bob
IKKI OLIM VA CHUMOLI
Jin bilan birgalikda yotog’ida pishillab uxlayotgan Kendinga nazar soldilar. Dono Kendin charchagan, qancha vaqtdirki, uxlamayotgan edi.
Haqiqatdan ham o’zi bu safar qancha davom etdi? - so’radi Jindan. U javob berdi:
Safar bu zamon o’lchovlari bilan ifodalab bo'lmas darajada uzoq davom etdi. Qarg’a 7 marta tug’ildi, ulg’aydi va o’ldi. Safarimiz davomida yolg’iz bir inson uchun hatto 40 toshbaqa umriga sig’maydigan darajada ko’p narsalarni o’rganding.
Shunga qaramay, sen bilgan barcha narsalar anjir urug’i ichiga joylashtirilgan to’g’nag’ichning uchidagi kichik zarraga teng. Sen oylab davom etganini gumon qilayotgan bu sayohat, shuningdek, qarg’aning yetti va toshbaqaning qirq avlodi bu dunyoga kelib ketishlari ko’z ochib yumguncha fursatda o’tdi-ketdi. Ya’ni, sen birozdan so’ng xuddi hech ham uyg’onmagandek to’xtagan joyingdan hayotingni davom ettirasan.
Kendin Jinning bu gaplaridan o’zini yo’qotib:
Nima, safarga chiqishdan avval vaqtni to’xtatib qo’yganmidik?
dedi Dono Kendin xonasining devorida osilib turgan buvisining qizlik paytidan qolgan soatiga qararkan.
Yo’q, albatta, yo’q... Bunga foniy bir mavjudot qodir emas. Ammo ba’zan inson ming umrga teng onlarni yashaydi. Bu shunchaki, shulardan biri edi, xolos.
Kendin uchun mavhum bo’lib qolgan narsalar ham yo’q emasdi:
Hisoblagich-chi? U ishlayotgandi-ku...
Albatta, ishlayotgandi. Sen anglashing kerak bo’lgan narsa, bir on ichida onlar yashading..., - dedi Jin. Shu on Jinning qiyofasida Suqrot namoyon bo’ldi, jamiyki faylasuflarni o’zida mujassam etdi.
Kapalakning umri qisqa deb o’ylaysanmi? Kapalakning umri toshbaqanikiga, chumolining umri esa mushuknikiga doim tengdir...
- ...
Toshbaqa uzoq umr ko’rarkan, kunlarning birida falak uni tutadi, toshbaqaga yana bir kapalak umri beriladi. Toshbaqa kapalaklik umri davomida koinotga qadam qo’yadi. O’z umri davomida o’rganganlarining minglab qatlarini bir kunlik umrida qaytadan kashf etadi. Chunki, u aslida toshbaqaning bilimlari ila uchayotgan kapalakdir. Sen bilan ham xuddi shunday...
Kendinning xayollari chuvalashib ketdi.
Qanday qilib?
Masalan, agar sen bugungi to’plagan tajribalaring bilan kapalakka aylanib qolsang, bolalik, yoshlik va qarilik davringni bir kunda yashagan bo’larding. Ya’ni, sen tamoman boshqa vaqt ko’lamida bo’lar, “Men kim yo nimaman?” deb o’ylab o’tirmasding. So’ngra kapalaklikni qabul qilib, bir kapalakday umr o’tkazarding. Butun umring bir kundangina iborat bo’lardi, ammo sen o’sha bir kunni ushbu tajribalaring yordamida har qanday kapalak kabi o’tkazmasding. Bizning o’lchovimizda bu umr qisqa bo'lib tuyulsa-da, sen uni haqqoniy yashab o’tarding. So’ngra qaytib insonga aylanganingda, boshingdan kechirgan voqealarni, u yerdagi quyosh, oilang va tatib ko’rgan yaprog’ingning ta’mini, yaproqqa tushgan yomg’ir tomchisi seni
qanday cho’chitib yuborganini, o’sha tomchini yillar davomida o’sha yerda kutganingni va u bilan ma’lum muddat hayot kechirganingni, bir hasharotning qo’lidan so’nggi lahzada qutulib qolganingni, hayot achchig’i-yu shirini bilan totli ekanini, qarilik davringni, qanotlaringni qoqishga-da qodir bo’lolmay, birdan yiqilib tushgan paytingni uzundan uzoq hikoya qilarding.
Kendinning miyasi yana alg’ov-dalg’ov bo'lib ketdi. So’radi:
Bu bilan barcha jonzotlar uchun umr bir xil demoqchimisan?
Albatta. Buni turli yoshdagi insonlardan so’rab bilsang ham bo'ladi. 15 yoshli yigitcha ham, 20 yoshli qiz ham, 40 yoshli ota ham, 70 yoshli buvi ham o’tgan hayotlarining bir lahzagina davom etganini, ko’z yumib ochgulik qisqa zamon yashaganlarini aytadilar. U holda “Barcha insonlar faqatgina bir lahza yashaydilar” desak, xato qilmagan bo’lamiz. Menga ishon, agar tilini anglaganimizda, sher ham, chumoli-yu, timsoh ham bu savolga ayni shu javobni bergan bo’lardi... Demak, umr degani shunchaki bir ondir.
Dono Kendin tushundi. Hatto qolgan umri ham shunchaki bir ondan iborat ekanligini tushundi... Birdan saroyda javobini ololmagan savoli esiga tushib qoldi:
Saroy... U saroy kimniki edi? Jin kulimsiradi:
U saroy seniki edi, do'stim. Kendin bu javobdan shoshib qoldi:
Menikimi? Unday bo’lsa u qayerda, u yerga yana qanday qaytsam bo’ladi?
Bu yerda... U saroy ayni mana shu yerda.
Kendin endi donishmand edi. Endi barchasini o’zi anglashi lozim. Uzundan uzun savol berish dono insonga yarashmasdi axir. Angladi. Biroz avval saroyda Jin bilan “Uyga qaytish payti bo’ldi” deb o’ylayotgan vaqtlarida saroy Kendinning yotoqxonasiga aylanib qolgan edi... Demak, bu yer haqiqatan ham o’sha saroy, istalgan narsani qo’lga kiritish mumkin bo’lgan yer edi bu. Miya deb atalmish bu kichik sandiqda yana yuz minglab shu kabi saroylar bor.
Dono Kendin bularni o’ylarkan, Jin issiqqina yotog’ida chuqur uyquda yotgan Kendinning qulog’iga yaqinlashdi. Dono Kendin Jinning nima qilishini kuzatib turdi.
Uyg’on Kendin, men Jinman. Qani, tila tilagingni. Uchta imkoning bor. Qani uyg’on va mendan nimani istasang, shuni so'ra, - dedi, ammo Kendin uyg’onmadi. Ortiga o’girilib Jinga uxlashni xohlayotganini aytdi. Jin Dono Kendinga qarab boshini silkitib qo’ydi. So’ng yana Kendinning qulog’iga egilib, davom etdi:
Uyg’on Kendin, men Jinman. Qani, tila tilagingni. Ikkita
imkoning bor. Qani uyg’on va mendan nimani istasang, shuni so’ra, - dedi. Kendin bu safar ham uxlashni xohlayotganini bildirib, ko’rpani boshigacha tortib yaxshiroq o’ranib oldi. Jin bilan Dono Kendinning ko’zlari to’qnashdi. Dono Kendin hamma narsani tushunib yetgandi. Kendin uyg’onishni xohlamayotgan ahmoq kabi uxlashda davom etarkan, Jin o’sha tanish zarbani tushirdi. Kendin Muhammad Alining mushtiga teng tarsaki yegach, to’shakdan o’q kabi otilib turdi. U nimalar bo’layotganini tushunishga ham ulgurmay, Jin Dono Kendinga o’girilib:
Ko’rmayapsanmi? Shapaloq yemay turib uyg’ona olmayapsan hatto, - dedi.
Dono Kendinning yuzi burishdi. Bu orada Kendin uyg’onib:
Nimalar bo’lyapti?, - deya so’radi. Jin javob berdi:
Hech narsa, xavotir olma! Shunchaki, seni Jin chaldi. Kendin dovdiragancha qaytib so’radi:
Qanaqa Jin?
Shu “Tila tilagingni” deydigan Jin bor-ku, o’sha Jin. Qani, tila tilagingni, ammo faqat birgina imkoning bor. Xohlayotgan narsang o’zing qiloladigan narsa bo’lsa, so’rab o’tirma, buni aslo bajarmayman. Uy, mashina, pul kabilar bo’lmasin..., - dedi ayyorona nigohlarini Kendinga qadab.
Nimaga ekan? Nima uchun har kimning uch imkoniyati bo’ladi- yu, menda bir dona?...
Shundan so’ng Jin va Kendin orasida Dono Kendinga yaxshi tanish bo’lgan o’sha suhbat bo’lib o’tdi.
Jin endigina uyqudan turgan Kendinni mahkam quchgancha, tez aylana boshladi. Ikki vujud bir tanga aylandi. G’oyib bo’lishlariga bir bahiya qolgan ham ediki, birdan to’xtadilar. Jin Donishmand Kendinning ko’zlariga boqib: “Yaxshi qol, xo’jayin”, - deya vidolashdi. Kendin Donishmand Kendinni ko’ra olmagani uchun hech narsaga tushunmadi... Jin bo’lib o’tganlarni anglashga urinayotgan Kendinni qattiq tutib, yana aylana boshladi. Bir necha soniyadan so’ng g’oyib bo’ldilar. Shu payt o’sha yerdan o’tib ketayotgan chumolining oldiga bir bo’lak pechenye tushdi, lekin, u buni na ko’rdi va na eshitdi.
Donishmand Kendin egilib, yerdagi chumolini kaftiga oldi:
Ko’rmading, to’g’rimi?, - dedi va kulimsiragan ko’yi tashqariga chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |