Kimyo
Ilm-fan, texnika va sanoat jadal rivojlanayotgan, ekologik holat keskinlashib borayotgan ayni davrda maktablarda kimyo fanini mazmun jihatdan yangicha o‘qitish, zamon talabidir.
Kimyo fanining ahamiyati uning fan, texnika taraqqiyotida, ishlab chiqarish sohalari va kundalik hayotda tutgan o‘rni bilan belgilanadi. Xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlarimiz esa yurtimizda bu fanni o‘qitishga e’tibor yuqoriligidan dalolat. Jumladan, yaqinda poytaxtimizda kimyo fanidan o‘tgan 47-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 2ta oltin, 5ta kumush, 8ta bronza medali bilan taqdirlangani bilan faxrlansak arziydi.
Ammo har bir sohada bo‘lgani kabi bu borada ham yechimini kutayotgan muammolar yo‘q emas. Misol uchun, 2012—2013-o‘quv yilida o‘tkazilgan monitoring natijalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, kimyo fanidan o‘quvchilarning 58,4 foizi molyar massa, molyar hajm, modda miqdori, nisbiy molekulyar massa, absolyut massa va Avogadro doimiysi, tarkibning doimiylik qonuni, 74,6 foizi oddiy va murakkab moddalarning valentliklari va oksidlanish darajalari, 80,5 foizi esa elementlarning elektron formulasiga oid topshiriqlarni bajarishda va masalalar yechishda qiynalganlar.
“Virtual laboratoriyadan qaysi sinfda va qaysi mavzularda foydalanasiz?” degan so‘rovnomaga olingan javoblardan ko‘pchilik o‘qituvchilar virtual laboratoriya va elektron darslik farqini yaxshi ajrata olmasligi aniqlandi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida:
ishtirokchilar bilan o‘zaro ijodiy fikrlashgan holda yuqoridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun shu mavzularga oid masalalar yechishga e’tiborni kuchaytirish;
o‘tiladigan har bir mavzuni laboratoriya tajribalari asosida ko‘rgazmali o‘tish hamda jihozlanmagan yoki imkoni bo‘lmagan laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borishda virtual laboratoriya shaklidan foydalanish;
yangi darslik hamda metodik qo‘llanmalar xususida fikrlashish;
elektron darsliklar, fan xonalarining o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanishi va ulardan foydalanib amaliy hamda laboratoriya ishlarini o‘tkazish, o‘quvchilarda tejamkorlikni tarbiyalash, o‘tkazilayotgan tajribalarning xavfsizligini ta’minlash, kimyoviy moddalardan unumli foydalanish (mikro usul) to‘g‘risida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, belgilangan muddatlarda o‘rnini qayta to‘ldirish uchun buyurtmalar berish bo‘yicha yo‘riqnomalar tuzish;
pedagogik texnologiyalar, kimyoviy modellar va plakatlar to‘plamlaridan foydalanib dars o‘tish usullari va ularning malakali o‘qituvchilar tomonidan ko‘rsatib berilishi;
kimyo fanini o‘qitishda yangiliklar va ijobiy natijalarga erishgan tajribali o‘qituvchilar bilan davra suhbatlari tashkil etish hamda ularning ta’lim-tarbiya berishning yangi, samarali, interfaol usullaridan foydalanishdagi tajribalarini o‘rganish va ommalashtirish maqsadga muvofiqdir.
2013—2014-o‘quv yilida mualliflar I.Asqarov, N.To‘xtaboyev, K.G‘opirov hammuallifligidagi amaliyotchi-o‘qituvchilar, fan mutaxassislari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar asosida qayta nashr qilingan 7-sinf darsligidan, 8–9-sinflar amaldagi «Kimyo» darsligi va metodik qo‘llanmasidan foydalanadilar. Shuningdek, «Mo‘jizalar olamiga sayohat» (B.Akbarov), «Qiziqarli kimyo», «Kimyodan masala va mashqlar yechish» kabi qo‘llanmalardan, fanga oid internet ma’lumotlaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Umumta’lim maktablarida kimyo fani bo‘yicha chop etilayotgan jurnallar va ularda taqdim etilayotgan metodik materiallar haqida ham fikr almashishlari foydadan xoli emas.
Shuningdek, jurnal yuritish, o‘quvchilar tomonidan daftar tutishda quyidagilarga e’tibor berish lozim:
1) jurnalga mavzularni yozganda, iloji boricha, shu mavzuga tegishli laboratoriya ishining (taqvim-mavzuiy rejada belgilangan mavzular ichida o‘tkaziladigan laboratoriya ishlari) tartib raqami yoki nomi qayd etib qo‘yilishi maqsadga muvofiq;
2) umumta’lim maktablarida kimyo fani o‘quv dasturi asosida amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishlari va turli tajribalar o‘tkaziladi. Shunga asosan, o‘quvchi bir o‘quv yili davomida amaliy ish, oraliq nazorat ishi, kundalik ish daftarlari tutadi. Daftarda mavzular ichida o‘rganiladigan laboratoriya ishlari, ko‘rsatiladigan tajribalar yozilishi kerak (buning uchun alohida daftar tutilmaydi). Daftar faqatgina amaliy ishlar uchun tutiladi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida yana alohida e’tiborga olish kerakki, amaliyotchi o‘qituvchilarimizga metodik yordam sifatida Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu. uz elektron saytiga vazirlik qoshidagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi tomonidan 7-,8-,9-sinflar uchun laboratoriya ishi bajarilgan videolavhalar, animatsion tajribalar, mavzularga oid o‘zini-o‘zi tekshirish uchun testlar, boshqotirmalar, elektron resursdan foydalanish yo‘riqnomalari joylashtirilgan.
Respublika ta’lim markazi
Do'stlaringiz bilan baham: |