Ta`sis hujjatlari.
Ta`sis hujjatlarini tayyorlash korxonani tashkil etish va keyingi faoliyat yuritish jarayonidagi muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ta`sis hujjatlari faoliyat yurituvchi korxonalarning huquq va majburiyatlarini hamda sharoitlarini ifodalaydi.
Korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarida ikki xil ta`sis hujjatlari belgilab berilgan:
korxona Nizomi;
Ta`sis shartnomasi.
Amaliyotda korxona faqat Nizom yoki faqat ta`sis shartnomasi asosida, shuningdek, bir vaqtning o`zida Nizom va ta`sis shartnomasiga asosan faoliyat yuritish hollari mavjud.
Shuni qayd qilib o`tish kerakki, korxonaning (huquqiy shaxsning) ta`sis shartnomasi kelishuv asosida tuziladi, Nizom esa ta`sischi (ta`sischilar) tomonidan tasdiqlanadi. Bitta ta`sischi tomonidan tuzilgan huquqiy shaxs shu ta`sischi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat yuritadi.
Korxona Nizomi asosiy ta`sis hujjati bo`lib, unda korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli, nomi va manzilgohi, Nizom jamg’armasining miqdori, daromadlarining tarkibi va taqsimlanish tartibi hamda korxona fondlarini tashkil qilish tartibi, korxonani tugatish va qayta tashkil qilish tartibi ko`rsatilishi shart. Boshqacha qilib aytganda, korxona Nizomi uning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.
Ni zomda shuningdek, korxona faoliyat ko`rsatuvchi soha va tarmoq, atrof-muhit va odamlar sog’lig’ini muhofaza qilish kafolati, boshqaruv shakli, hisobga olish va hisobot tizimi ham aks ettirilishi lozim.
Korxona to`g’ri va to`liq tayyorlangan Nizom asosida mahalliy hokimiyat idoralarida ro`yxatga olinadi, keyin esa o`z muhriga ega bo`lish va bankda hisob raqami ochish huquqini qo`lga kiritadi. O`z muhri va hisob raqamiga ega bo`lmagan korxona, huquqiy shaxs hisoblanmaydi va mustaqil korxonalar qatoriga kiritilmaydi.
Ta`sis shartnomasi korxonaning tashkil qilinishi va yakka tarzda yoki hamkorlikdagi faoliyatning boshlanishini tavsiflovchi hujjatdir. U shuningdek, tashkil etilayotgan korxonaning Nizomini to`ldiruvchi hujjat qilib hisoblanadi. Ta`sis shartnomasida korxonani tashkil qilish tartibi, daromad va xarajatlarni qatnashchilar o`rtasida taqsimlash shartlari, ishtirokchilarni (ta`sischilar) korxona tarkibidan chiqish faoliyat tartibi belgilab qo`yiladi.
Ta`sis shartnomasi asosida ko`pincha kichik korxonalar, xo`jalik o`rtoqliklari va shu kabi sub`yektlar faoliyat yuritadi. Masalan, o`rtoqlik yoki korxonaning ta`sis shartnomasida boshqaruv faqat barcha ishtirokchilarning roziligi bilangina emas, balki qaror ko`pchilik ovoz bilan qabul qilinishi mumkinligi ham belgilab qo`yilishi mumkin. Biroq ta`sis shartnomasida ishtirokchilar ovozini aniqlashning boshqa tartibi ham ko`rsatib o`tilishi mumkin. To`liq o`rtoqchilik korxonalarining daromad va xarajatlari agar shartnomada boshqa tartib ko`rsatilmagan bo`lsa, ishtirokchilar o`rtasida ularning umumiy kapitaldagi ulushiga mos ravishda taqsimlanadi.
Korxona mulkini shakllantirish va undan foydalanish Nizom va Ta`sis shartnomasining
muhim qismi hisoblanadi. “Korxonalar to`g’risida” gi qonunga asosan quyidagilar korxona mulkini shakllantirishning manbalari hisoblanadi:
ta`sischilarning pul va moddiy ko`rinishdagi badallari;
mahsulot (ish, xizmat) sotishdan va boshqa turdagi faoliyatdan olingan daromadlar;
qimmatbaho qog’ozlardan olingan daromadlar;
banklar va boshqa kreditorlardan olingan kreditlar;
byudjetdan olinuvchi mablag’lar (dotatsiya), kapital qo`yilmalar;
korxona, tashkilot va fuqarolarning beg’araz va xayriya badallari, shuningdek, almashish, meros va sovg’a tariqasida olinuvchi mulk;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Davlat korxonalarning mulkiy huquqlarini kafolatlaydi. Davlatning korxonalar mulkini (asosiy fondlar, aylanma mablag’lar va hokazo) tortib olishiga yo`l qo`yilmaydi, qonunchilikda ko`zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Do'stlaringiz bilan baham: |