Teologik konsepsiya davlatning kelib chiqishini ilohiy qonunlar bilan bog‘laydi.
Patriarxal nazariya (asoschisi – XVIII asr ingliz siyosiy mutafakkiri Robert Filmer) davlatning vujudga kelishini urug‘larning qabilalarga, qabilalarni esa katta ijtimoiy birliklarga, shu tariqa davlat tuzilmalariga qadar mexaniq birlashuvi natijasi, deb hisoblaydi.
O‘z vaqtida Konfutsiy davlatning patriarxal-paternalistik konsepsiyasini bayon qilib bergan edi: unga ko‘ra davlat katta oila hisoblanadi. U hukmdorlarni fuqarolar bilan yaxshi fazilatlar asosida munosabat o‘rnatishga da’vat qildi. Konfutsiyning fikriga ko‘ra davlat – bu umum manfaati yo‘lida hammaning nomidan amalga oshiriladigan patriarxal hokimiyatning rivojlangan shakli.
T. Gobbs, J. Lokk va J. J. Russo tomonidan rivojlantirilgan ijtimoiy kelishuv nazariyasi davlatni ijtimoiy hayotni tashkil qilish va tartibga solishni ta’minlash maqsadida mustaqil hukmdor va fuqarolar o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro kelishuvdan keltirib chiqaradi.
XIX asrda davlatning paydo bo‘lishini bir guruhning ikkinchisini bosib olish bilan izohlovchi zo‘ravonlik nazariyasi (asoschisi avstriyalik sotsiolog va huquqshunos L. Gumplovich) keng tarqaldi.
Psixologik nazariya davlatning paydo bo‘lishini inson dahosidan tug‘ilgan g‘oyalardan keltirib chiqaradi.
Ijtimoiy-iqtisodiy nazariya davlatning kelib chiqish manbalarini mehnat taqsimotidan, jamiyatni boshqarish faoliyatining ajralib chiqishidan qidiradi. Uning eng qadimiy ko‘rinishi – Platon qarashlari.
Marksistik nazariyaga ko‘ra davlat iqtisodiy jihatdan hukmron sinf manfaatlarining ifodachisi sifatida jamiyatning sinflarga bo‘linishi natijasida paydo bo‘ladi. Davlatning barham topishi muammosi bu nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
Davlat paydo bo‘lishining zamonaviy nazariyasi yuridik hisoblanadi, chunki u davlatni xalqlarning huquqlarida ko‘radi va hokimiyatni inson huquqlari, ya’ni belgilangan darajadagi inson erkinliklari asosiy talablarining hokimiyatga munosabat bilan bog‘laydi. Demak, davlat - suverenitetga, boshqaruvning hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning mahsus apparatiga ega bo‘lgan, shuningdek, huquq normalari ( qoidalari)ni yaratishga qodir bo‘lgan ommaviy hokimiyatning siyosiy-xududiy tashkilotidir.
Davlat - butun mamlakat mikyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv va majburlov apparatiga ega bo‘lgan, barcha uchun majburiy qonunlar chiqaradigan va suverenitetga ega bo‘lgan yagona siyosiy tashkilotdir.
Davlat - jamiyat siyosiy tizimning odamlar, guruhlar, sinf, tashkilot, shamkorlikdagi faoliyatini va o‘zaro munosabatini tashkil etuvchi, yo‘naltiruvchi va nazorat qiluvchi asosiy institutdir.
Davlat - hokimiyatning bosh instituti. Hokimiyat davlat orqali o‘z siyosatini amalga oshiradi. «Hokimiyat», «davlat» va «siyosat» tushunchalari bir-biriga juda yaqin bo‘lib, bir-birlarini belgilab beradi.
Davlatning jamiyat siyosiy tizimidagi o‘rni va roli uning funksiyalari bilan belgilanadi. Odatda, davlat funksiyalari ichki va tashqi funksiyalarga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |