Soliq Kodeksning 355-moddasiga muvofiq chegirmalar chegirib tashlangan holda hisoblab chiqarilgan yalpi tushum soliq solinadigan baza hisoblanadi.
Yagona soliq to’lovini hisoblashda ayrim hollarda yalpi tushumga tuzatishlar kiritishga to’g’ri keladi. Soliq to’lovchida yalpi tushumga tuzatish kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
1) tovarlar to’liq yoki qisman qaytarilganda;
2) bitim shartlari o’zgarganda;
3) baholar o’zgarganda, sotib oluvchi siylovdan foydalanganda;
4) bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlardan voz kechilganda.
Yagona soliq to’lovini hisoblashda kalendar yil soliq davri, yil choragi esa hisobot davri hisoblanadi.
Yagona soliq to’lovi soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchilar uchun yagona soliq to’lovi summasi byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan qo’shilgan qiymat solig’i summasiga, lekin yagona soliq to’lovi summasining 50 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorga kamaytiriladi.Qo’shilgan qiymat solig’ini ixtiyoriy ravishda to’lashga kalendar yil boshidan e’tiboran o’tmagan to’lovchilar yagona soliq to’lovi summasini qo’shilgan qiymat solig’i hisoblab chiqarilgan hisobot davriga to’g’ri keladigan summaga kamaytiradilar.
Joriy yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining quyi shkalasi bo’yicha soliq stavkasi 10 foizdan 9 foizga tushirildi.
O’zbekiston Respublikasining 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan "O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida"gi Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi yangi 159-1-modda (mazkur o’zgartirishlar 2012 yil 1 fevraldan e’tiboran amalga kiritiladi) bilan to’ldirilib, fuqarolar o’rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik holatlari uchun fuqarolarga nisbatan eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha bo’lgan miqdorda ma’muriy javobgarlik choralari belgilandi.
Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksining ayrim moddalariga ham o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi. Хususan, foyda solig’i bo’yicha kiritilgan o’zgartirish soliqni hisoblashda chegirib tashlanadigan mehnatta haq to’lash xarajatlari tarkibiga mehnat natijalari bilan bog’liq bo’lmagan bir yo’la beriladigan mukofotlar, ta’tilga qo’shimcha haqlar, oziq-ovqat, yo’l chiptalari qiymatini to’lash yoki qoplash, shuningdek, xodimlarga ta’til uchun mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha to’langan haq va ular bo’yicha pullik kompensatsiyalarni kiritishni nazarda tutadi. Avval ushbu xarajatlar Soliq kodeksining 147-moddasida nazarda tutilgan bo’lib, foyda solig’ini hisoblashda chegirilmas edi.
2012 yil boshidan e’tiboran kuchga kirgan soliq imtiyozlaridan yana biri - ommaviy axborot vositalari, nashriyot, poligrafiya korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlar faoliyati bilan bog’liq. Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan "Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo’shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to’g’risida"gi qaroriga asosan soha rivoji uchun yanada keng qulayliklar yaratildi.
Soliq kodeksining 356-moddasida hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan baza yangi texnologik asbob-uskunalar olishga yo’naltirilgan mablag’lar summasiga, lekin soliq solinadigan bazaning ko’pi bilan 25 foiziga kamaytirilishi belgilangan. Soliq solinadigan bazani kamaytirish texnologik asbob-uskunalarni foydalanishga joriy etilgan soliq davridan boshlab 5 yil mobaynida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.
Prezidentning 14.03.2007 yildagi "Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag’batlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi PF-3860-son Farmoni 3-bandida ham "Soliqqa tortishning soddalashtirilgan tartibi qo’llaniladigan yuridik shaxslar uchun besh yil davomida yagona soliq to’lovi to’lashda soliqqa tortiladigan bazani xarid qilingan yangi texnologik jihozlar qiymatiga teng, ammo soliqqa tortish bazasining 25 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorda kamaytirgan holda soliq imtiyozlari joriy etilsin" deb ta’kidlangan.
Ushbu imtiyozlar texnologik uskunalar ishga tushirilgan paytdan boshlab navbatdagi hisobot soliq davridan qo’llaniladi.
Shuni e’tiborga olish kerakki, yangi texnologik jihoz deganda chiqarilgan sanadan boshlab uch yildan oshmagan texnologik jihozlar tushuniladi(AV tomonidan 11.06.2007 yilda 1688-son bilan ro’yxatdan o’tkazilgan qaror bilan tasdiqlangan Nizom). Quyidagi shartli misollarda sizning holatingizdan kelib chiqib, YaSТning soliq solinadigan bazasi va uni kamaytirish summasini ko’rib chiqishimiz mumkin.