Darsning borishi :
Tashkiliy qism: 1. Salomlashish.
2. Davomadini aniqlash.
3. Darsga tayyorgarlik ko’rish.
Uyga vazifani tekshirish: Konspektni tekshirish , savol-javob tariqasida uyga vazifani so’rash.
Yangi dars bayoni:Yadro — zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar hujayrasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Hujayra yadrosida DNK ya’ni, genlar bo‘lib, ular ikki asosiy vazifani bajaradi: 1. Genetik axborotni saqlaydi va ko‘paytiradi. 2. Hujayrada sodir bo‘ladigan moddalar almashinuvi jarayonini idora qiladi. Hujayra yadrosiz uzoq yashay olmaydi va yadro ham hujayrasiz mustaqil yashash qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun sitoplazma bilan yadro o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tizimni tashkil qiladi. odatda hujayralar bitta yadroga ega bo‘ladi. Ba’zan 2—3 yadroga ega bo‘lgan hujayralar ham uchrab turadi. Ko‘p yadroli hujayralar (ayrim hollarda o‘nlab yadrolar) borligi ham ma’lum. Yadroning shakli ko‘pincha hujayra shakliga o‘xshab ketadi. Ayrim hollarda noto‘g‘ri shaklga ega bo‘lgan yadrolar ham uchraydi. Yadro qo‘sh membranali qobiq bilan o‘ralgan. Tashqi, sitoplazma bilan tutashgan yadro membranasida ribosomalar joylashgan. Ichki tomondan yadro membranasi silliq bo‘ladi. Yadro qobig‘i hujayra membrana tizimining bir qismi hisoblanadi. Tashqi yadro membranasining o‘simtalari endoplazmatik to‘r kanallari bilan qo‘shilib, bir-biriga ulanib ketgan. Yadro bilan sitoplazma o‘rtasidagi moddalar almashinuvi ikki xil yo‘l bilan amalga oshiriladi. Birinchidan, yadro qobig‘ida juda ko‘p teshikchalar mavjud bo‘lib, ular orqali yadro va sitoplazma o‘rtasida molekulalar almashinib turadi. Ikkinchidan, moddalar almashinuvi yadrodan sitoplazmaga va aksincha yadro qobig‘ining o‘simtalarini yoki botib kirgan qismni ajratish yo‘li bilan ham amalga oshiriladi. Yadro bilan sitoplazma o‘rtasida faol modda almashinuvi bo‘lishiga qaramasdan, yadro qobig‘i uning ichki qismini sitoplazmadan ajratib, ularning kimyoviy tarkibidagi farqni saqlab turadi. Bu yadro tizimining me’yorida ishlab turishi uchun zarurdir. Hujayra yadrosi tarkibiga quyuq yadro shirasi, xromatin va bitta yoki bir necha yadrocha kiradi. Tirik hujayradagi yadro shirasi, yadro tuzilishidagi oraliqlarini to‘ldirib turuvchi gelsimon massadan iborat. Yadro shirasi tarkibiga har xil oqsillar (shu jumladan fermentlar), erkin nukleotidlar, aminokislotalar hamda yadro va xromatin hayot faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan yadrodan sitoplazmaga chiqadigan mahsulotlar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |