Seni dunyo tanimoqda , ona tilim
Ablayeva Nadira
Xorazm viloyati Urganch shahar ta’lim rus tilida olib boriladigan 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning oliy toifali davlat tili fani o’qituvchisi
Yo’ldosheva Iroda
Xorazm viloyati Urganch shahar ta’lim rus tilida olib boriladigan 15-sonli maktabning davlat tili fani o’qituvchisi
Ona tili. Onam kabi aziz va jonajon tilim. Ona tilim deya ulug’lanishingning sababini endi tushunib yetmoqdaman. Shu tilda ilk bora Vatan, mehr, baxt kabi tushunchalarning mazasini tuydim. Shu tilda ilk bora she’rlar yozdim. Sevimli kitoblarimga bo’lgan mehrim ham ona tilimning biyronligi, dilga yaqinligi sababli. Ona tilim bolaligimda onam aytgan allalar, buvim so’zlab bergan ertaklar bilan ong-u shuurimga, yuragimga kirib bordi. Ona tilim – millat ruhi, o’zbekning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarining namunasidir. U millatning birligi va birdamligi timsolidir. Ona tili millatni yagona xalq sifatida o’z atrofida birlashtirdi va dunyoda borligini ko’rsatdi. Uni ko’p bora dunyo sahnida yulib otmoqchi bo’ldilar. Unda so’z aytmoqchi bo’lganlarni “xalq dushmani” deb atadilar. Ammo yillar shamoli uning navqiron qaddini ega olmadi. Yomg’irdan keyin ko’ringan kamalak kabi u o’zini turfa xil ranglarda namoyon qildi. Navoiy asarlarida bo’y ko’rsatgan til qariyb 6 asrdirki, gurkirab o’smoqda. Butun dunyoda 250 dan ortiq til mavjud bo’lsa, o’zbek tili ana shu tillar orasida eng faol foydalaniladigan tillar 40 taligidan o’rin olgan. Bugun o’zbek tilini 30 millionga yaqin odam o’z ona tili deb bilsa, yana 10 millionga yaqin odam o’zbek tilida so’zlashadi. O’zbekistonda 22-25 million, Afg’onistonda 2,9-3,2 million, Tojikistonda 1,3-2 million Qirg’izistonda 1,2 million, Qozog’istonda 800 ming, Turkmanistonda 600 ming, boshqa davlatlarda 100-200 ming kishi o’zbek tilidan faol foydalanadi. Qozog’iston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya, Saudiyada, Pokiston, AQSh, Janubiy Koreyada ko’plab o’zbeklar yashaydi.
Bugun butun dunyo nigohi O’zbekistonga qaratilgan. Mamalakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo’layotgan ijtimoiy –siyosiy, iqtisodiy islohotlarga jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baho berilmoqda. Yurtimizda nafaqat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, balki, asosiy islohotlar ta’lim- tarbiya, ilm- fan sohalarida bo’layotgani mamlakatimiz tarixida uchinchi renessans davrini boshlab berganini ko’pchilik e’tirof etmoqda.
Yaqin kunlarda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yilligini nishonlaymiz. Bu sanadan e’tiboran mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochildi deya olamiz. Muhtaram Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasida oʻzbek tilida maʼruza qilishi shu tilida so'zlashuvchi har bir kishining ko'ngliga iftixor tuyg'usini bag'ishladi. Bu ma’ruza tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitildi. Turkiyaning “Jumhuriyat” gazetasida “BMTda ilk bor Navoiy tilida” deya davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tilida nutq soʻzlashi haqida olqishlangan maqola chop etildi. Bunday yuksak e’tirof O’zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi 31 yillik tantanasi arafasida tilimiz qadr-qimmatini yuksaklarga ko’tardi. Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoga mashxur san’atkorlar-u sozandalarning o’zbek tilida qo’shiqlar kuylayotgani tez-tez qulog’imizga chalina boshladi. Tilimizning nufuzini uning tarqalish doirasi, gapriuvchilar soni, fan yoki siyosatdagi o’rni belgilaydi. Ona tilimizning BMT singari eng nufuzli xalqaro tashkilotlar sahnida jaranglashi, xalqaro maydonlarda ” kurash”, “chala”, “ta’zim”,”halol” kabi o‘zbekcha atamalarning yangrayotgani, qardosh xalqimizning muhtaram prezidenti Erdog’on janoblari o’zbegimni madh qilib qasidalar o’qishi xalqimizga, tilimizga bo’layotgan hurmat-e’tiborning yuksalib borayotganligini isbotladi. Ona tilim. Sening borliging- toleyimiz, sening sofligingni asrash, kelajak avlodlarga bor go’zalliging bilan yetkazish oliy maqsadimizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |