SHOU BIZNESDA MENEJMENT VA UNING FUNKSIYALARI
Reja:
Shou beznes va menejmentlik sohasini tartibga soluvchi tartib qoidalar;
Shou biznes hamda ommaviy axborot vositalari hamkorlik normalari;
Tabiiy Ijro Shou-Biznesga Qanot.
Shou beznes va menejmentlik sohasini tartibga soluvchi tartib qoidalar
Keyingi paytlarda – asosan san’at sohasidagi tadbirkorlikni anglatuvchi shou-biznes deganlari ham hayotimizga shiddat bilan kirib keldi.
Tadbirkorlikning asosiy maqsadi, tabiiyki, daromad, foyda olish, pul ishlab topish. Shou-biznes bilan shug‘ullanib foyda olishga ham endilikda tabiiy hol sifatida qaralmoqda.
Ta’kidlash kerakki, qaysi sohada bo‘lmasin tadbirkorlikning o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Masalan, chakana savdo korxonalariga kassa apparati orqali hisob-kitob qilish talabi qo‘yiladi, aholiga transport xizmatini ko‘rsatish uchun maxsus ruxsatnoma – litsenziyaga ega bo‘lish kerak va hokazo.
Ayni paytda shou-biznesni ham tartibga soluvchi muayyan me’yoriy hujjatlar amal qilmoqda. Xususan, Soliq kodeksining 63-bobida ushbu biznes vakillariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilab qo‘yilgan. Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida estrada san’atini rivojlantirishga qaratilgan «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi faoliyat yuritib kelmokda. Ushbu tashkilot o‘z vakolatlari doirasida mamlakatimizda shou-biznesni tartibga solish borasida ko‘pgina chora-tadbirlarni amalga oshirib kelayotganini ham e’tirof etish lozim.
Shu bilan birga, shou-biznes sohasida «ommaviy madaniyat» alomatlari mavjudligi va ular, nazarimizda, tobora kuchayib borayotganini, birinchidan, ushbu sohadagi muammolar yechimini topishda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik yanada faol qatnashishini, ikkinchidan, shou-biznes faoliyatini yuritish va bu yo‘nalishdagi biznes mahsulotlarini iste’molchilarga takdim etish qoidalarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Zero davlatimiz rahbarining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida milliy estrada san’ati haqida so‘z yuritilib, quyidagilar kuyunchaklik bilan ta’kidlanadi: «Ayniqsa, bizning milliy an’analarimizga, axloq-odob qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan kliplar, turli tillardagi so‘zlarni qorishtirib yoki talaffuzni ataylab buzib aytish kabi nomunosib harakatlarni ayrim yosh ijrochilar o‘zi uchun qandaydir yangicha uslub deb bilayotgani, menimcha, san’atni, uning mohiyati va ahamiyatini tushunmasliqdan boshqa narsa emas. Madaniy jamoatchiligimiz, avvalambor musiqashunos olimlar, ustoz san’atkorlar, kompozitorlar, yozuvchi va jurnalistlar, ko‘p sonli san’at ixlosmandlari bunday masalalar yuzasidan o‘z fikrini ochiq bildirib borishi, shu tariqa yoshlarimizga to‘g‘ri tarbiya berishimiz ham qarz, ham farz, deb o‘ylayman».
Nazarimizda, shou-biznes bilan shug‘ullanish tartib-qoidalarini belgilash ishlari ushbu biznesning hayotdagi rivojidan orqada qolmoqda. Oqibat natijada bu soha betartib, stixiyali rivojlanmoqda deyishga jazm etamiz.
Shou so‘zi inglizcha to show – «ko‘rsatmoq», «namoyish etmoq» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, bunda eng avvalo tomosha ko‘rsatish nazarda tutiladi. Odatda shou-biznes deganda ko‘ngil ochar (xordiq chiqarar), tomosha tadbirlarini tashkil etish va yoki ularda ijrochi sifatida ishtirok etish orqali daromad olishga qaratilgan faoliyat tushuniladi.
Tabiiyki, shou-biznes san’at sohasi bilan bevosita bog‘liq. Binobarin, shou-biznesni san’at sohasida faoliyat yuritib daromad topish deyish xato bo‘lmasa kerak. San’at turlari ko‘p bo‘lgani sababli shou-biznesning ham turlari, yo‘nalishlari turfa xil. Ammo bunda, shubhasiz ko‘shiqchilik sanati, kengroq ma’noda musiqa san’ati asosiy o‘rin tutadi. Shuning uchun maqolada shou-biznes haqida so‘z borganda eng avvalo qo‘shiqchilik nazarda tutilmoqda. Zero, Prezidentimizning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ta’kidlanganidek «Eng muhimi, bugungi kunda musiqa san’ati navqiron avlodimizning yuksak ma’naviyat ruhida kamol topishida boshqa san’at turlariga qaraganda qo‘proq va kuchliroq ta’sir ko‘rsatmoqda».
Do'stlaringiz bilan baham: |