Islom Karimov
O`qituvchi:
Bugun biz tez sur’atlar bilan o`zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o`ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashamoqdamiz. Globallashuv- bu avvalo hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir. Har bir ijtimoiy hodisaning ijobiy va salbiy tomoni bo`lgani singari, globallashuv jarayoni ham bundan mustasno emas.Ayni paytda hayot haqiqati shuni ko`rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda- ezgulik va yovuzlik yo`lida foydalanish mumkin.
Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig`iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, ha, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo`q, deb beparvo qarab bo`lmaydi.
Globallashuv jarayoning yana bir o`ziga xos jihati shundan iboratki, hozirgi sharoitda u mafkuraviy ta’sir o`tkazishning nihoyatda o`tkir quroliga aylanib, har xil siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilayotganini sog`lom fikrlaydigan har qanday odam, albatta, kuzatishi muqarrar.
Ta’bir joiz bo`lsa, aytish mumkinki, bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko`proq kuchga ega. Bu masalaning kishini doimo ogoh bo`lishga undovchi tomoni shundaki, agar harbiy, iqtisodiy, siyosiy tazyiq bo`lsa, buni sezish, ko`rish, oldini olish mumkin, ammo mafkuraviy tazyiqni, uning ta’siri va oqibatlarini tezda ilg`ab yetish nihoyatda qiyin. Barchamizga ayon bo`lishi kerakki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o`zibo`larchilikka tashlab qo`yilsa, o`sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha- qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo`lsa, o`sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi.
Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog`liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko`pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda.
Ota-bobolarimizning ongu tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg’u va tushunchalar bu kodeksning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi.
(Yuksak ma’naviyat –yengilmas kuch)
Komil Sindarovning quyidagi to`rtligi bilan mavzuga xulosa yasaladi:
Magar topsin desang ishlarim rivoj
Yaxshi-yomon kunda duoga qo`l och.
Ezgu tilaklarni shamchiroq etib,
Nurli manzillarga o`zingga yo`l och.
Topshiriq: Guruhlar bugun yoshlarimiz orasidagi ba’zi bir kamchiliklarni qanday qilib bartaraf qilish kerakligini har biri o`z dunyoqarashlaridan kelib chiqib xulosa qiladilar. O`zbek maqollaridan misollar keltiradilar. Ba’zi bir o`quvchilar mavzuga oid hikoya va rivoyatlarni so`zlab beradilar va tahlil qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |