РЭЙ БРЭДБЕРИДАН 7 ҲИКМАТ
● Китобни оловда ёқишдан ҳам ёмонроқ жиноятлар бор. Мисол учун уни ўқимаслик.
● Инсон 17 ёш бўлганида у ҳамма нарсани билади. Агар у 27 ёшга тўлсаю, ҳали ҳам ҳамма нарсани билса, демак у ҳали ҳам 17 ёшда.
● Кулиб юр. Кулфатнинг хурсанд бўлишига йўл қўйма.
● Кўзларингни каттароқ оч, ҳаётга шундай ташналик билан яшаки, гўёки 10 сониядан кейин ўлиб қоласан. Дунёни кўришга ҳаракат қил. У ҳар қандай фабрикада яратилган ёки пулга сотиб олинган орзудан ҳам гўзалроқ.
● Ким ҳайратланишдан тўхтаса, у севишдан тўхтаган бўлади, севишдан тўхтадингми, билгинки, сенинг ҳаётинг йўқ, кимнинг ҳаёти бўлмаса, уни тириклайин қабрга кирган деб ҳисоблайвер.
● Нима қилишинг аҳамиятсиз, бироқ нимага қўл урсанг ҳам у ўз шаклини ўзгартирсин, аввалгидан бошқачароқ кўриниш олсин, унда сенинг бир парчанг бўлса ҳам қолсин. Ана шу аҳамиятлидир. Уй олдидаги ўтни ўраётган одам билан ҳақиқий боғбон орасидаги фарқ ҳам айнан ана шундадир.
● Оламни сақлаб қоладиган бирор нарса ярат, йўлда чўкиб кетсанг ҳам, жиллақурса қирғоққа қараб сузганлигингни биласан
Мақола муаллифи:
Нуриддин Эгамов 1975 йилда Қарши туманидаги Қовчин қишлоғида туғилган. 1997 йилда Қарши Давлат университетининг ўзбек филологияси факультетини битирган. 1997 йилда Қашқадарё вилоят ҳокимлиги муассислигидаги “Қашқадарё” ва “Кашкадарья” газеталари таҳририятида мухбирликдан иш бошлаган. 2000-2015 йилларгача “Қашқадарё” газетаси масъул котиб лавозимида ишлаган бўлса, 2015 йил сентябрдан “Баркамол авлод” газетаси бош муҳаррири лавозимида ишлаб келмоқда.
Bir tasavvur qilib ko‘ring. Xonadoningizda bitta ham kitob yo‘q. Maktabda ham, kutubxonada ham, idorayu ofislarda ham, kompyuter saytlariyu do‘kon va bozordan ham bu zormandani izlab ham topolmaysiz. Kitob o‘qigan u yoqda tursin, saqlagan odamni beshafqat ta’qib kutadi…
Shunda nima bo‘ladi?
Yaqinda “Jahon adabiyoti” jurnalining eski sonlaridan birida Rey Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asarini takroran o‘qidim. Va… taassurotlarimni Sizga ham ilindim…
Mashhur amerika fantast yozuvchisi Rey Bredberi 1920 yilning 22 avgustida Uokigan (Illinoys shtati) shahrida dunyoga kelgan. Ilk hikoyasi 1941 yilda bosilgan adib 92 yil yashadi va ulkan adabiy meros qoldirdi. Uning kitoblari butun dunyodagi fantast adabiyoti ixlosmandlariga tanish va sevimli edi.
Ayniqsa, uning “Momaqaymoq sharobi”, “Mars xronikalari”, “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”, “Boqiy bahor kunlari kitoblari”, “Insoniyat xotirasi”, “Dengiz, sohil va daryo qushlari”, “Sovuq shamol, iliq shamol”, “Odamlarga yaxshilik qil” singari o‘nlab kitoblari barcha qit’alarda sevib o‘qiladi. Aqalli oliy ma’lumotga ham ega bo‘lmagaan Rey Bredberi adabiyotdagi xizmatlari va asarlari uchun ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan yozuvchi edi.
Bredberi o‘ta kuchli shaxs edi: keyingi yillarda u nogironlik kursisiga mixlanib qolgan, bitta qo‘li umuman ishlamasdi, ammo ko‘zlarida hayot porlar edi. U to‘qson yoshida, kasal holida ham dunyodagi voqea-hodisalardan xabardor bo‘lib turar va tinimsiz ishlar edi! Uni ilmiy fantastika dahosi, koinot asri shoiri deb hisoblashardi, ammo o‘zi bu ta’riflarni yoqtirmas va odamlar haqida yozyapman, deya ta’kidlardi.
Garchi yarim asr muqaddam plazmali televizorlar, bankomatlar va kuzatuv kameralari haqida o‘z asarlarida bashorat qilgan bo‘lsa-da, adibning uyidagi bor-yo‘q texnika televizor va oddiy telefondangina iborat edi. Rey Bredberi mashinalardan, kompyuterlardan va internetdan nafratlanishini yashirib o‘tirmagan: «Ular bizning yashashimizga xalaqit berishadi, ular bizning vaqtimizni olib qo‘yishadi.
“Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”ning bosh qahramoni Gay Monteg – oddiy o‘t o‘chiruvchi. Aslini olganda unga o‘t o‘chiruvchi degan emas, aksincha o‘t yoquvchi degan ta’rif to‘g‘ri keladi. Chunki uning vazifasi xavf-xatar signali olinganidan so‘ng darhol “samandar” mashinasida tegishli manzildagi uyga yetib borish, uyning eshik romlarini sindirib bo‘lsa-da ichkariga kirib,
“o‘z vazifasini bajarish”. Faqat rezina shlanglardan suv o‘rniga kerosin otiladi. O‘tsocharlar u va u yashayotgan jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan bir buyumga yo‘naltiriladi. “Bu yomon ish emas, – deydi uning o‘zi asar boshida bu xususda bamaylixotir. – Dushanba kuni Edna Milley kitoblarini yoqamiz, chorshanba kuni Uitmanni, juma kuni Folknerni kuydiramiz. “Yonib kul bo‘lguncha yondir, keyin kulini ham yoqib yubor”. Professional shiorlarimiz ana shunday”.
Ha, uning kundalik ishi – kitoblarni yoqish! Barcha hamkasblari singari u mana shunday hayot tarziga ko‘nikib ketgan. Xabar kelsa, boradi, yoqadi, qaytadi… To‘rt devor orasidagi “devor”lar
Monteg tunda navbatchilikni tugatib, atrofga tanasining ich-ichigacha singib ketgan kerosin hidini anqitib uyiga qaytadi. Uyida esa uning kelayotganini ham, ketayotganini ham sezmaydigan, mehmonxonasining uch devoriga ham ulkan plazmali televizor o‘rnatib olib, kunu tun ekrandagi dasturlar, allaqanday shoularu seriallarga sho‘ng‘ib ketgan, boqibeg‘am xotini Milli bor.
Bu xotin ekrandagi “qarindosh”lari hayotiga shu qadar kirib ketganki, hatto qancha uyqu dori ichganini, so‘ng o‘lar darajada hushidan ketganini, kechasi “Tez yordam”da kelgan sanitarlar qonini butunlay so‘rib olib, yangidan qon quyishganini… o‘n yil birga yashagan turmush o‘rtog‘i bilan birinchi marta qayerda uchrashganini ham eslay olmaydi. Butun fikri-xayoli eriga g‘ingshib, mehmonxonaning to‘rtinchi devoriga ham ulkan ekran o‘rnattirish tashvishi bilan band.
Atrofidagi ham o‘zi singari dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan, birovi farzandlarni ortiqcha tashvish deb hisoblaydigan (“Bizning davrimizda esli-hushli odam bolani nima qiladi?”), boshqasi esa oyida uch kungina uyida bo‘ladigan bolalarini mehmonxonaga “devor”larni tomosha qilishga haydaydigan (“Xuddi kir yuvgandek. Kirni mashinaga solasizu, shaq etib, qopqog‘ini yopasiz”) vaysaqi dugonalari bilan to‘rt devor orasida umrini o‘tkazib yuraveradi.
Men Bu Asarni Hamma Yoshlarga Tavsiya Etaman
Do'stlaringiz bilan baham: |