3. Ekologiyaga ta'siri
Keyingi masala – Xitoy kompaniyalari tomonidan atrof-muhitga nisbatan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, standartlarga amal qilmaslik. Bu muammo Xitoy shirkatlarining keyingi paytlarda texnologik rivojlanishi natijasida birmuncha kamaygan bo‘lsa-da, xavflar hamon mavjud. XXR shirkatlarining atrof-muhitga nisbatan bunday munosabatini yaxshi anglagan Italiya hukumati 2019 yil mart oyi so‘ngida BMBYga oid memorandumda tabiatga oid alohida modda kiritgani bejiz emas.
4. Raqamli texnologiyalar xavfi
«Bir makon, bir yo‘l» loyihasining diqqatga sazovor joyi shundaki, u nafaqat quruqlik va dengizda, balki dijital sohada ham markazi Xitoy bo‘lgan hamkorlikni taklif etadi. Xitoy bu sohada «Dijital ipak yo‘li» qurilishini barcha birgalikda amal oshirishiga chaqirmoqda. Bu sohada Xitoyning Huawei, ZTE, China Telecom, China Mobile shirkatlari allaqachon dunyoga tanilib ulgurgan.
Huawei shirkatining boshqa ko‘plab shirkatlardan ham o‘zib ketib, 5G mobil aloqa avlodini ishga tushirishga intilishi shu paytgacha raqamli gegemon bo‘lgan AQSh, Yevropa davlatlarini cho‘chitib yubordi. Huawei shirkati tomonidan rivojlangan dunyo mamlakatlariga taqdim etilayotgan raqamli texnologiya orqali ushbu shirkat Xitoy hukumatiga ma'lumot yetkazayotgani haqida tarqalgan xabar olovga kerosin quydi. Huawei shirkati boshlig‘ining qizi hozirda Kanada prokuraturasi tomonidan tergov qilinmoqda.
Shundan keyin nafaqat AQSh, G‘arbiy Yevropa davlatlari va Yaponiya Huawei texnologiyalari mamlakat ichkarisida qo‘llanilishiga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan cheklovlar joriy etishdi.
Xitoy shirkatlarining arzon va qulay shartlar asosida telekommunikatsiya texnologiyalari, fiber simlari va ularga oid xizmatlari ko‘rsatilishi dunyoning eng kambag‘al mamlakatlarida katta quvonch bilan kutib olindi. Bu yerlarda Xitoy shirkatlari katta infrastruktura loyihalarini amalga oshirib, aholi turmush darajasini oshirishda hissa qo‘shayotganini insof bilan qayd etish zarur.
Biroq muammo shundaki, rivojlangan g‘arb, Yaponiya va Koreya Respublikasi davlatlaridan farqli o‘laroq Xitoy siyosiy tuzilmasida shirkat va davlat o‘rtasida alohida uzviy aloqa mavjud bo‘lib, Xitoy kommunistik partiyasi shirkatlardan mutlaq sadoqatni talab qiladi.
Natijada dunyo bo‘ylab o‘z biznes faoliyatini yuritayotgan xitoylik tadbirkorlar Xitoy siyosatini qo‘llaydigan harakatlarni amalga oshirishga majbur. Agar bu masala raqamli sohada ham yuz beradigan bo‘lsa, unda dunyodagi millionlab, Xitoy raqamli texnologiyasidan foydalanuvchi aholi haqidagi ma'lumotlar Xitoy hukumati qo‘liga o‘tib ketishi va kommunistik partiya tomonidan nazorat qilinishi xavfi paydo bo‘ladi.
G‘arb, Yaponiya, Koreya shirkatlari esa xususiy hisoblanib, insonning shaxsiy ma'lumotlarini saqlash bo‘yicha qonunlar va ichki me'yorlarga amal qilishadi. Bu shirkatlar qonunni buzsa jamoatchilik bundan xabar topishi ehtimoli yuqori. Ammo Xitoy hukumati bilan hamkorlikda ishlaydigan kompaniyalarning ishlari qattiq yashiriladi.
Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi dunyo mamlakatlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilyapti. Biz ham bu loyiha tafsilotlarini bilishimiz, voqealar rivojini sinchkovlik bilan kuzatishimiz lozim, deb hisoblayman. Eng muhimi, biz uchun «Bir makon, bir yo‘l» qaysi o‘rinda foyda-yu, qaysi o‘rinda xavf – shularni bilib turishimiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |