyondalari bo’lib
frantsuz Sebastyan de Voban (1633-1707 yillar “Jamiyat bitimi” nazariyasi) va Sharl
Monteske (1689-1755 yillar “Omma bitimi” nazariyasi) hisoblanadi. Bu nazariya
tarafdorlari soliqlar fuqarolar va davlat o’rtasidagi bitim hisoblanib fuqarolar
davlatning himoyasi, xavfsizlikni ta’minlash va boshqa xizmatlari uchun soliq
to’lovlarini to’laydilar deb tushuntirishga harakat qilganlar. Shundan kelib chiqib,
hech kim davlat xizmatlarini rad eta olmaganidek, soliqlarni to’lashni ham rad eta
olmaydilar deb hisoblashadi. Oxir-oqibat ushbu bitim eng foydali bo’lib, hattoki eng
kuchsiz davlat ham har bir fuqaro o’z-o’zini xavfsizligini ta’minlagandan ko’ra
yaxshiroq va afzalroq muhofaza qila olishini qayd etadi. Boshqacha qilib aytganda,
soliqlar fuqarolarni tinch yashashi uchun to’lovi deb hisoblashgan. Shuningdek
angliyalik iqtisodchilar Tomas Gobbs (1558-1679 yillar), Volter (1694-1778 yillar)
va Onore Mirabo (1749-1791 yillar) lar ham ushbu nazariya tarafdorlari
hisoblanishgan.
XIX asrning birinchi yarmida shveytsariyalik iqtisodchi Simond de Sismondi
(1773-1842 yillar) o’zining “Politekonomikaning yangi asoslari” nomli ilmiy asarida
(1819 yil) soliq nazariyasini rohatlanish (qanoatlanish) nazariyasi sifatida ta’riflaydi.
Soliqlar go’yoki, fuqarolarni jamiyatdan olgan rohatlari uchun to’lov sifatida
qaraladi. Fuqarolar soliqlarni to’lash hisobiga jamiyatdagi tartib-intizom, odil sudlov
tizimi, mol-mulki va shaxsiyatini muhofaza qilish kabi xizmatlarni sotib oladi va
bunday xizmatlarni fuqarolarning rohatlanishi sifatida qaraydi. Shunday qilib,
Sismondi o’zining ushbu nazariyasida u almashinuv nazariyasining zamonaviy
ko’rinishini ifodalashga harakat qilgan.
Ushbu davrda soliqlarga sug’urta mukofoti sifatida qarash shakllandi, bu
qarash tarafdorlari frantsuz hukumati arbobi Adolf Ter (1797-1872 yillar) va angliya
iqtisodchisi Djon Mak-Kullox (1789-1864 yillar) lardir. Ularning fikricha, soliq - bu
sug’urta to’lovidir, ya’ni har qanday xavf-xatar paydo bo’lish tasodifi uchun
fuqarolar davlatga soliq to’laydilar. Soliq to’lovchilar tijoratchilar hisoblanib, ular
o’z daromadlariga bog’liq holda mulkini urushdan, yong’indan va talonchilikdan
himoya qiladilar. Ammo soliq sug’urta to’lovi kabi sug’urta hodisasi ro’y berganda
fuqarolarga qaytarilish uchun emas, balki himoya va xavfsizlikni ta’minlash
xarajatlarini moliyalashtirish sifatida to’langan.
Do'stlaringiz bilan baham: |