"Rigoletto" operasi mashhur frantsuz yozuvchisi Viktor Gyugoning "Qirolning dilxushi" nomli dramasi asosida yozilgan. Bu asarda yozuvchi o’tmishdagi frantsuz qiroli Francisk I ning yaramas ahloqi va be’mani turmush tarzini qattiq tanqid qilgan. Qirolning ahloqsizligi natijasida juda ko’p kishilar baxtsiz bo’lib fojiaga uchraydi. Bu asar cenzura tomondan taqiqlangan bo’lib opera yozayotgan Verdi ba’zi o’zgartirishlar qilishga majbur bo’ldi. Opera voqeasi Franciyadan Italiyaga ko’chirildi va bosh qahramonlar nomi o’zgartirildi. Ammo asarning g’oyaviy mazmuni saqlab qolindi. Opera teksti-librettoni taniqli shoir F. Piave yozdi.
Opera mazmuni quydagicha:
Bukri va badbashara masharaboz Rigoletto saroydagi bal paytida Gercog a’yonlari ustidan kuladi va ular masharabozdan o’ch olishga qaror qiladilar. Ziyofat qiziganda keksa graf Monterone keladi va qizini badnom qilgan Gercogni la’natlaydi. Rigoletto qariya ustidan kuladi va qariya masharabozni ham qattiq qarg’aydi. Shahar chetidagi uyda masharabozning go’zal qizi Djilda yashaydi. Kunlardan birida u Gercog bilan uchrashadi. Gercog o’zini kambag’al student deb tanishtiradi va qizga muhabbat izhor qiladi. Gercog a’yonlari bu qizni o’g’irlab saroyga olib keladilar. Rigoletto buni bilib saroyga keladi va qizini qaytarishni so’raydi. Djilda ichkaridan chiqib otasiga bo’lgan voqealarni gapirib beradi va Rigoletto Gercogdan o’ch olishga qasam ichadi. U qaroqchi Sparafuchilega pul berib Gercogni o’ldirishni so’raydi. Gercog Sprafuchile uyiga keladi va uning singlisi Maddelena Gercogni yoqtirib qoladi. Gercog ham Madalenaga muhabbat izhor qiladi. Buni Rigoletto va Djilda ko’rib turadi. Rigoletto qiziga ketishni byuradi va kelishilgan joyda uchrashishni aytib o’zi ham ketadi. Maddalena akasidan Gercogni o’ldirmaslikni so’raydi. Ancha baxslashgandan so’ng kim eshikni birinchi bo’lib qoqsa Gercog o’rniga o’sha o’ldirilishiga kelishib oladilar. Bu gaplarni eshitib turgan, Gercogni yaxshi ko’rgan Djilda uning uchun jonini berishga qaror qiladi va eshikni qoqadi. Qattiq shamol bo’lib turganda mudxish qotillik sodir bo’ladi. Rigoletto keladi va o’lik solingan qopni olib ketadi. O’ch olganidan xursand bo’lib turganda Gercog qo’shig’i eshitiladi. Baxtsiz ota qopni ochib o’z qizining o’ligini ko’radi va bexush yiqiladi.
"Rigoletto" operasi yorqin qarama-qarshiliklarga boy asar. Opera voqeasi juda tez rivojlanadi. Fojiali va quvnoq xarakterdagi sahnalar almashib turadi. Asar markazida masharaboz Rigolettoning fojiali obrazi turadi. U o’z fojiasining sababi qariyaning qarg’ishida deb biladi. Shuning uchun operada yagona "qarg’ish leytmotivi" bor. Orkestr ijro etadigan kirish qismi shu leytmotiv asosida tuzilgan. Keyinchalik bu leytmotiv opera davomida ko’p marta takrorlanadi. Hayajonli, his-tuyg’ularga to’la musiqa, bosh qahramonlar musiqiy xarakteristikasining haqqoniyligi va ishonarliligi bu operaning ajoyib xususiyatidir. Operada orkestrning roli salmoqli, vokal melodiyaning esa roli etakchidir. "Rigoletto" operasidagi barcha kuylar ommaviylashib ketgan. Gercogning "Go’zallar qalbi xiyonatga moyil" so’zlari bilan aytiladigan qo’shig’i premeradan oldin mashhur bo’lib ketmasligi uchun Verdi uni ijrochiga faqat oxirgi repetitsiyada bergan. Haqiqatdan ham boshqa kuylar qatori bu qo’shiq ham xalq qo’shig’iga aylanib qoldi.