Mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlar Ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo’lgan va tuzilgan mehnat shartnomasiga (kontraktiga) muvofiq ishlarni bajarayotgan jismoniy shaxslarga hisoblanadigan va to’lanadigan barcha to’lovlar mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlar deb e’tirof etiladi:
mehnatga haq to’lashning qabul qilingan shakllari va tizimlariga muvofiq ishbay narxlar, tarif stavkalari va mansab maoshlaridan kelib chiqqan holda haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblangan ish haqi;
ilmiy daraja va faxriy unvon uchun qo’shimcha to’lovlar;
SKning 173-moddasiga muvofiq rag’batlantirish xususiyatiga ega to’lovlar;
SKning 174-moddasiga muvofiq kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiya);
SKning 175-moddasiga muvofiq ishlanmagan vaqt uchun haq to’lash.
shuningdek mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlarga quyidagilar ham kiradi:
fuqarolik-huquqiy tusda tuzilgan shartnomalarga muvofiq to’lovlar;
yuridik shaxsning boshqaruv organi (kuzatuv kengashi yoki boshqa shunga o’xshash organi) a’zolariga yuridik shaxsning o’zi tomonidan amalga oshiriladigan to’lovlar;
O’zbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasining xodimlariga xizmatni o’tashi (xizmat majburiyatlarini bajarishi) munosabati bilan to’lanadigan pul ta’minoti, pul mukofotlari va boshqa to’lovlar.
MISOL. Тaftish komissiyasi a’zosiga tashkilotning umumiy yig’ilishiga tayyorlanishi va qatnashishi kunlariga 25 000 so’m summadan kelib chiqib har bir kun uchun to’lanadi. 5 kun uchun unga 125 000 so’m hisoblanib, ushbu summa taftish komissiyasi a’zosining arizasiga asosan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’iga maksimal stavka (22%) bo’yicha tortiladi. Bu yerda taftish komissiyasi a’zosiga to’lanadigan mukofot summasi (125 ming so’m) mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlarga kiritiladi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’iga tortiladi va ijtimoiy sug’urtaga majburiy ajratmalar ob’ekti hisoblanadi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasi 27 500 so’mni (125 000 x 22%), hisoblangan sug’urta badali summasi - 6 875 so’mni (125 000 x 5,5%) tashkil etadi.