2. Yagona yer solig’ini hisobi va hisoboti.
Qishloq xo’jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to’lanadigan yagona yer solig’i bo’yicha tartib O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 oktabr PF – 2086 sonli Farmoyishi va Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 26 dekabr 539 – sonli Qaroriga binoan ishlab chiqilgan bo’lib, unda yagona yer solig’i to’lovchilari bo’lgan qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining byudjet bilan hisoblashish mexanizmi keltirilgan. Hozirgi kunda yangi taxrirdagi soliq Kodeksiga asosan amalga oshirilmoqda. Bunga ko’ra yagona yer solig’i to’lovchilari bo’lib quyidagilar hisoblanadilar:
qishloq xo’jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar;
qishloq xo’jaligi yo’nalishidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining tajriba-eksperimental xo’jaliklari va ta’lim muassasalarining o’quv-tajriba xo’jaliklari.
Quyidagi shartlarga javob beradigan yuridik shaxslar soliq solish maqsadida qishloq xo’jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar jumlasiga kiradi:
yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va o’zi yetishtirgan mazkur mahsulotni qayta ishlash yoxud yer uchastkalaridan foydalangan holda faqat qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish asosiy faoliyat turi bo’lgan yuridik shaxslar;
qishloq xo’jaligini yuritish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o’zlariga belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalariga ega bo’lgan yuridik shaxslar;
qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va mazkur o’zi yetishtirgan mahsulotni qayta ishlash ulushi realizatsiya qilish yoki qayta ishlash uchun olingan qishloq xo’jaligi mahsulotini o’z ichiga oluvchi qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash umumiy hajmida kamida 50 foizni tashkil etadigan yuridik shaxslar.
Yangi tashkil etilgan qishloq xo’jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran yagona yer solig’i to’lovchilar bo’ladilar.
Quyidagilarga yagona yer solig’i to’lovchilari sifatida qaralmaydi:
-o’rmon va ovchilik xo’jaliklari;
-yuridik shaxs tashkil etgan holda va tashkil etmasdan tuzilgan dehqon xo’jaliklari.
Yagona yer solig’ini to’lash tartibini qo’llash uchun soliq to’lovchi har yili joriy soliq davrining 1 fevraliga qadar soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga o’tgan soliq davrida qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlashning umumiy hajmida qishloq xo’jaligi mahsulotining o’zi yetishtirgan va qayta ishlagan ulushi ko’rsatilgan ma’lumotnomani taqdim etadi.
Qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlashning umumiy hajmida qishloq xo’jaligi mahsulotining o’zi yetishtirgan va qayta ishlagan ulushini aniqlashda Soliq Kodeksning 132-moddasida nazarda tutilgan boshqa daromadlar hisobga olinmaydi.
Qishloq xo’jaligi mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash bilan bog’liq bo’lmagan faoliyat turlarini amalga oshirishda yagona yer solig’i to’lovchi mazkur faoliyat turlari bo’yicha alohida-alohida hisob yuritishi shart.
Soliq Kodeksining 350-moddasining birinchi qismiga muvofiq soliq solish tartibini tanlash huquqi saqlab qolingan mikrofirmalar va kichik korxonalar faoliyatning boshqa turlari bo’yicha korxonalarning tegishli toifalari uchun belgilangan stavkalar bo’yicha yagona soliq to’lovi to’lashi mumkin. Mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga kirmaydigan soliq to’lovchi umumbelgilangan soliqlarni to’lashga o’tishi kerak.
Yagona yer solig’i bo’yicha Qonun hujjatlariga muvofiq qishloq xo’jaligini yuritish uchun egalik qilishga, foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkasi soliq solish ob’ektidir, soliq solinadigan yer uchastkalarining qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan normativ qiymati soliq solinadigan bazadir. Hozirgi kunga kelib mamlakatimizning barcha viloyatlarida yerni normativ qiymati bo’yicha yagona yer solig’iga tortish amalga oshirilmoqda.
Soliq kodeksiga asosan ushbu soliq turi bo’yicha ham kalendar yil soliq davri hisoblanadi.Soliq summasi soliq solinadigan bazaga qarab yagona yer solig’i yer uchastkalarining normativ qiymati va yagona yer solig’ining belgilangan stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yagona yer solig’ining hisob-kitobi yer uchastkasi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga joriy soliq davrining 1 mayigacha taqdim etiladi.Yil davomida berilgan yer uchastkalari uchun yagona yer solig’i yer uchastkasi berilganidan keyingi oydan e’tiboran to’lanadi. Yer uchastkasi olib qo’yilgan (kamaytirilgan) taqdirda, yagona yer solig’ini to’lash yer uchastkasi olib qo’yilgan (kamaytirilgan) oydan e’tiboran to’xtatiladi (kamaytiriladi).
Yer uchastkasining tarkibi va maydoni yil davomida o’zgargan, shuningdek yagona yer solig’i bo’yicha imtiyozlarga bo’lgan huquq vujudga kelgan (tugatilgan) taqdirda, soliq to’lovchilar davlat soliq xizmati organlariga hisobot yilining 1 dekabrigacha yagona yer solig’ining aniqlik kiritilgan hisob-kitobini taqdim etishlari shart.
14-chizma
Do'stlaringiz bilan baham: |