Standartlashtirishning asosiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda va amaldagi qonunlarning talablarining bajarilishini ta’minlash uchun tadbirkorlik sub’ektlari standartlashtirish bo‘limlarini (xizmatlarini) tashkil etadi. Bu bo‘limlar standartlashtirish bo‘yicha ishlarga tashkiliy-metodik va ilmiy-texnik rahbarlik qiladi, standartlashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik va boshqa ishlarni bajaradi, korxonaning boshqa bo‘limlari olib borayotgan standartlashtirish buyicha ishlarni bajarishda qatnashadi.
Standartlashtirish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirishda siyosatning birliligini va bir xil yondoshishni ta’minlash maqsadlarida O‘z RH 51-051-96 “Korxonalarda (tashkilotlarda) standartlashtirish xizmatlari to‘g‘risida namunaviy nizom” tasdiqlangan. Bu Nizomda mulkdorlik shaklidan qat’iy nazar korxonalar va tashkilotlar standartlashtirish xizmatlarining umumiy nizomlari, asosiy vazifalari va huquqlari o‘rnatilgan.
Standartlashtirish xizmatlari tadbirkorlik sub’ektlari (bo‘limlar, shu’balar, guruhlar) ning bo‘limlaridan iborat bo‘ladi. Kichik korxonalarda muhandis-texnik xodimlar sonining kamligi sababli mahsus bo‘lim tuzishga imkon bo‘lmaganda, standartlashtirish bo‘yicha ishlarga mas’ullik muhandis-texnik xodimlarning biriga yuklatiladi.
Standartlashtirish xizmatlariga quyidagi vazifalar yuklatiladi;
– korxonaning me’yoriy hujjatlar tizimini tuzish buyicha ishlar majmuini bajarish;
– standartlashtirishning istiqbolli va yillik rejalari (dasturlari) ga oid takliflarni, zarur bo‘lganda, boshqa bo‘limlar bilan birgalikda ishlab chiqish;
– ilmiy-texnikaviy dasturlarga mahsulotning texnik darajasi va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish istiqbollarini aniqlash qismida qatnashish va takliflar tayyorlash, shuningdek mahsulotga istiqbolli talablarni belgilovchi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashish;
– me’yoriy hujjatlarning loyihalari bo‘yicha fikr-mulohazalarni tayyorlashni tashkillashtirish;
– korxonaning iqtisod xizmati bilan birgalikda standartlashtirishning texnik-iqtisodiy samarasini aniqlash;
– davlat nazorat idoralari tomonidan o‘tkazilayotgan me’yoriy hujjatlarga rioya qilinayotganligini tekshirishlarda qatnashish;
– ilmiy-texnikaviy, tajriba-konstruktorlik ishlarida va mahsulotni ishlab chiqarishga qo‘yish jarayonida xavfsizlik, boyliklarni tejash, atrof muhitni muhofazalash, o‘zaro almashinuvchanlik va mos keluvchanlik talablarini hisobga olgan holda jahon bozorida raqobatbardosh mahsulot chiqarishni ta’minlovchi ko‘rsatkichlarning o‘rnatilishini ta’minlash;
– MH ni joriy etish va rioya qilishni tashkiliy-metodik jihatdan ta’minlash;
– xalqaro, davlatlararo, hududiy standartlashtirish, standartlashtirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek xalqaro standartlarni va chet mamlakatlarning milliy (firmalarning) standartlarini qo‘llanish bo‘yicha ishlarni bajarish. Bundan tashqari, standartlashtirish xizmatlariga majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan, chiqarilayotgan mahsulotning sertifikatlashtirilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
Korxonalarda standartlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar asosiy ishlar turiga kiradi.
Jahon amaliyoti korxonalarda mavjud bo‘lgan o‘qitilgan va tajribali mutaxassislar bilan jamlangan standartlashtirish xizmatlarining iqtisodiy maqsadga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |