"Karmen " operasi. "Karmen " operasi Bizening eng mashhur asari, ijodining yakuni va eng yuqori cho’qqisidir. Bu opera realistik asar bo’lib unda oddiy xalq hayoti va fojiali muhabbat qissasi tasvirlangan. Bu opera frantsuz yozuvchisi Prosper Merimening "Karmen" nomli novellasi asosida yozilgan. Opera teksti - librettoni A. Melyak va L. Galevi yaratganlar. Operaning asosiy xususiyatlaridan biri shuki, musiqa ispan xalq musiqasi ruhida yozilgan. Voqea bo’lib o’tgan joy Ispaniya bo’lib, operada ispan xalqining hayoti tasvirlangan. Shuning uchun Bize fikricha musiqada Ispaniya ruhi sezilib turishi kerak edi. Buning uchun kompozitor ispan xalq musiqasini sinchiklab o’rgangan va bu musiqani ongiga singdirgan. Ispan musiqasiga xos xususiyatlarni chuqur o’zlashtirgani uchun bu vazifani muvaffaqiyatli bajardi. Operada faqat uchta ispan xalq kuylaridan foydalangan, ammo ular ham ijodiy qayta ishlangan. Opera musiqasi nihoyatda ajoyib. Kuylash san’ati birinchi o’rinda. Bize vokal uslubining (ham ariozo, ham rechitativ)katta ustasi ekanligini namoish qildi. Orkestrning ijrosi ham muhim ahamiyatga ega. Go’zal tabiat manzaralarini, ispan xalqining hayoti va ruhini ifodalovchi ajoyib uvertyura va har bir parda oldidan ijro etiladigan antraktlar hammaga mashhur orkestr nomerlaridir. Bize opera bosh qahramonlarining musiqiy xarakteristikasini hammaga taniqli yakka nomerlar orqali mahorat bilan yaratgan. Erksevar, xushchaqchaq, serg’ayrat Karmen obrazi u kuylaydigan "Xabanera" va "Segedilya" nomli qo’shiqlarda ochib berilgan. Xalqning sevimli farzandi botir toreador Eskamilo mashhur nomer "Toreador kupletlari" bilan xarakterlanadi. Juda sodda, sofdil, Karmenni chin dildan sevgan soldat Xozening ichki dunyosi qo’shiq va ariozoda ochib berilgan.
Operada bitta leytmotiv bor. Bu fojiali muhabbat leytmotividir. U opera davomida tez-tez takrorlanib turadi va Xoze bilan Karmen o’rtasidagi muhabbatning muqarrar fojiali tugashini bildiradi. XIX asr opera teatri tarixida "Karmen" operasi eng muhim o’rinlardan birini egallaydi. Buyuk rus kompozitori P. I. Chaykovskiy o’z do’stlaridan biriga yozgan xatida bu opera haqida shunday deb yozadi: "Kecha kechqurun Bizening "Karmen" operasini boshidan oxirigacha chalib chiqdim. Bu tom ma’noda shoh asardir. Unda butun bir davrning musiqiy intilishlari katta kuch bilan ko’rsatib berilgan. Men aminmanki, bir necha yildan so’ng "Karmen" butun jahonga mashhur operaga aylanadi". Bu bashorat juda to’g’ri bo’lib chiqdi.