1.Valyuta operasiyalarining mohiyati, turlari va huquqiy asoslari
Valyuta bozorlarida banklar va kompaniyalar valyuta operatsiyalarini, ya’ni valyutalarning oldi-sotdisini amalga oshiradilar.
Valyuta bozorlari- bu talab va taklif asosida turli xil valyutalar oldi-sotdi qilinadigan rasmiy markazlardir. Ya’ni, valyuta bozori - bu chet el valyutasini oldi-sotdisini va chet el valyutasidagi qimmatbaho qog’ozlarni, hamda valyutaviy kapitalni investitsiya qilish munosabatlarini amalga oshiruvchi iqtisodiy munosabatlarni namoyon qiluvchi markaz hisoblanadi.Valyuta bozori moliya bozorining muhim va asosiy qismini tashkil qiladi.
Valyuta bozorlaridagi operatsiyalarning asosi bo’lib, tashqi savdo bo’yicha xalqaro hisob-kitoblar, xalqaro turizm, kapitallar va kreditlarning davlatlararo harakati hamda chet el valyutasini oldi-sotdi qilish bilan bog’liq boshqa hisob-kitob operatsiyalari hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish joizki, milliy iqtisodiyotni faqat shu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan barcha ehtiyojlarni qondirib bo’lmaydi. Demak, mamlakatlar o’rtasida eksport-import operatsiyalari albatta amalga oshishi yuz beradi.
Hozirgi zamon valyuta bozorlarining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, ular zamonaviy elektron aloqalar orqali bir-biri bilan uzviy bog’langan. Turli mamlakatlarda joylashgan xalqaro valyuta bozorlari valyutalarni oldi-sotdi qilish jarayonida bir-biriga nisbatan doimiy ta’sirda bo’ladi. Jahon valyuta bozorlari asosan valyutaviy cheklashlar bo’lmagan yoki zaif tarzda mavjud bo’lgan mamlakatlarda joylashgan.
Valyuta bozorlarining, asosan, 3 turini ko’rsatish mumkin, ular milliy, hududiy va jahon valyuta bozorlaridir.
Valyuta bozorida sotib oluvchi sifatida - talab va sotuvchi sifatida - taklif, bir-biri bilan uchrashadi. Sotib oluvchi yoki sotuvchi sifatida qatnashayotgan har qanday iqtisodiy sub’ekt, ya’ni davlat, xo’jalik sub’ekti yoki fuqaro o’zining moliyaviy qiziqishlariga ega bo’ladi. Bu moliyaviy qiziqishlar bir-biri bilan mos kelishi ham, mos kelmasi ham mumkin. Manfaatlar bir-biri bilan mos kelgan taqdirda, valyuta qimmatliklarini oldi-sotdisi haqida bitim tuziladi. Shuning uchun, valyuta bozori valyuta qimmatliklarini sotuvchi va xaridorning qiziqishlarini namoyon qiluvchi o’ziga xos iqtisodiy instrument hisoblanadi.
Funktsional nuqtai nazardan qaraganda, valyuta bozorlari o’z vaqtida xalqaro hisob-kitoblarni, valyuta risklarini sug’urtalashni, valyuta zaxiralarini diversifikatsiyalashni, valyuta interventsiyasini amalga oshiradigan va valyuta bozorida qatnashuvchilarning kurslari o’rtasidagi farq natijasida keladigan daromadni o’zida namoyon qiladi.
Institutsional nuqtai nazardan qaraganda, valyuta bozorlari vakolatli banklarning, investitsion kompaniyalarning, birjalar, brokerlik idoralari, chet el banklari tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini o’zida namoyon qiladi. Tashkiliy-texnik nuqtai nazardan qaraganda, valyuta bozori jahonning turli mamlakatlari bilan xalqaro hisob-kitoblar va boshqa valyuta operatsiyalarini bir-birini o’zaro bog’lovchi telegraf, telefon, teleks, elektron aloqa vositalari va shu kabi kommunikatsiya tizimlari yig’indisini o’zida namoyon qiladi.
Valyuta bozorida sotuvchi va xaridor o’rtasida chet el valyutasini oldi-sotdi qilishda dallol bo’lib, faqatgina banklar qatnashadilar. Valyuta bo’limining asosiy vazifasi bo’lib, o’zining mijozlariga ma’lum bir valyutadagi aktiv va kapitallarini boshqa bir xorijiy valyutaga konvertirlashni ta’minlash hisoblanadi. Bu jarayon “naqd bitim”, ya’ni spot operatsiyasi yoki “muddatli bitimlar”, ya’ni ularning keng tarqalgan shakli - forvard operatsiyalari shaklida bo’lishi mumkin.
Jahon valyuta bozorida valyuta oldi-sotdisi tunu-kun amalga oshiriladi. Bunga asosiy sabab, jahon hududiy valyuta bozorlarining turli soat millarida joylashganligi bilan bog’liqdir. Hozirgi vaqtda Osiyo - Tokio, Gonkong, Singapur, Melburndagi markazlari bilan, Evropa - London, Frankfurt-na Mayne, Tsyurix, Amerika - Nyu-York, Chikago, Los-Andjeles valyuta bozorlari jahon valyuta bozorlarining asosiy qismini egallagan.
Xorijiy valyutadagibitimlar dunyoning ko’plab banklarida, taxminan, ertalab soat 900 da boshlanadi, biroq, dilerlarning ish faoliyati bu bitimlarni tuzishdan kamida bir soat oldin boshlanadi. Har kuni ertalab, chet el valyutasi bo’yicha mas’ul xodim (bo’lim boshlig’i) o’zining xodimlarini bitimlar tuzish bo’yicha me’yoriy hujjatlar, hamda zaruriy ma’lumotlar va yangiliklar bilan ta’minlaydi.
Jahonning hududiy valyuta bozorlarida odatda barcha valyutalar kotirovka qilinmaydi, balki faqatgina, ushbu bozorda qatnashayotganlarga kerakli bo’lgan valyutalar, ya’ni mahalliy pul belgilari va bir qator etakchi erkin konvertirlanadigan valyutalar, birinchi navbatda, zaxira valyutalar (AQSh dollari, Yaponiya ienasi, evro, Shveytsariya franki va shu kabi valyutalar)dan keng foydalaniladi.
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda, kurs asosan, yirik banklar, xalqaromoliyaviy tashkilotlarning market-meykerlari tomonidan, kutilayotgan talab va taklif o’rtasidagi farqqa bog’liqholda o’rnatiladi.
Market-meykerlar- bu turli valyutalarni bitimlar bo’yicha sotib olish va sotish kurslari kotirovkasini doimiy ravishda amalga oshiruvchi moliya muasassalari hisoblanadi.
Albatta, market-meykerlar faqatgina chet el valyutalarini milliy valyuta bilan solishtirmaydilar, balki ular milliy valyutaga tegmagan holatda chet el valyutalarini o’zlarini kotirovkalarini ham amalga oshirishlari mumkin.
Umuman, ma’lum bir valyutalarni emitenti bo’lgan mamlakatlarda shu valyuta bo’yicha market-meykerlar mazkur mamlakatda joylashgan bo’ladi. Evro bo’yicha etakchi market-meykerlarni Germaniyadan, Shveytsariya franki bo’yicha esa, Shveytsariyadan topish mumkin. Market-meykerlar o’zi mutaxassis bo’lib hisoblangan valyutani oldi-sotdi kursi kotirovkasini amalga oshiradi.
Nisbatan kam banklar, butun dunyo bo’yicha valyuta kotirovkasini beradilar, shunday bo’lsada, Buyuk Britaniyaning keng tarmoqli kliring banklari kabilar o’z mijozlariga keng ko’lamda kotirovkalarini taklif etadi.
Valyuta bozorida kam uchraydigan valyuta bilan bog’liq operatsiyalarni tijorat banklarida diling bo’limini o’zi emas, balki qo’shimcha bo’limlar amalga oshiradilar. Kam uchraydigan valyutalar, asosan, valyuta bozori rivojlanmagan mamlakatlarda yoki chet el valyutasi bilan bog’liq operatsiyalarga ma’lum bir cheklovlar qo’yilgan mamlakatlarda uchraydi. Albatta, bunday cheklovlar mamlakat hududiga valyuta kirib kelishiga emas, balki ko’proq chiqib ketishiga joriy qilinishi keng qo’llaniladi. Agar, banklar ushbu (kam qo’llaniladigan) valyutalar bo’yicha mijozlarning talablarini bajara olmasa, ular o’zlarining filiallari yoki boshqa valyutalarda pul qabul qilish yoki to’lovni amalga oshirish maqsadida vakillik banklardan foydalanadilar.
Naqd kassa bitimi deganda, odatda, spot operatsiyalari tushuniladi.
Spot operatsiyasi, qoida bo’yicha, bitim kunini hisobga olmagan holatda, ikki ish kuni davomida valyutani ayirboshlash bitimini bildiradi.
Shuni alohida qayd etib o’tish lozimki, valyuta operatsiyalari ichida eng ko’p qo’llaniladigani spot operatsiyalaridir va ushbu bozorlarda tijorat banklarining ulushi sezilarli darajada. Tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalarining tarkibiga qaraladigan bo’lsa, unda spot operatsiyalari hajmi jami valyuta operatsiyalarining 80 foiz miqdorini tashkil etadi.
Shuning bilan birga, spot operatsiyalari tijorat banklarining valyuta operatsiyalari ichida eng ko’p riskka tortilgani bo’lib hisoblanadi. Bunga asosiy sabab, spot operatsiyalarining qisqa muddatliligi va ularni sug’urtalashning imkoniyatini yo’qligidir. Shu sababli, tijorat banklariga valyuta pozitsiyalari bo’yicha limitlar joriy etilgan.
Vakolatli banklarning ochiq valyuta pozitsiyasi yuritilishi haqidagi hisobotni tahlil qilishning zarurati Markaziy Bank tomonidan respublikadagi mavjud vakolatli banklarning valyutaviy risklari kamaytirilishiga qaratilgan siyosati bilan izohlanadi.
Valyuta pozitsiyasiga limit har bir davlatning iqtisodiy holati va mamlakat moliyaviy tizimining o’ziga xosligidan kelib chiqib o’rnatiladi.
Xorijiy valyutalar qator sabablarga ko’ra spot shartlari asosida oldi-sotdi qilinadi. Xususan, import mahsulotlari, shuningdek chet el aktivlari (obligatsiya, ko’chmas mulk va h.k.) uchun to’lovlarni amalga oshirish, chet elga sayohat yoki xizmat safarlarini moliyaviy ta’minlash va boshq. Spot operatsiyalari orqali banklar o’z mijozlarining xorijiy valyutadagi extiyojlarini qondiradi, arbitraj (spekulyativ) operatsiyalarni amalga oshiradi, xorijiy valyutadagi qisqa muddatli kapital harakatini yuzaga keltiradi.
Spot shartlari asosida valyutalar savdosida keng tarqalgan usullardan biri marja asosidagi savdo hisoblanadi. Spot bitimida marja boshlang’ich kapital vazifasini bajarib, dilerlik yoki kliring, birja, savdo markazi uchun o’tkaziladigan operatsiyalarga garov rolini bajaradi. Savdo tashkilotchisiga taqdim etilganidan so’ng uni kredit “elkasi” yoki “richagi” orqali bir necha barobar (1:30, 1:40, 1:50 yoki 1:100 va h.k.)ga oshirgan holda valyutalar savdosini amalga oshirish mumkin. Natijada, qo’yilgan summadan bir necha barobar katta mablag’ bilan valyutalar oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirib, qo’yilgan marjadan ko’p bo’lmagan zarar bilan katta miqdordagi foydani olish mumkin bo’ladi. Kurslar o’zgarishidan ko’rilgan zarar hajmi birjaga ko’yilgan marjadan chegirib (ayirib) olinadi, natijada garov ta’minotingiz kamayib boradi. Aksincha, spot bitimida valyuta kurslari tebranishidan foyda ola boshlasangiz, ular marja ustiga ko’shilib boradi.
Arbitraj operatsiyalari – valyuta kurslarifarqidan foyda olish maqsadida amalga oshiraladigan spekulyativ operatsiyalardan biridir. Bunda odatda, arbitrajyor ma’lum bir qisqa vaqt oralig’ida turli joylardagi valyuta bozorlarida shakllangan bir turli valyuta kurslari farqidan foyda oladi. Ya’ni, bir joydan valyutani arzon sotib olib, boshqa bir joyda qimmatroqqa sotadi. Bu kabi, qisqa muddatli valyuta arbitraji operatsiyalarida risk darajasi uzoq muddatli valyuta operatsiyalariga nisbatan kam bo’ladi. Arbitrajyorlar valyuta bozordagi kurslarning o’zgarish tendentsiyalarini aniqlash maqsadida doimo ularni kuzatib boradilar, yirik banklar faoliyati natijalarini proznozlash, bozorga keskin ta’sir ko’rsatuvchi omillarni tahlil qilish qobiliyatiga ega bo’ladilar.
Muddatli bitimlar bilan bog’liq operatsiyalar. Tijorat banklarining muddatli bitimlari deb, belgilangan muddatda, ammo ikki ish kunidan keyin amalga oshiriladigan operatsiyalarga aytiladi.
Amaliyotda muddatli bitimlarning keng tarqalgan quyidagi turlari mavjud:
forvard valyuta bitimlari;
moliyaviy fyuchers bitimlari;
valyuta optsioni;
svop operatsiyalari.
Forvard valyuta bitimi - bu, valyuta bo’yicha bitim imzolangan sanadan boshlab, ikki ish kunidan keyin amalga oshiriladigan to’lovni nazarda tutuvchi bitimdir. Bu bitim aniq bir sanada, yoki ikki sana orasida amalga oshirishni nazarda tutishi mumkin.
Quyidagilar ushbu bitimning ayrim o’ziga xos bo’lgan jihatlari mavjud:
a) bu voz kechib bo’lmaydigan va majburiy shartnomadir. Bitim tuzilgandan keyin mijoz bitimdan voz kechishga xaqqi yo’q. Mijoz shartnomada ko’rsatilgan chet el valyutasini sotib olishi yoki sotishi shart.
b) bu bitim chet el valyutasidagi aniq bir summani tashkil etadi. Mijoz bitimda ko’rsatilgan summadan ko’proq valyutani sotib olishga ham, sotishga ham haqqi yo’q.
v) bitim kelajakdagi aniq bir sanada bajarilishi shart (ikkita aniq sananing orasida). Mijozda forvard bitimi bajarilish sanasini uzoqlashtirishga ham, yaqinlashtirishga ham vakolat yo’q.
Forvard valyuta bitimining shartlari qattiq hisoblanadi, va agar mijoz uning shartlarini bajara olmasa, bank mijozning forvard valyuta bitimidagi majburiyatlarni bajarmasdan ketib qolishiga yo’l qo’ymaydi, balki bitimning muddatini “uzaytiradi” yoki bank o’z hisobidan majburiy ravishda “so’ndiradi”.
Valyuta optsioni. Valyuta optsioni uning xaridoriga ma’lum bir huquqni beradi, ayni paytda, uning zimmasiga kelajakdagi ma’lum muddatda belgilangan narx bo’yicha xorijiy valyutaning muayyan miqdorini xarid qilish yoki sotish majburiyatini yuklamaydi. Optsionni sotuvchi xaridor oldida kelajakdagi muayyan muddatda qat’iy belgilangan narx bo’yicha muayyan miqdordagi xorijiy valyutalarini xarid qilish va sotish majburiyatlarini o’z zimmasiga oladi. Optsion xaridori (shuningdek, optsion egasi deb nomlanadi) ushbu operatsiyani amalga oshirish huquqini olish evaziga belgilangan miqdordagi pulni - vositachilik haqini to’laydi. Optsion oldindan belgilangan muddatgacha kuchga ega bo’ladi. Ushbu muddat ekspiratsiya sanasi deb ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |