Madaniy-axborot hokimiyati - bu ilmiy bilimlar, axborotlar va ularni tarqatuvchi vositalar orqali kishilar ma’naviy dunyosi ustidan nazoratdir. Bundan tashqari, bu obro‘ asosida bo‘ysunishlik bilan bog‘liq bo‘lgan hokimiyatni axloqiy, diniy va boshqa ko‘rinishlaridir. Hozirgi kunda ilg‘or mamlakatlarda ma’naviy ta’sir etishning barcha ko‘rinishlari orasida ilmiy-axborot hokimiyati birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bilim hukumat qarorlarini tayyorlashda, kishilarning ongiga bevosita ta’sir etishda keng foydalanilmoqda. Bunday ta’sir ko‘rsatish ijtimoiylashuv muassasalari (ta’lim, OAV) orqali amalga oshirilmoqda. Axborot hokimiyati turli-tuman maqsadlarga xizmat qilishga qodir. U hukumat faoliyati haqida nafaqat ob’ektiv xabarlarni tarqatishga, noholisona, noaniq xabarlarni tashviqot-targ‘ibot qilib, kishilar ongi va xulq-atvorini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga ham xizmat qilishi mumkin.
Majburlovchi hokimiyat - majburlovchi resurslarga tayanadigan va majburiy kuch ishlatishni qo‘llash yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilish yordamida kishilar ustidan nazorat qilishdir. U iqtisodiy, madaniy-axborot hokimiyati etarli bo‘lmaganda amal qiladigan, ularni to‘ldiradigan hokimiyatdir. Kuch ishlatishga tayanish- majburlovchi hokimiyatning muhim xususiyatidir. Bundan majburlovchi va siyosiy hokimiyat aynan bir narsa ekan, degan xulosani chiqarmaslik kerak.
Majburlovchi va siyosiy hokimiyatni bir narsa deb, tushunishni o‘rinli deb bo‘lmaydi. Kuch ishlatishga, majburlashga siyosiy hokimiyat ham tayanishi mumkin. Masalan, jinoiy guruhlarni tugatishda, tashqaridan bo‘ladigan bosqinchilik harakatlarini bartaraf etishda majburlovchi resurslardan foydalaniladi. Bu bilan uni majburlovchi hokimiyat bilan aynan bir narsa deb bo‘lmaydi.
Siyosiy hokimiyat majburlovchi hokimiyat singari faqat kuch ishlatuvchi, majburlovchi (jismoniy, moddiy, ruhiy) resurslarga tayanish bilan cheklanib qolmaydi. U ijtimoiy muammolarni hal etishda iqtisodiy, sotsial va ma’naviy-axborot resurslariga ham tayanadi. SHuning uchun ham majburlovchi hokimiyatni siyosiy hokimiyatdan farqlamoq kerak.
Hokimiyat ko‘rinishlari yuqorida qayd etilganlar bilan cheklanmaydi. U sub’ektiga ko‘ra- davlat, partiya, armiya, kasaba uyushmalari, oila va boshqalar hokimiyatiga; qanday funksiyalarni bajarishiga ko‘ra- qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga; hokimiyat sub’ekti va ob’ekti o‘zaro harakatining ustunligiga ko‘ra demokratik, avtoritar va totalitar hokimiyatlarga bo‘linadi. SHunigdek, hokimiyat tarqalish kengligi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar; makro darajada davlatning markaziy organlari; mezo darajada viloyat, tuman tashkilotlari; mikro darajada boshlang‘ich tashkilotlar hokimiyatlariga ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |