Takroriy saylov asosiy saylov o`tkazilganidan keyin qirq kun ichida o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a`zolarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o`tkaziladi:
A) Agar saylov haqiqiy emas deb topilgan bo`lsa;
B) Agar takroriy ovoz berish natijasida belgilangan miqdorda Senat a`zolari saylanmagan bo`lsa.
Ikkinchi holatda nazarda tutilgan vaziyatlarda takroriy saylov saylanmay qolgan miqdordagi Senat a`zoligi uchun o`tkaziladi. Senat a`zolarining takroriy saylovi Senatga o`tkazilgan asosiy saylovdan keyin ko`pi bilan o`n besh kunlik muddat ichida o`tkaziladi.
Saylanmay qolgan miqdordagi Senat a`zoligiga nomzodlar ko`rsatish va takroriy saylov o`tkazish qonunchilik bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga takroriy saylovlar quyidagi hollarda o`tkaziladi:
A) Basharti, saylov okrugi bo`yicha saylov o`tmagan yohud emas deb topilgan bo`lsa;
B) Agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo`lsa;
V) Agar saylov okrugi bo`yicha deputatlikka ko`pi bilan ikki nomzod ovozga qo`yilgan bo`lsa va ulardan birortasi ham saylanmagan bo`lsa.
Takroriy saylov tegishincha Markaziy, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining topshirig`iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o`tkaziladi. Bunda tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o`tkazilishi to`g`risidagi qaror qabul qilinishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylov o`tkazish uchun tuzilgan avvalgi saylov uchastkalarida va saylovchilar ro`yhatlari bo`yicha o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatligiga takroriy saylov kechi bilan bir oylik muddat ichida o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov deputatlikka nomzodlarga qo`yiladigan talablar haqida to`xtab, quyidagilarni ta`kidlaydi: ”Deputat bo`lishni istagan odam, avvalo, halol-pokligi, ma`naviy yetukligi, teran bilimi, qobiliyati, el-yurt manfaatini shaxsiy manfaatidan ustun qo`yish kabi xususiyatlari bilangina saylovchilarning ishonchiga sazovor bo`lishi mumkin”.
Siyosiy partiyalar faqat o`z partiyasi a`zolarigina emas, balki partiyasizlarni ham deputatlikka nomzod etib ko`rsatishlari mumkin. Quyidagilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro`yxatga olinmaydilar:
Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan fuqarolar.
Saylov tayinlangan kunga qadar besh yil mobaynida O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashamagan fuqarolar.
O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa harbiylashtirilgan bo`linmalarning xodimlari.
Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari.
Hukumat a`zolari, sudyalar, bosh prokuror va prokuratura organlarining mansabdor shaxslari, vazirliklar, idoralar rahbarlari va ularning o`rinbosarlari, hokimiyat ijroiya organlarining mansabdor shaxslari (viloyatlar, tumanlar va shaharlarning hokimlaridan tashqari) deputat etib saylangudek bo`lsalar, egallab turgan lavozimlaridan bo`shash to`g`risida ariza berganlari taqdirdagina Oliy Majlis deputatligiga nomzod etib ro`yxatga olinadilar.
Deputatlikka nomzodlarni ro`yxatga olish saylovga o`ttiz besh kun qolganda to`xtatiladi. Deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi ro`yxatga olganidan keyin besh kun ichida deputatlikka nomzod to`g`risidagi ma`lumot okrug saylov komissiyasi tomonidan mahalliy matbuotda e`lon qilinadi. Deputatlikka nomzodlar ko`rsatish, nomzodni keng muhokama qilish saylov oldi muhim bosqichi hisoblanadi. Deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olingan kundan boshlab saylov oldi tashviqotlar boshlanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod beshtagacha ishonchli vakilga ega bo`lishi mumkin. Mahalliy vakillik organlariga deputatlikka nomzodlar uchtagacha ishonchli vakilga ega bo`lishi mumkin. Ishonchli vakillar nomzod deputat etib saylanishi uchun tashviqot ishlari olib boradilar. Ishonchli vakillarni deputatlikka nomzodlarning o`zi tanlaydi va ularni ro`yxatga olish uchun tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim qiladi.
O`zbekiston Respublikasida hokimiyat vakillik organlariga saylovchilar ro`yxatini uchastka saylov komissiyalari tuzadilar va uni har bir uchastkada tegishli uchastka saylov komissiyasining raisi va kotibi imzolaydi.
Saylovchi faqat bitta saylovchilar ro`yxatiga kiritilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro`yxatlarini tuzish ishiga jamoatchilik vakillarini jalb qilish asosida ish olib boradilar.
Saylov kunigacha yoki saylov o`tkazilayotgan kunda 18 yoshga to`lgan barcha fuqarolar saylovchilar ro`yxatiga kiritiladi.
O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar, kasalxonalarda, invalidlar uylarida, dam olish uylarida va boshqa davolash muassasalarida tuzilgan saylov uchastkalari bo`yicha saylovchilarning ro`yxatlari mazkur muassasalar rahbarlarining taqdim etilgan ma`lumotlari asosida tuziladi.
Harbiy qismlarda saylovchilar ro`yxatlari harbiy qismlarning komandirlari taqdim etgan ma`lumotlar asosida tuziladi.
Saylovchilar ro`yxatida har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi tug`ilgan yili va turar joyi ko`rsatiladi. Saylovchilar ro`yxati saylovga 15 kun qolganda saylov uchastka hududida hamma tanishishi uchun taqdim qilinadi. Saylovchilar ro`yxatidan tushib qoldirilgan saylovchilar uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi yigirma to`rt soat ichida uni ko`rib chiqib saylovchilar ro`yxatiga kiritadi. Uchastka saylov komissiyalari ro`yxatlar bilan tanishiladigan joyni va vaqtni saylovchilarga xabar qiladi. Agar saylov komissiyasi noto`g`ri qaror qabul qilsa, bu holda saylovchi saylov komissiyasi qarori ustidan qonunda ko`rsatilgan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
Saylov byulletenlari saylovga kamida uch kun qolganda yetkazib beriladi. Saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyalariga qat`iy hisob bilan beriladi. Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan saylov okrugi aholisining ko`pchiligi muomala qiladigan tillarda nashr etiladi.
Saylov to`g`risidagi qonunlarga binoan saylov kuni ovoz berish ertalab soat 6.00 dan kechqurun 20.00 gacha o`tkaziladi. Ovoz berish odatda maxsus ajratilgan binoda o`tkaziladi. Shuning uchun ovoz beradigan joylarni jihozlab qo`yiladi, saylov byulletenlari beriladigan joy belgilanadi va saylov qutilari o`rnatiladi.
Saylov qutilari shunday o`rnatiladiki, ovoz beruvchilar uning oldiga borish uchun yashirin ovoz beradigan kabina yoki xonalar orqali o`tadilar. Ovoz berish kabinalari yoki xonalarining nechta bo`lishi saylov uchastkalaridagi saylovchilarning soniga qarab belgilanadi. Saylovchi ovoz berish binosiga kelgach, uchastka saylov komissiyasining a`zosiga o`z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko`rsatadi hamda saylovchilar ro`yxatiga imzo qo`yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi. Agarda saylovchi bir sababga ko`ra saylovchilar ro`yxatiga familiyasi kirmay qolgan bo`lsa uning shaxsi, fuqaroligi va turar joyini tasdiqlovchi hujjatga asosan saylovchilar ro`yxati ilovasiga kiritiladi. Ovoz berish vaqtida saylovchi qarshi ovoz berayotgan nomzodlarning saylov byulletenidagi familiyalarini o`chiradi.
Saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi a`zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo`lgandagina ochiladi. Uchastka saylov komissiyasi saylov kunidan oldin saylov kunini o`tkazish uchun tashkiliy vazifalarni ko`rib chiqadi va har bir saylov komissiyasi a`zosi qanday ishlarni bajarishi kerak, ariza va shikoyatlarni qabul qilish tartibi, tegishli ma`lumotlarni kim tayyorlaydi kabi vazifalar oldindan belgilab olinadi va javobgar a`zolar aniqlanadi. Uchastka saylov komissiyasining raisi soat 20.00-da ovoz berish tamom bo`lganligini e`lon qiladi. Ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining a`zolari ishtirokida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi, foydalanilmagan barcha saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va bekor qilinadi. Uchastka saylov komissiyasi shu uchastkada ovozga qo`yilgan barcha saylov uchastkasi bo`yicha saylov natijalarini alohida-alohida bayonomasiga yozadi. Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalari yuborgan saylov bayonotiga asosan okrug bo`yicha berilgan ovozlarni hisoblab chiqadi. Deputatlikka nomzod okrugdagi barcha saylovchilar ovozlarining yarmidan ko`prog`ini olgan taqdirdagina saylangan deb hisoblanadi.
Okrug saylov komissiyasi hokimiyat vakillik organi deputati qilib saylanganlik to`g`risidagi guvohnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonlar asosida va saylov to`g`risidagi qonunlar asosida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Respublika bo`yicha saylovchilarning umumiy sonini;
Saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini;
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini;
Har bir deputatlikka nomzodni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlarning sonini;
Deputatlikka nomzodlar ko`rsatilgan har bir siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlarning umumiy sonini;
Haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko`pining ovozini olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod saylangan deb hisoblanadi. Agar saylovchilarning ro`yxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami saylovda ishtirok etgan bo`lsa, saylov o`tmagan deb hisoblanadi.
Agar saylov okrugi bo`yicha ikkitadan ortiq nomzod ovozga qo`yilgan bo`lsa va ulardan birontasi ham ko`pchilik ovozni ololmasa, ya`ni deputat bo`lib saylanmay qolsa, okrug saylov komissiya eng ko`p ovoz olgan ikki nafar nomzodni okrugda takroriy ovozga qo`yishni o`tkazish to`g`risida qaror qabul qiladi. Bu qaror Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi. Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida ikki hafta ichida takroriy ovoz berish o`tkaziladi.
Saylov okrugi xalq deputatligiga ko`pi bilan ikkita nomzod ovozga qo`yilgan bo`lsa va ulardan birontasi ham belgilangan miqdorda ovoz ololmay saylanmagan bo`lsa yoki saylov okrugi bo`yicha ovoz berishga umumiy saylovchilarning yarmidan ozi qatnashganligi uchun shu okrugda saylov bo`lmagan deb hisoblansa yohud saylov haqiqiy emas deb topilsa, Markaziy saylov komissiyasi tegishli okrug saylov komissiyasiga shu okrugda takroriy saylov o`tkazishni topshiradi.
O`zbekiston Respublikasi hokimiyat vakillik organiga saylangan ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, saylovchilar tomonidan deputat chaqirib olinganda va boshqa sabablarga ko`ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin to`xtatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o`tkaziladi. Xalq deputati o`rni bo`shab qolganda uning o`rniga saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kunidan kamida bir oy oldin belgilanadi va saylov to`g`risida qonunlar talablari asosida saylov o`tkaziladi. Okrug saylov komissiyasi bo`shab qolgan deputatlar o`rniga saylov o`tkazishda okrug saylov komissiyalari saylov kuniga yigirma besh kun qolganida tuziladi. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolat muddati bir xil - besh yil bo`lganligi uchun deputatlik o`rni vakillik organining vakolat muddati tugashiga olti oydan kam vaqt qolganda bo`shab qolsa, yangi deputat saylovi o`tkazilmaydi. Okrug saylov komissiyalari saylov bo`lib o`tgandan keyin deputat bo`lib saylangan deputat to`g`risida Markaziy saylov komissiyasiga bayonot beradi. Markaziy saylov komissiyasi bayonotni olgandan keyin saylangan deputatlarni ro`yxatga oladi, bu haqda deputatni xabardor qiladi va Markaziy saylov komissiyasi o`n kun ichida saylangan deputatlar to`g`risida e`lon qiladi. O`zbekiston Respublikasi mustaqilligi davrida ikki marotaba vakillik organlariga saylovlar o`tkazildi, har qanday davlat o`z erkini, huquqini qo`lga kiritar ekan, unda davlat hokimiyatini amalga oshirilishi vaqt o`tgan sari rivojlanib takomillashib boradi hamda yangi islohotlarga talab va ehtiyojlar ortadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |