Sug’urtalangan xodimlar (mehnat bitimlari bo’yicha ishlayotganlarning hammasi shunday xodimlardir), tegishli hollarda esa ularning oilalari ham Davlat ijtimoiy sug’urta mablag’lari hisobiga quyidagilar bilan ta’minlanadilar:
nogiron bolasini tarbiyalayotgan ishlovchi ota - onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola 16 yoshga to’lgunga qadar qo’shimcha dam olish kuni uchun nafaqa (1136 - son Nizomning 85 - bandi);
bola tug’ilgandagi nafaqa;
yoshga doir, nogironlik bo’yicha va boquvchisini yo’qotgan taqdirda davlat pensiyasi;
dafn etishga nafaqa.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik hamda homiladorlik va tug’ish nafaqalarining davlat ijtimoiy kafolatlari sifatida to’lanishi saqlanadi. Biroq 2007 yil 1 yanvardan ular Davlat ijtimoiy sug’urta mablag’lari hisobiga emas, byudjet tashkilotlari tomonidan – mehnatga haq to’lash jamg’armasiga byudjet ajratmalari doirasida va xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan – o’z mablag’lari hisobiga, ko’rsatilgan xarajatlarni foyda solig’ini hisoblashda soliq solinadigan bazadan chegirgan holda amalga oshiriladi(Soliqkodeksining 141, 145 - moddalari).
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga ish haqidan fuqarolarning majburiy sug’urta badallarini yollanib ishlaydigan jismoniy shaxslar to’laydi. YOllanib ishlaydigan fuqarolarning majburiy sug’urta badallarini hisoblab yozish va ushlab qolish majburiyati, shuningdek hisoblashning to’g’ri bo’lishi uchun mas’uliyat ish beruvchi - yuridik shaxs zimmasiga yuklatilgan.
Mehnatga haq to’lash fondidan yagona ijtimoiy to’lov, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslar tomonidan to’lanadi va byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi, Bandlikka ko’maklashish davlat fondi va O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi o’rtasida taqsimlanadi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar soliq va yig’imlarga tenglashtirilgan.
Mehnatga haq to’lash fondidan ajratmalar va fuqarolarning majburiy sug’urta badallari haqiqatda hisoblab yozilgan mehnatga haq to’lash (daromad) fondi va ijtimoiy sug’urta tatbiq etilgan xodimlarning barcha toifalari ish haqidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Mehnatga haq to’lash fondidan ajratmalar va fuqarolarning majburiy sug’urta badallari mazkur tashkilotda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq chiqarilgan nizomlar, ustavlar, qarorlar va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan belgilanadigan, moliyalash manbalaridan qat’i nazar, soliqlar ushlanishini hisobga olmasdan ish haqi (daromad)ning barcha turlariga hisoblab yoziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |