Qurilish iqtisodiyotini islohotlashtirishning asosiy yo‘nalishlari
Ko‘rib chiqilgan masalalar qurilish iqtisodiyotini islohotlashtirish butun milliy iqtisodiyot nuqtai nazaridan qaragandan majburiy chora emas, balki ob’ektiv zarurat va hatto davr talabidir, degan xulosa chiqarishga imkon beradi. Iqtisodiyotning u yoki bu tarmog’i “oqsayotgan” bo‘lsa, xo‘jalikni boshqarishda bozorga xos bo‘lmagan usullarni qo‘llayotgan bo‘lsa, bunday iqtisodiyotni bozor iqtisodiyoti deb bo‘lmaydi. Iqtisodiyotni (tarmoq iqtisodiyotini ham, milliy iqtisodiyotni ham) faqat boshqaruvning barcha pog’onalarida, hamma joyda bozor mexanizmlari amal qilgan taqdirdagina bozor iqtisodiyoti deb atash mumkin. Bunga erishmaguncha bozor iqtisodiyoti haqida jiddiy gapirish mumkin emas.
Afsuski, bugungi kunda qurilish majmuasining ahvoli aytarlik yaxshi emas, bu tarmoq ilgari ham ob’ektlarning qurilishi haddan tashqari “o‘zoq vaqtga cho‘zilishi”, bitmagan qurilishlar soni ko‘payishi, kapital qo‘yilmalarning son-sanoqsiz ob’ektlarga taqsimlanib ketgani, yo‘qotishlar, ishlab chiqarishga bog’liq bo‘lmagan harajatlar va boshqalar tufayli har doim ham yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lavermas edi.
Bugungi kunda esa kapital qurilishni jonlantirish va uning samaradorligini oshirish uchun boshqacha chora-tadbirlar kerak bo‘lmoqda. SHu maqsadlarda «Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g’risida» O‘zbekiston respublikasi Prezidentining farmoni (06.05.2003 y., № Pf-3240) e’lon qilindi. Unda asosiy yo‘nalishlar sifatida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
1) pudratchi qurilish tashkilotlari va qurilish industriyasi korxonalarini xususiylashtirish va aksiyalashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, qurilish boshqaruv tuzilmalarini ixchamlash va monopoliyadan chiqarish;
2) xususiy qurilish firmalarini tashkil qilishni rag’batlantirish, qurilish sohasida o‘rta va kichik korxona va tashkilotlarni, bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
3) kapital qurilishda pudrat va loyiha ishlari bozorini shakllantirish, qurilish faoliyatida shartnoma munosabatlarining rolini kuchaytirish, barcha joylarda buyurtmalarni joylashtirishda tenderlarni joriy qilish, qurilishni asosan foydalanishga tayyor holda («qulf-kalit»gacha) topshirish shartlari asosida amalga oshirish;
4) investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslashlarni tayyorlash darajasini oshirish, ularni shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibini takomillashtirish, qurilishning me’yoriy-texnik bazasini yangilash;
5)tarmoqni boshqarishning barcha bo‘g’inlarida institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish, qurilish majmuasining boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, bir-ikki bo‘g’inli boshqaruv tizimlariga o‘tish;
6)qurilish pudrat tashkilotlarida brigada pudratini joriy qilish, to‘lovni ishlarning tugallangan bosqichlarida amalga oshirish asosida ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning me’yorlari va mexanizmlarini takomillashtirish;
7)qurilish-montaj ishlarining tannarzini kamaytirish, muddatlarini qisqartirish va sifatini oshirish.
Bu choralar qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning 2005 yilga mo‘ljallangan muayyan Dasturi bilan mustahkamlangan bo‘lib, shu maqsadlarda uni amalga oshirish yuzasidan maxsus hududiy va vertikal komissiyalar tashkil qilingan.
Quyida ko‘rsatilgan ob’ektlarning texnik-iqtisodiy asoslashlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi:
a)xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilingan holda hukumat kafolati asosida amalga oshirilayotgan ob’ektlar, loyihaning qiymatidan qat’i nazar;
b) respublika investitsiya dasturiga kiritilgan, har yili davlat byudjeti bilan birga tasdiqlanadigan ob’ektlar.
Investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslashlari va boshqa kerakli hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagunga qadar belgilangan tartibda tegishli ekspertizadan o‘tishi lozim. Investitsiya va qurilish loyihalarining tanlov asosida tanlab olinishi qurilish majmuasini tashkil qilish va uni boshqarishdagi eng muhim nuqtalardan biriga aylanib bormoqda.
U ayniqsa quyidagi hollarda keng qo‘llanilmoqda:
loyihalash, injenerlik-tadqiqot ishlari, konstruktorlik ishlari va hokazo;
ishlab chiqarish va noishlab chiqarish bino va inshootlarini, korxoalarni qurish va texnik qayta jihozlashda, shu jumladan “qulf-kalit” qilib topshirishda;
komplekt texnologik asbob-uskunalar va boshqa mehnat vositalarini etkazib berishda;
loyihani boshqarishda, maslahat xizmati ko‘rsatishda, nazoratda.
Tanlovlarning (tenderlarning) samarasini oshirish maqsadida va pudrat bozorida raqobatchilikni kuchaytirish maqsadida bu bozorda maxsus qoidalar va talablarga rioya qilingan holda xorijiy loyihalash va qurilish kompaniyalarining qatnashishi ko‘zda tutilmoqda. YA’ni qurilish majmuasi, butun iqtisodiyot kabi, avvalgi “yopiq” holatini yo‘qotib, mamlakatdagi qonunchilik doirasida xorijiy investorlar uchun ochiq bo‘lib bormoqda.
SHu munosabat bilan investitsiya loyihalarini ekspertiza qilishning va ekspertlarning malakasinin roli kuchayib bormoqda. Ekspertlar kerakli professional ma’lumotga, tajribaga va kasbiy intuitsiyaga ega bo‘lishlari lozim. Xorijiy amaliyotda ekspertlarning xulosasi, odatda, qayta ko‘rib chiqilmaydi va hatto muhokama qilinmaydi.
Bizning sharoitlarda ekspertlar sifatida boshqaruv organlarining mutaxassislari, olimlar, tadqiqot va loyihalash tashkilotlarining xodimlari, turli sohadagi rahbarlar qatnashishi mumkin. Ekspertlarning vazifasi tashabbus-mantiqiy tahlil qilish va loyihada amalga oshirilgan hisob-kitoblarni tekshirib ko‘rishdan iborat. Ekspertlarning xulosasi loyihaviy ishlanmalar uchun tenderda qatnashishga asos bo‘la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |