Siyosiy ong shakllanishining asosiy omillari
Siyosiy ong insonda o‘z — o‘zidan, qup — quruq joyda shakllanmaydi. U muayyan ijtimoiy — siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy shart — sharoitlar negizida shakllanadi. Bunday shart — sharoitlar mavjud bo‘lmas ekan, insonda siyosiy ong shakllanmaydi. U siyosatning obyektiligicha qolaveradi. Siyosiy ongning shakllanishi - murakkab jarayondir. Bu jarayon avvalo, ijtimoiy — siyosiy shart — sharoit — demokratik siyosiy tartibotning mavjudligiga bog‘liqdir. Jamiyatda bunday munosabatlar mavjud bo‘lmasa, mustahkamlanib borilmasa insonda siyosiy ong shakllanmaydi. Jamiyatda mavjud bo‘lgan avtoritsetlar, ma’muriy — buyruqbozlik siyosiy tizimi esa inson siyosiy ongning shakllanishiga imkon bermaydi. Aksincha, bu tizim insonni qullikka mahkum etadi, uni hokimiyatdan begonalashtiradi, biqiqlik, befarqlikni, tug‘diradi, boshqaruv apparatlarini halqdan uzoqlashtiradi.
Jamiyatda demokratik siyosiy tizimning mavjudligi va uniig mustahkamlanib borishi — insonni siyosiy ong shakllanishining xal qiluvchi shartidir. Bunday siyosiy tizim inson siyosiy onggi va faoliyatining rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratadi, uni rag‘batlantiradi. Jamiyat siyosiy tizimi qanchalik demokratik bo‘lsa, inson shunchalik siyosiy hayotda faol ishtirok etadi.
Siyosiy ongning shakllanishi jamiyatda faqat demokratik siyosiy tizimning mavjudligi bilan belgilanib qolmaydi. U jamiyat iqtisodiyotining taraqqiy etib borishi darajasiga, halqning moddiy farovonligiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Jamiyat iqtisodiyotining yuqori darajada taraqqiy etishi fuqarolik xizmatining bilimdon, malakali, kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan boshqaruv qadrlari shakllanishi uchun zarur asos bo‘lib xizmat qiladi. Yetishmovchilik, qashshoqlik sharoitida demokratiya negizida samarali boshqarish uchun zarur bo‘lgan umumta’lim va kasb tayyorgarliligining yuqori darajasiga ommaviy miqyosda erishish qiyin. Bunday sharoitda qadrlarni shakllantirishda, ulardan foydalanishda bilimdonlik va kasbga bo‘lgan talablar boshqa tamoyillar: qon — qardoshlik, yurtdoshlik, oshna — og‘aynigarchilik, boshliqqa sodiqlik va boshqalar bilan almashtiriladi. Davlat xizmati, siyosiy faoliyatga tezda boy bo‘lib ketish maqsadida shaxsiy manfaatlarini qondirishning vositasi sifatida qarash – boshqarish tizimi uchun oxir oqibatlar keltirib chiqaradi.
Iqtisodiyotining taraqqiy etishi, halqning farovonlikka erishuvi — siyosiy ong shakllanishining asosiy shartlaridan biridir. Jamiyat qanchalik iqtisodiy jihatdan taraqqiy etib borsa, u idora qilishning demokratik shakllariga shunchalik ochiq bo‘ladi. Xalq qanchalik boy va badavlat, farovon yashasa, u shunchalik demokratiyani qo‘llab — quvatlaydi va himoya qiladi.
Siyosiy ong shakllanishi jamiyatning, ma’naviy, ma’rifiy jihatdan rivojlanishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Sababi — ma’naviy, ma’rifiy jihatdan taraqqiy etmagan jamiyat hech qachon insonni siyosat subyekt sifatida shakllantira olmaydi. Bunday jamiyat va uning fuqarolari siyosiy manipulyatsiya—firibgarlikning obyekti bo‘lib kelaveradi. Ma’naviy qashshoq, savodsiz bo‘lgan inson jamiyat anglagan siyosatdan tashqarida bo‘ladi. U dunyo siyosiy xarakatlarning subyekti emas, balki obyekti buo‘lib qoladi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, jamiyatning ma’naviy — ma’rifiy sohasi, insonnnng ma’lumot darajasi qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik siyosiy bilimdon va siyosiy faol bo‘ladi. Eng asosiysi demokratik uslub, ko‘rsatmalar, hatti —harakatlarga moyil bo‘ladi. Xususan, mukammal ta’lim insonning siyosiy dunyoqarashini kengaytiradi, sabr — toqatli, mehr — okibatli bo‘lishga yordam beradi, ekstremistik g‘oyalarga aloqador bo‘lishdan saqlaydi, saylov kompaniyalari davrida uning odil va oqilona yo‘lni tanlash qobiliyatini oshiradi. Yuqori ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs hukumatning qarorlarini, ko‘rsatmalarini yaxshi anglaydi, siyosiy habarlarni chuqur biladi, keng doiradagi mavzular bo‘yicha o‘zining mustaqil fikriga ega buladi. Inson qanchalik ma’lumotli bo‘lsa, uning siyosiy bahs — munozaralarida ishtirok etish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. U o‘zini kichik bir muruvvat emas, balki hukumatga ta’sir ko‘rsatishga qodir inson, deb hisoblaydi. Individ qanchalik ma’lumotli bo‘lsa, u muayyan jamoat tashkilotlarining faol a’zosi bo‘lishi, o‘zini o‘rab turgan ijtimoiy — siyosiy muhitga ishonch bildirishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
Shunday qilib, siyosiy ong muayyan ijtimoiy — siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy — ma’rifiy omillar, shart- sharoitlar negizida shakllanadi. Bu omillar yo inson siyosiy faoliyatining rivojlanishiga, uning siyosat subyekti sifatidagi potensial fazilatlarining ochilishiga yordam beradi yoki bu jarayonlarni qiyinlashtiradi va eski siyosiy tizim negizini konservatsiya qiladi.
Uchinchi savol: Siyosiy mafkura haqidagi masala — siyosat nazariyasining eng muxim va dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bu masala ilgaridan kishilar o‘rtasida ehtirosli, qizg‘in, qarama — qarshi fikr — mulohazalar, baxslar va munozaralarga sabab bo‘lib kelgan va bugungi kunda shundayligicha qolmoqda. Biz mazkur mavzuda ana shu masalaning mazmun — mohiyati, asosiy ko‘rinishlari haqida to‘htalib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |