2-§. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA TA’LIMIY BAYON VA UNI
O‘TKAZISH METODIKASI
Ona tili va adabiy o‘qish darslarida o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini
o‘stirish ustida muntazam ish olib borish juda muhim ishdir. Boshlang‘ich
sinflarda o‘tkaziladigan yozma ishlar sistemasida bayon juda katta ta’lim-
tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bayon
termini keng ma’noga ega bo‘lib, u bir
qancha yozma ishlarni, chunonchi, adabiy parchani aynan o‘zidek qilib so‘zlab
berishdan boshlab, bir necha asarning mazmunini mavzuga yaqin qilib so‘zlab
berishgacha bo‘lgan turli ishlarni o‘z ichiga oladi. Avvalo shuni aytish kerakki,
bayon ustida o‘quvchilar bilan sistemali ishlash o‘quvchilarning bilimini
kengaytiradi, savodini yaxshilaydi va nutq madaniyatini yuksaltiradi. Bayon
o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashini o‘stiradi va stilini rivojlantiradi.
Bayon o‘rta maktablarning boshlang‘ich sinflarida o‘tkazila boshlanadi va
yuqori sinflalda rivojlantirilib boriladi. Bu sinflarda o‘tkaziladigan bayon turli
xarakterda bo‘lib, o‘quvchilarning ongi, bilimi va malakasining o‘sa borishiga ko‘p
yordam beradi. Yuqori sinflarga chiqilgan sari bayonning shakl va maqsadlari
murakkablashib boradi. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun beriladigan
bayon matnlari badiiy asardan yoki ommabop maqolalardan olingan kichik-kichik
parchalar, ayrim epizodlardan iborat bo‘lib, o‘quvchidan bu matn asosida og‘zaki
hikoya qilish va matnni o‘ziga o‘xshatib yozma bayon etish talab qilinadi.
Bayon o‘quvchilar nutqini o‘stirishga qanday yordam beradi?
O‘quvchilar bayon ustida sistemali ishlash natijasida fikrni tartibli bayon qila
olishga, faktlarni izchillik bilan ifodalashga, ularning bir-biriga bog‘lanish
sabablarini aniqlay bilishga o‘rganadilar.
Bayon ustida ishlash o‘quvchilarning mantiqiy tushunchalarini o‘stiradi
hamda ularning o‘z nutqlarida obrazli ifoda va iboralardan foydalanishlariga
yordam beradi. O‘quvchilar matn mazmunini tahlil qilishni, voqealarning sababini,
vaqtini va xronologik izchillik bilan davom etishini o‘rganadilar, narsalarning
muhim va muhim bo‘lmagan tomonlarini farq qila oladigan bo‘ladilar.
30
Bayon matni ustida ishlash o‘quvchilarning o‘zbek tili lug‘at tarkibini, uning
leksika va frazeologiyasini yanada chuqur o‘rganishlariga yordam beradi.
Boshlang‘ich sinflarda sistemali ravishda bayon o‘tkazish natijasida
o‘quvchilar grammatik qoidalarni amaliy ishga tatbiq etishga odatlanadilar;
o‘quvchilar bayon yozishda gapdagi so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishini yaxshiroq
anglaydilar.
Bayon matnlari ustida ishlashda o‘quvchilarning imlo savodi oshib boradi.
Ona tilidagi so‘z va iboralarni o‘zlashtirish — grammatik va orfografik qoidalarni
sistemali ravishda xotirda saqlash va amalda tatbiq qilish vositalaridan biridir.
Bayon ustida ishlash o‘quvchilarning matn rejasi ustida olib boradigan mashq
va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. O‘qituvchining matn rejasini tuzish ustida olib
boradigan
mashg‘uloti umuman bayonga tayyorlovchi vositalardandir.
O‘quvchilarning bayon yozishga qadar reja tuzish ustida elementar malakaga ega
bo‘lishlari o‘qituvchi tomonidan taqdim qilingan bayon matnini muvaffaqiyatli
yozishlariga yordam beradi.
Bayon o‘quvchilarning ona tili va adabiyotdan olgan bilimlarini aniqlashda
ham eng yaxshi vositadir. Bayonda o‘quvchilarning savodxonlik darajasi,
orfografik, punktuatsion nuqsonlarigina emas, balki ularning badiiy matnni
tushunishi, ravon tilda ifodalay bilish qobiliyatlari ham aniqlanadi.
Istiqlol haqidagi bayon matnlari yoshlarimizda vatanparvarlik, mardlik kabi
fazilatlarni tarbiyalaydi.
Demak, bayon ustida muntazam ishlash katta ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga
ega. Ana shuning uchun maktablarimizning I-IV sinf ona tili va adabiyot
dasturida bayon ustida ishlashga alohida e’tibor beriladi. I-IV sinflarda ta’limiy
va tekshiruv bayonlar o‘tkaziladi.
O‘quvchilarni bayon yozishga tayyorlashdagi dastlabki
ishlar. O‘quvchilar
bayon ustida ishlayotganlarida ular oldida ikki vazifa — o‘qilgan parchani
o‘zlashtirish va o‘zlashtirilgan matnni yozma bayon eta bilish vazifasi turadi.
O‘quvchilarni bayonni yaxshi yozishga o‘rgatish uchun dars mashg‘ulotlarida
31
ularning so‘z zahirasini muntazam ravishda boyitib va mustahkamlab borish
kerak.
O‘quvchilarni yozma bayonga tayyorlash uchun bir qator maxsus ishlar
qilinadi. Bu ishlardan biri matn yuzasidan berilgan savollarga o‘quvchilarning
javobidir. Matn yuzasidan tuzilgan va o‘rtaga tashlangan savolga berilgan javoblar
bir-biriga uzviy bog‘lanishi va bu javoblardan butun bir hikoyaning mazmuni kelib
chiqishi kerak.
Savollarga oldin og‘zaki, so‘ngra yozma javob beriladi. Oxirida o‘qituvchi
savollarni sinf taxtasiga yozadi. O‘quvchilar o‘qituvchining savollariga javob
qaytarish bilan qanoatlanib qolmay, o‘qilgan matnga qarab savollarning qo‘yilish
tartibini, tartibini o‘zlari ham o‘rganishlari kerak.
Bayon matnini og‘zaki qayta bayon qilish.
O‘quvchilarni bayon yozishga tayyorlashning bundan keyingi bosqichi
matnni og‘zaki qayta hikoya qilishdir. O‘quvchilar og‘zaki hikoya qila bilsalar,
bayonni ham yaxshi yoza oladilar.
Matn avval o‘qilgach yoki eshitilgach, so‘ngra og‘zaki qayta hikoya qilinadi.
Matnni qayta hikoya qilishdan avval o‘quvchilar matnni o‘qiydilar, uning
mazmunini bilib oladilar, ayrim hollarda esa matnning rejasini ham tuzadilar.
O‘quvchilar shunday tayyorgarlikdan keyin matnni ikkinchi marta o‘qiydilar
va dastlab uning ayrim qismlarini, so‘ngra hammasini hikoya qiladilar.
O‘quvchilarning badiiy asarlardan ma’lum parchani o‘qib berishda o‘zini tuta
bilishi matnni og‘zaki qayta hikoya qilishni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun alohida
ahamiyatga egadir. O‘quvchi matnni qayta hikoya qilib berayotganida o‘qituvchi
uni o‘rinsiz savol va tanbehlar bilan shoshiltirib qo‘ymasligi kerak. Aks holda,
o‘quvchi o‘zining gapidan adashib qolishi mumkin.
Matnni og‘zaki qayta hikoya qilishga sinfdagi hamma o‘quvchilarni tortish
lozim, chunki bu vaqtda bir o‘quvchi hikoya qilsa, boshqalari tinglaydi va
ko‘pchilik bo‘lib hikoyani to‘ldiradi.
32
O‘quvchi hikoya qilayotganda so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz etsa yoki o‘zbek tili
grammatikasining qoidalarini buzsa, o‘qituvchi uning bu xatolarini darhol tuzatishi
kerak.
O‘qilgan matnni og‘zaki qayta hikoya qilish bilan birga, tinglangan matnni
ham qayta hikoya qilish kerak. Ishning bu turi o‘quvchilarni bayon yozishga
tayyorlash uchun muhimdir, chunki o‘quvchi matnni tushungandan so‘nggina
bayon yozadi.
O‘quvchilardagi eshitish, tinglash qobiliyatini tarbiyalash eng asosiy
vazifalardan biridir. SHuning uchun o‘quvchilarga tinglagan matnlarini tez-tez
qayta hikoya qildirib turish lozim. Tinglangan matnni og‘zaki hikoya qilishda
o‘qituvchining o‘qib yoki so‘zlab berishi katta ahamiyatga egadir.
O‘qituvchi matnni baland ovoz bilan sekin va ifodali qilib o‘qib berishi yoki
so‘zlab berishi kerak. O‘qituvchi matnni o‘qib yoki so‘zlab berishdan oldin
o‘quvchilarni faollashtirish maqsadida ularning ham matn mazmunini qayta hikoya
qilishlari kerakligini uqtirishi lozim.
Og‘zaki qayta hikoya qilishni o‘tkazishda o‘quvchining ishi asta-sekin
murakkablashib boradi. O‘quvchilar matnni qanday o‘zlashtirgan bo‘lsalar, dastlab
ana shunday so‘zlab beradilar, keyin bu matnni ma’lum darajada kengaytirib,
mustaqil ravishda hikoya qilishga o‘rganadilar.
O‘qituvchi o‘quvchilarning so‘zlash ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida,
matnni hikoya qildirish, shaklini o‘zgartirgan holda qayta hikoya qildirish,
chunonchi, o‘tgan zamon fe’lini hozirgi zamonga almashtirgan holda matnni qayta
hikoya qildirish usullaridan foydalanishi mumkin. SHunday qilib, matnni to‘la
holda qayta hikoya qilishdan qisqa qilib hikoya qilishga o‘tiladi. Sinfda tinglangan
matnni qayta hikoya qilishdan tashqari, vaqt-vaqti bilan sinfdan tashqarida
ko‘rilgan va tinglangan narsalarni (radio orqali eshitgan narsalari, ko‘rgan
kinofilmi va boshqalarni) hikoya qilib berishni ham uyushtirish lozim.
33
Bayon yozdirish metodikasi.
Bayon o‘tkazish tajribalari bu ishni avvalo ta’limiy bayondan boshlash
ma’qulligini ko‘rsatadi. Bayon yozishni, o‘quvchilarning bilimlariga qarab, asosan
uch bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqichda quyidagi ishlar qilinadi:
a) o‘qituvchi matnni o‘qib beradi, o‘quvchilar esa diqqat bilan tinglaydilar;
b) o‘qituvchi qiyin so‘z, so‘z birikma va iboralarni, frazeologik birikmalarni
doskaga yozadi, noaniq so‘zlarni tushuntiradi;
v) o‘qituvchi matnni ikkinchi marta o‘qib beradi;
g) o‘quvchilar matnni og‘zaki (oldin o‘qituvchining savollariga javob tarzida,
keyin savolsiz) so‘zlab beradilar;
d) jamoa bo‘lib bayonning rejasini tuzadilar;
e) o‘quvchilar matnni reja asosida yana bir marta hikoya qilib beradilar;
j) o‘qituvchi o‘quvchilarga uyda bayon yozib kelishni topshiradi yoki kelgusi
darsda bayon o‘tkazadi.
O‘quvchilarga so‘z va iboralarni, frazeologik birikmalarni tushuntirish ishlari
va o‘quvchilarning matnni bir necha marta og‘zaki qayta hikoya qilib berishlari
bayon yozishni o‘rgatishning ta’limiy usullaridandir. O‘quvchilar matnni og‘zaki
hikoya qilayotgan vaqtlarida o‘qituvchi matn mazmunining to‘g‘ri bayon
qilinishiga, shuningdek, o‘quvchilar nutqining ravon bo‘lishiga harakat qiladi.
Bayon yozishga o‘rgatish ishining ikkinchi bosqichi ancha murakkab bo‘lib,
unda quyidagi ishlar qilinadi:
a) o‘qituvchi matnni o‘qiydi, o‘quvchilar esa diqqat bilan tinglaydilar;
b) so‘z, ibora va frazeologik birikmalar tushuntiriladi;
v) o‘qituvchi matnni qayta o‘qiydi;
g) jamoa bo‘lib bayon rejasi tuziladi;
d) o‘quvchilar matnni qayta so‘zlab beradilar;
e) o‘quvchilar sinfda bayon yozadilar.
Mana shu ishlarning hammasini sinfda bir soatlik dars vaqtida bajara olish
uchun uncha katta bo‘lmagan bayon matnni tanlash zarur.
34
Bayon yozishga o‘rgatishning uchinchi bosqichida quyidagi ishlar qilinadi:
a) o‘qituvchi matnni o‘qiydi, o‘quvchilar diqqat bilan tinglaydilar;
b) matndagi so‘z, ibora va frazeologik birikmalar tushuntiriladi;
v) o‘quvchilar matnni qayta o‘qiydilar;
g) har bir o‘quvchi mustaqil ravishda bayonning rejasini tuzadi;
d) o‘quvchilar sinfda bayon yozadilar.
Demak, uchinchi bosqichda bayon rejasini o‘quvchilarning o‘zlari mustaqil
suratda tuzadilar va ta’limiy bayon tekshiruv bayonga yaqinlashtiriladi.
35
Do'stlaringiz bilan baham: |