Darsning borishi :
Tashkiliy qism: 1. Salomlashish.
2. Davomadini aniqlash.
3. Darsga tayyorgarlik ko’rish.
Uyga vazifani tekshirish: Konspektni tekshirish , savol-javob tariqasida uyga vazifani so’rash.
Yangi dars bayoni:Tirik organizmlarning hujayraviy tuzilishini o‘rganishda keng qo‘llaniladigan usullarga yorug‘lik va elektron mikroskoplar kiradi. Yorug‘lik mikroskopining asosiy qismlari obyektiv va okulardan iborat. Mikroskopning eng muhim qismi obyektiv bo‘lib, kuzatilayotgan predmetni kattalashtirib beradi. okularlar ham linzalar tizimidan iborat bo‘lib, ular o‘rganilayotgan predmetning tasvirini kattalashtirishda ishtirok etadi. Dastlabki mikroskoplar obyekt tasvirini 10—40 martagacha kattalashtirib bergan. odatda yorug‘lik mikroskoplari tasvirni 10—2000 martagacha kattalashtiradi. Mikroskopning muhim tomoni, kattalashtirish emas, balki uning ko‘rish kuchi yoki ko‘rish xususiyati hisoblanadi. Mikroskopning ko‘rish kuchi ikki nuqtani farq qilish uchun zarur bo‘lgan minimal masofasi bilan aniqlanadi. Bu nuqtalar bir-biriga juda yaqin bo‘lgan vaqtda ulardan chiqadigan yorug‘lik to‘lqinlari bir vaqtda qaytadi va odamning ko‘zi ikkita emas, balki bitta tasvirni ko‘radi. Bir xil kattalashtiradigan mikroskopning ko‘rish kuchi qancha katta bo‘lsa, o‘rganilayotgan obyektning mayda bo‘laklarini shuncha aniq o‘rganish mumkin. Moddalarning mikroskopiya nazariyasiga ko‘ra mikroskop ko‘rish kuchining chegarasi, yorug‘lik to‘lqin uzunligining yarmiga teng, ya’ni 200 — 300 mμ1. Shunday qilib, yorug‘lik to‘lqini uzunligining yarmidan kichik bo‘lgan obyektlarni oddiy yorug‘lik mikroskopida ko‘rib bo‘lmaydi. Yorug‘lik mikroskoplari obyektni 2000 martagacha kattalashtiradi xolos.
Elektron mikroskop. Hozirgi davrda ko‘rish qobiliyati eng yuqori hisoblangan asboblardan biri elektron mikroskopdir. Ular tasvirni 200 000 martagacha kattalashtirib beradi. Bunda o‘rganilayotgan obyektning tasviri yorug‘lik nurlarida emas, balki elektronlar oqimi yordamida hosil qilinadi. Elektron mikroskop yordamida hujayraning o‘ta nozik tuzilmalarini aniqlash imkoni mavjud. Uning yordamida ribosomalar, endoplazmatik to‘r, mikronaychalar kashf etilgan. Keyingi yillarda elektron mikroskopning takomillashtirilishi natijasida uch o‘lchamli tasvirlar, ya’ni strukturalarning fazoviy tasvirlarini olishga muvaffaq bo‘lindi. Hujayra tarkibidagi turli-tuman kimyoviy moddalarni aniqlash uchun sitokimyoviy (sitos-hujayra) usullaridan keng foydalaniladi. Buning uchun turli xil bo‘yoqlar ishlatiladi. Ular yordamida hujayra tarkibidagi oqsillar, nuklein kislotalar, yog‘lar, uglevodlarni aniqlash mumkin.
Tirik organizmlarning organ va to‘qimalarini maydalab (bir xil massa hosil bo‘lguncha), ulardan sentrifugalash usuli yordamida hujayraning organoidlarini ayrim-ayrim holda (yadro, xloroplast, mitoxondriya, ribosoma) ajratib olinadi va ularning xususiyatlari o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |