Ushbu omilning ta’sirini batafsil o‘rgangan olimlardan biri N. Pezeshkian (1993) bo‘lib, u bunday ta’sirchanlikning 3 jihatini alohida ajratadi:
turli stresslarga nisbatan munosabat;
hissiyotlarga beriluvchanlik va uning oqibatlari
ijtimoiy xattiharakat me’yorlari;
oilaviy munosabatlar.
Pezeshkian ota-ona oilasida ko‘rgan-kechirganlari ta’sirida turlicha stresslarga hozirjavoblikning to‘rt xil tipik usullarini, yo‘llarini ajratadi: Avvalo, bu – tana reaksiyalari yoki vujud bilan javob berish bo‘lib, u turli psixosomatik kasalliklar yoki holatlarga nisbatan inson vujudining javobi (masalan, uyqu, kayf bo‘lish, ochlik yoki to‘qlik kabi) sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda masalan, ota-ona oilasida urf bo‘lgan xazilxuzul, aytishuvlar orqali u yoki bu zarar yetkazuvchi tangliklarning oldini olish tajribasi nazarda tutiladi.
Faoliyat ham stressning oldini olish vositasi sifatida muallif tomonidan ikki yo‘nalishda bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi. Masalan, birinchisi – ishga mukkadan ketish orqali stressni yechish bo‘lsa, ikkinchisi – u yoki bu sohadagi yutuqlar va qo‘lga kiritilgan natijalar orqali o‘zini-o‘zi tinchlantirish, tangliklardan “qochish”ni anglatadi.
Muloqot yoki bevosita muomala shaklida odam ko‘proq turli suhbatdoshlarni topib, ular bilan kirishib ketish orqali yoki aksincha, o‘zini yolg‘izlikka mahkum etish orqali stressni yengillatish usuli bo‘lsa, oxirgi yo‘l – xayolga berilish, ya’ni, real harakatlarni ramziy taassurotdagi obrazlar bilan almashtirish hisobiga tangliklardan uzoqlashishdir.
Hissiyotlarga berilish hamda uni ijtimoiy xatti-harakat normalariga muvofiqlashtirish – bu ko‘rgan-kechirgan hissiyotlar va xulq namunalari to‘g‘risidagi tasavvurlar.
Pezeshkian bevosita hissiy-emotsional normalarga sevgi-muhabbatni, ishonch, umid, sabr-qanoat, o‘zgalarga e’tiborli bo‘lish, o‘zgalar bilan yaqin samimiy munosabatlarga kirisha olish, e’tiqodlilik, diniy hissiyotlarni kiritadi. Bunday hissiyotlar odatda ota-onasi, yaqinlari, aka, opalar, uka-singillar bilan o‘zini identifikatsiya qilish, o‘zini ular bilan solishtirish, o‘xshashlikka intilish jarayonida shakllanadi. Aynan shu sababli inson kimgadir ishonishga, samimiy muruvvat ko‘rsatishga o‘rganadi. Oila muhitida boshdan kechirgan hissiyotlar oqibati bo‘lmish xatti-harakatlar normalariga esa bir so‘zlilik, saranjomsarishtalik, ozodalik, samimiyat, adolatlilik, intiluvchanlik, tejamkorlik, sadoqat, ishonch, xalollik kabilar kiradi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
Aleshina Y.YE. Individualnoye i semeynoye psixologicheskoye konsultirovaniye. – M.: Klass, 2004.
Jalilova S.X., G‘ayibova N.A. Umumiy psixodiagnostika. T.:-2017.
G‘ayibova N.A. “O‘smir sibling maqomining tengqurlari bilan bo‘ladigan shaxslararo munosabatlarga ta’siri”. Monografiya T.: -2016.
G‘ayibova N.A. Oilada farzandlar o‘zaro munosabatlarini o‘rganish. Metodik qo‘llanma. T.: 2014.-68 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |